Firibgar sudlanuvchilar ko‘paydi, qo‘shmachilik kamaydi

Samarqand viloyat sudlari tomonidan 2022 yil davomida odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

O‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida bu haqda aniq raqamlar aytildi.

Xususan, hisobot davrida viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 5918 nafar shaxsga nisbatan 4706 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan. Shundan 3463 ta ish bo‘yicha 4577 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarildi. Tamomlangan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 797 taga yoki 16,9 foizga ko‘paygan.

- Ishlar soni ko‘paygani birinchi navbatda aholining huquqiy savodxonligi oshib borayotgani bilan bevosita bog‘liq, - deydi viloyat sudi raisi O.Hayitov. – O‘tgan yili sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 654 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi. Viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 16 ta jinoyat ishi bo‘yicha 17 nafar shaxs oqlandi.

Bundan tashqari, 1196 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 1271 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.

Shu bilan birga, davlat tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlikni to‘g‘ri tushunmay, belgilangan tartiblarni buzganligi uchun 340 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazolar og‘irrog‘iga almashtirildi. Amaldagi tartiblarni buzganligi uchun ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan 219 nafar shaxsning jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan sudlanganlar 2021 yilning shu davriga nisbatan 218 nafarga, JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan sudlanganlar 296 nafarga, JKning 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan sudlanganlar 215 nafarga ko‘paygan.

Shuningdek, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir va o‘rtacha yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq ishlar bilan sudlanganlar soni kamaygan.

Matbuot anjumani davomida viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev, viloyat sudi raisining o‘rinbosarlari - jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlov hay’atlari raislarining ham hisobotlari tinglandi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.