Folbinlik kofirlik alomatlaridandir

Folbinlik bu – kelajakdan, g‘aybdan xabar berishdir. G‘ayb ilmi Allohga xos bo‘lganligi uchun uni da’vo qilish – islomdagi gunohi kabiralardan biridir. Sehr va folbinlikning har biri gunoh jihatidan bir-biridan kam bo‘lmaganligi uchun har ikkisi haqida bir hadisi sharifda umumlashtirib keltirilgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar:

“Kimda-kim sehr-jodu qiluvchi yoki fol ochuvchiga borib, uning aytayotgan gaplariga ishonsa, Muhammadga nozil qilingan (islom dini)ga kufr keltiribdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Folbinlar ko‘proq kelajakda ro‘y beradigan ishlarni bilishlarini da’vo qiladilar. Bu esa, shariat hukmi bo‘yicha, dinni tark etish hisoblanadi. Chunki g‘aybni faqat Alloh taoloning O‘zigina biladi. Kim uni bilishni da’vo qilsa, dindan chiqqan bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda “G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas...” deb marhamat qilgan (An’om surasi 59-oyat).

Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhu “Folbin – sehrgardir, sehrgarlik esa kofirlik alomatlaridandir,” deganlar.

Yuqoridagi oyat va hadisi shariflardan ma’lum bo‘lishicha, sehr-jodu, bashoratchilik va boshqa issiq-sovuq qilish kabi ishlar shariatimizda qattiq qoralangan. Hattoki ayrim hadisi shariflarda keltirilishicha, ushbu ishlar halokatga olib boruvchi amallardan ekan. Shuning uchun bu ishlarni hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.

Afsuski, bugun ham folbinlarning jamiyat va oilalar tinchligiga rahna solayotgani hech kimga sir emas. Turli “duoxon”, azayimxon va ular kabi boshqa shaxslar huzuriga borib, ham vaqtini, ham naqdini sarflash bilan birga Yaratganga osiy bo‘layotgan yurtdoshlarimiz hali-hanuz uchrab turibdi. Ularning orasida farzandlarimizning tarbiyasida o‘rinlari katta bo‘lgan ayollarning ko‘pligi tashvishimizni yana ham orttiradi. Jamiyatda yuz beradigan ajralishlarning katta qismiga aynan shular sababchi bo‘ladi, desak, xato qilmaymiz.

Aynan folbinlar sabab er-xotinlar o‘rtasi buzilib ketayotgani kabi, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar munosabatlari ham yomonlashamoqda. Inson boshiga tushgan kulfat, musibat yoki o‘ziga yetgan xastalik sabab folbinlar huzuriga boradi. Ular esa bu ishlarni ovsiningiz, qo‘shningiz yoki falonchi sizga qarshi o‘qitgani, isitma-sovutma qilgani sabab bo‘ldi, deb o‘zlarini topqir qilib ko‘rsatadi. Natijada qarindosh va mahalladoshlar orasiga sovuqchilik tushadi. Bu borada dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilsak imonimiz mukammal va Allohning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Chunki Parvardigori olam siz-u bizlarni bu dunyoda aka-uka va ahil-do‘st bo‘lib yashashga buyurgandir.

Hozirgi paytda fol ochishning turlari son-sanoqsiz bo‘lib ketdi. Karta bilan, qushlarga xat torttirish bilan, qo‘lning kaftiga qarab, suratga qarab va hokazo. Yuqorida aytilgandek, bularning hammasi – kufr ishlardir.

Musulmon kishi sehr-jodu qiluvchilar, folbinlar, azayimxon va “duoxon”larga bormasligi va ishonmasligi kerakligidan tashqari, ularni huzuriga yetaklashi mumkin bo‘lgan shumlanishdan ham saqlanishlari lozim bo‘lar ekan.

Alloh taolo barchalarimizni sehr-jodu, irim-sirim va boshqa gunohlardan salomat qilib, jamiyatimiz va undagi oilalarni ahil-inoq bo‘lib yashashga tavfiq ato etsin!

  Zayniddin Eshonqulov,

  Samarqand viloyati bosh imom-xatibi