Fizik olimlar hayoti bilan bog‘liq qiziqarli voqealar
Mashhur fizik Pyotr Kapitsa bir guruh hamkasblari bilan Qora dengizga dam olish uchun borganini hikoya qiladi. Guruhda hamma fan doktorlari edi.
Qirg‘oqqa borishda yo‘l-yo‘lakay plastik qopqoqli bir necha shisha vino sotib olishadi. Qopqoqni faqat pichoq bilan ochish mumkin edi. Biroq fiziklarning birortasida pichoq yo‘q.
Nima qilish kerak? Hayron bo‘lib turishganida kimningdir ko‘zi shirakayf kishiga tushdi.
- Kechirasiz, sizda shishani ochadigan biror narsa yo‘qmi?
- Shu ham muammomi? Hozir ochamiz-da. Gugurt bormi?
Shirakayf kishi gugurtni chaqib, shisha qopqog‘ini qizitdi. Birozdan so‘ng qizib yumshagan qopqoq osongina ochildi.
- Marhamat, - u shishani olimlarga uzatdi va qo‘shib qo‘ydi. - “Maktabda fizikani yaxshi o‘qish kerak edi, birodarlar!..”.
***
Atom kvant nazariyasini yaratgan Nils Bor buyuk fizikkina emas, mohir sportchi ham edi. Juda ko‘p yutuqlarini u futbolda qo‘lga kiritgandi.
Yoshligida hatto ko‘p marta Daniya terma jamoasida to‘p surgan. Turgan gap, Kopengagenda Bornni mashhur fizikligidan ko‘ra yaxshi futbolchi sifatida bilishardi. Shu bois 1922 yilda Daniya gazetasi o‘quvchilariga shunday xabar yetkazdi: "Hurmatli ishqibozlar, sevimli futbolchimiz Nils Borga Nobel mukofoti berildi".
***
Kibernetika otasi Norbert Viner parishonxotirligi bilan nom qozongandi.
Bir kuni oilasi yangi manzilga ko‘chib kelishganida xotini ishdan qaytganda adashib ketmasin, deb qog‘ozchaga yangi manzilni yozib uning cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Yo‘lda uning kallasiga ajoyib g‘oya kelib qoldi. Esdan chiqmasin deb cho‘ntagidan yangi kvartirasi manzili yozilgan qog‘oz orqasiga formulani yozib qo‘ydi. Birozdan keyin g‘oya noto‘g‘ri ekanligini bilib, qog‘ozchani tashlab yubordi.
Kechqurun hech narsa bo‘lmaganday eski manziliga yo‘l oldi. Bu yerda hech kim yashamayotganini bilgach, sarosimada ko‘chaga chiqdi. Sal narida turgan qizga yaqin borib so‘radi:
- Kechirasiz, ehtimol meni eslasangiz kerak, Professor Vinerman. Yaqinda oilam bu yerdan ko‘chib ketgandi, mabodo bilmaysizmi, qayerga ko‘chishdi ekan?
- Ha, bilaman, dada! Oyim manzilni unutib qo‘yishingizni bilgan ekan. Sizni kutib olishim uchun yuborgandi, - dedi qizi.
T.Shomurodov tayyorladi.