Feysbukdagi folbin, bizga nimalarni o‘rgatmoqda?
Eshitganimiz
«Falon joyda bir folchi chiqibdi. Hammasini to‘g‘ri aytar ekan. Pirinchixonning qizi ajrashganigacha aytib beribdi. Eshitib yoqamni ushladim”.
Ko‘rganimiz
Bozor darvozasi oldida o‘tirgan, oftob tig‘idan yuzlari qorayib ketgan ayol qarta chiylaydi. Oldiga ikkita yigit keladi.
- Baxtimdan ochvoring, xola.
Ayol qartalarni uch bo‘lakka bo‘lib, yana chiylaydida bir-biriga qo‘shib, so‘ng ikkiga ajratadi va bir qismini bitta-bitta ochib tashlay boshlaydi:
- Ko‘ngilingda bir qiz bor ekan. Ammo u qizning ko‘nglida bir siri bor. Aytaverayinmi?
- Aytavering, xola.
- Besh ming bo‘ladi.
Yigit cho‘ntagini kovlay boshlaydi. Ikkinchisi uni turtadi.
- Xola, aytib yuboring o‘sha sirini ham. Optim olasiz pulni.
Ayol yana bir qartani ochib tashlaydi.
- Yo‘lingda katta to‘siq bor. Bu baxtingga raxna solayapti...
Yigitni sherigi qo‘lidan tortadi:
- Ketdik. Hozir seni shilib oladi...
Bilganimiz
Muborak hadislarimizning birida Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar: "Kimki folbin huzuriga borib, undan biror narsa so‘rasa, qirq kungacha uning namozlari qabul qilinmaydi, qirq kungacha uning uchun tavba eshiklari yopiladi. Agar folbinning so‘ziga ishonsa, kofir bo‘ladi".
O‘yindagi o‘t
Tezkor axborot almashish zamonida yashayapmiz. Telefonimizga kunda, kunora yoki haftada bir bor bo‘lsa ham xabar keladi: “Munajjimlar bashorati. Falon raqamni pismadon raqamga SMS qilib yubor”. Bundanku bezor bo‘lganingiz sabab o‘chirib tashlay qolasiz. Internet tarmog‘iga kirsangiz-chi?.. (Aslida ham aytmoqchi bo‘lganimiz aynan shu internetdagi “folchilar” haqida) Kimningdir shu o‘yinga qiziqib, do‘stlarga havola qilgan suratiga ko‘zingiz tushadi va qiziqib siz ham o‘sha saytga kirib ko‘rasiz. “2018 yilda sizni nima kutmoqda” (Mazmunan shunday), “Sening 2018 yilgi asrovchi farishtang kim?”, “O‘tmishdagi hayotingizda kim bo‘lgansiz?”, “Qaysi mashhur inson senga ideal juft bo‘ladi”... va hokazo follar. O‘sha hali so‘nmagan qiziqish ustun kelib siz ham birortasidan voqib bo‘lasiz. “xo-xo”lab yoki miyig‘ingizda kulib qo‘yasiz. Ammo o‘sha lahzalarda Payg‘ambarimizning muborak hadislarini eslamaysiz...
Maqsad...
“Feysbuk tarmog‘i orqadi do‘slaringizga ulashing!” Bu o‘sha saytlarning sizga murojaatnomasi. Maqsadi nima ularning? Saytini reklama qilib, daromad olishmi? Aslo! Bu birlamchi va xaspo‘shlovchi masala. Asosiysi va eng dahshatlisi esa yashirin...
Kichkina tahlil
“2018 yilda sizni nima kutmoqda” Bu bashoratmi? Bashorat! “Ayting: Allohdan boshqa osmonlar va yerdagi biror kimsa g‘aybni bilmas" (Naml, 65). Izoh bermaymiz boshqa.
“Sening 2018 yilgi asrovchi farishtang kim?” Alloh istasa suvga tashlab cho‘ktirmaydi, o‘tga tashlab, kuydirmaydi. Bu yaratgan Zotdan chalg‘itish emasmi?
“O‘tmishdagi hayotingizda kim bo‘lgansiz?” Dinimizga yot va yov bo‘lgan aqida.
“Qaysi mashhur inson senga ideal juftlik bo‘ladi?” Aynan bu folda erkak bilan erkakni yoki ayol bilan ayol kishini juft qilib qo‘yish odamlar kulgusini qistatadi. “Adashdi” deb o‘ylaydi “o‘yinda” ishtirok etgan kishi. Aslidachi? Aslo adashgani yo‘q. Sizu bizning ongimizga ana o‘sha g‘oyani singdirmoqchi!!! O‘z jinsidan bo‘lgan odam bilan yonma-yon turish, yashash haqidagi tasavvurlar urug‘ini sochadi...
Xulosa
...o‘zingizdan.
Asliddin M.