Fermerlar sovuq havo tufayli hosilning 80 foizini yo‘qotishi mumkin
O‘zbekistonda yanvar oyining oxiridan fevral oyining boshigacha kuzatilgan iliq ob-havoning keskin sovib ketishi fermerlar hosilining bir qismini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda «EastFruit» tahlilchilari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, havo iliq bo‘lgan paytlarda mamlakat bo‘ylab aksariyat mevali daraxtlar gullagan. Ammo havoning keskin o‘zgarishi va -12 darajagacha tushishi vaziyatni o‘zgartirib yuborgan. Markaziy Osiyoning deyarli barcha mintaqalarida kartoshka va piyoz kabi ekinlar ham tahlika ostida qolgan.
Ta’kidlanishicha, «EastFruit» tahlilchilari Farg‘ona vodiysi, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari fermerlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan. Jarayon davomida fermerlar keskin sovuq tushishi hosilning 30 foizidan 80 foizigacha yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini aytgan. Xususan, kelajakda bodom hosilining 55-60 foizi, allaqachon gullagan o‘rik navlarining 70-80 foizi, o‘rikning hali gullamagan boshqa navlarining 30-35 foizi, shuningdek, olxo‘rining 35-40 foizi xavf ostida.
Qayd etilishicha, yuqoridagi hududlar O‘zbekistonning 70 foizini hosil bilan ta’minlaydi.
O‘z navbatida fermerlar daraxtlarni keskin harorat o‘zgarishidan himoya qilishning eski an’anaviy usulidan foydalanish niyatida. Bunda go‘ng va pichan aralashmasi tayyorlanib, bog‘ bo‘ylab joylashtiriladi va yoqib yuboriladi. Natijada paydo bo‘lgan quyuq tutun bog‘ni o‘rab oladi va shu bilan daraxtlarni «noldan past» haroratdan himoya qilishga yordam beradi.