Fikrlar inson hayotini o‘zgartiradimi?
Ijobiy fikrlash - bu psixologik tushuncha, shaxsiy rivojlanish usuli va foydali odat bo‘lib, u yordamida inson o‘zining psixologik farovonlik darajasini oshirishi va hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkin.
Albatta, fikrlar moddiy ekanligi, ular inson kelajagini shakllantirishi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Dunyo bizning fikr va so‘zlarimizga ziyraklik bilan javob berishi haqida ham juda ko‘p aytiladi.
Inson tafakkurining kuchi haqida tajriba o‘tkazishni xohlaysizmi?
Kun davomida fikrlaringizni kuzatib boring. Ko‘pincha nima haqida o‘ylaysiz? Qiyinchiliklarga qanday munosabatda bo‘lasiz? Agar arzimas narsalarga g‘azablanadigan bo‘lsangiz, hasad qilsangiz, odamlardan kamchilik izlab salbiy fikr yuritadigan bo‘lsangiz, sizning fikr yurgizishingiz samarasiz bo‘lib chiqadi. Tegishincha, siz shunchaki o‘z hayotingizni boshqarolmaysiz. Boshingizdagi negativlik noxush hodisalarni o‘ziga tortadi va yangi salbiy to‘lqinlarni keltirib chiqaradi va hokazo.
Xo‘sh, nima qilish kerak?
O‘zingizga har qanday hodisa hatto salbiy bo‘lsa ham, sizni oldinga siljitib, rivojlanish uchun yo‘lakcha ochib beradi, deb o‘ylashga ruxsat bering. Shunda qiyinchiliklar muammo bo‘lishda to‘xtaydi, ular sizning shaxsiyatingizga “jilo beradigan” vazifalarni bajarish majburiyatini oladi. Asta-sekin dunyo sizning fikrlaringizga javob qaytara boshlaydi. Atrofingiz o‘zgarib borib, yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishi va ko‘ngildagidek voqealar sodir bo‘lishini kuzata boshlaysiz.
Hayotimizni nafaqat fikrlar, so‘zlar ham o‘zgartiradi
“So‘z ham o‘ldiradi, ham davolaydi”, deb bejizga aytilmagan. Yaxshi so‘zlar kuch bag‘ishlashi, salbiy so‘zlar esa “energiyani yo‘qotishi” eksperimental ravishda isbotlangan.
Agar siz kimdir bilan bahslashsangiz yoki u haqida yomon o‘ylayotgan bo‘lsangiz, bu uning energiya tizimiga zarar yetkazishi uchun yetarli. Hatto har qanday la’natlar ham ishlatish shart emas. “Seni ko‘rishni xohlamayman!” yoki “Sen bilan gaplashishni xohlamayman!” kabi eng oddiy so‘zlar yoki iboralarning o‘zi ham kifoya.
Yana bir muammo - kundalik nutqda birovni yorliqlash, yoki biror kishi haqida bilib-bilmay har xil gaplarni gapirish va tanqid qilishdir. Bularning barchasi nafaqat atrofingizdagi odamlarni, balki birinchi navbatda sizning o‘zingizni ham zaiflashtiradi. Bundan tashqari, hatto fiziologik darajada, immunitetning pasayishiga qadar siz viruslar va mikroblarga qarshilikni yo‘qotasiz.
Mabodo aytib qo‘ysangiz-u, so‘ng afsuslansangiz, unda bilingki, nutqingiz behudaga ketdi. Biror narsa deyishdan oldin, yaxshilab o‘ylab ko‘ring, bu haqiqatan ham sizni atrofdagilarga yaqinlashtiradimi, aytgan gaplaringizning shakl va mazmuni birdamlik va mehr xazinasiga tushadimi?
Ongli yashashni o‘rganing
Ko‘pgina odamlar boshidagi har bir fikrni nazorat qilish zaruratidan qo‘rqishadi. (Ortiqcha boshni og‘ritib o‘tirish nevrozga olib keladi, shunday emasmi?) Aslida esa boshqalarning siz haqingizda nima deb o‘ylashlari, nima eshitishni xohlashlari, doimo ularning diqqat-e’tiborida bo‘lish haqida qayg‘urishingiz nevroz rivojlanishining ehtimolini kupaytiradi.
Hayotingizni sifat jihatidan yaxshilashning eng oddiy va eng qulay usuli bu ongli yashashdir. Albatta, har kimda bu shaxsiy tanlov masalasi. Barcha narsani borligicha qoldirish yoki o‘zgartirishga moslashish, oxir-oqibat fikrlash va so‘zlash, hayotingiz uchun mas’uliyatni zimmangizga olish faqat o‘zingizga bog‘liq.
Endi o‘ylab ko‘ring-chi, sizning boshingizda ko‘pincha qanday fikrlar yuradi? Fikrlaringiz sifati va hayotingizdagi voqeliklar o‘rtasidagi bog‘liqliklarni sezgan bo‘lsangiz kerak.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.