Fermerlarga soliqdan imtiyoz bor, lekin undan foydalanish uchun birorta ariza kelib tushmagan

2023 yil 1 apreldan boshlab 2024 yil 1 mayga qadar fermer xo‘jaliklarida ishlovchi xodimlar uchun to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi davlat byudjetidan ish beruvchilarga to‘liq qaytarib berilishi amaliyoti joriy etildi.

Ish beruvchi quyidagi amaliyotni bajarishi zarur:

Birinchidan, My3.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinetga elektron raqamli imzo (ERI) yordamida kirib, ketma-ketlikda «Xizmatlar» – “Elektron hujjatlar aylanishi” – “Paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari ishchilarining jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini qaytarish” bo‘limlari tanlanadi.

Shundan so‘ng ochilgan oynada ish beruvchi haqidagi ma’lumotlar (korxona nomi, STIR, manzili va faoliyat turi) avtomatik shakllanadi.

Keyin jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasini qaytarish so‘ralayotgan davr ko‘rsatiladi.

Masalan, iyun oyi uchun soliq hisoboti 2023 yil 15 iyulda topshirilgan. Bunda fermer xo‘jalik hisob raqamiga ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisobot oyidan keyingi oyning 25 sanasidan keyin to‘liq miqdorda qaytarish mumkin.

Tegishli sanalar kiritilgach, fermer xo‘jaliklar xodimlari ro‘yxati va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi avtomatik tarzda shakllanadi.

Ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligini, xususan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi, miqdori va yuridik shaxsning bank rekvizitlari - pul mablag‘lari qaytariladigan hisob raqami tekshiriladi.

Amaliyot yakunlangach, “Ariza shakllantirish” tugmasi bosiladi. So‘ngra ariza va uning ilovasi shakllanadi.

Kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligiga yana bir bor ishonch hosil qilingach, “Arizani yuborish” tugmasi bosiladi.

Ma’lumot uchun, ariza 5 ish kunida o‘rganib chiqiladi. Taqdim etilgan ariza barcha talablarga javob bersa, 1 ish kuni ichida shakllantiriladigan soliq organlarining tegishli xulosasi bilan birga Moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilikka yuboriladi.

Xodimlar uchun to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasini qaytarish tartibi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi o‘tgan yil yakuni bo‘yicha Soliq kodeksining 57-moddasi talablariga javob bergan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Qayd etish lozim, ushbu imtiyozdan foydalanish yuzasidan Samarqand viloyatida bugungi kunga qadar murojaatlar kelib tushmagan.

Viloyat soliq boshqarmasi ma’lumotlari asosida Yoqubjon Marqayev tayyorladi.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.