Fransiyalik fermerga tuman hokimi kim ekanligi ahamiyatsiz, Shvetsiyada hokimga birorta tashkilot bo‘ysunmaydi

Zoir Ziyotov – olim, paxtakor. Bilim va salohiyati tufayli 25 yoshida Ishtixon tumanidagi «8-mart» kolxozida rais bo‘lib, dongdor rahbar sifatida tanilgan. Olim Yevropaning qator rivojlangan davlatlarida bo‘lgan va qishloq xo‘jaligining ilg‘or tajribalarini o‘rgangan. Quyida olimning qator davlatlarda ko‘rganlari haqida o‘qiysiz.

Fermerning kichik korxonasida 5 ming dollarlik vino

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari oxirlarida Sultonov boshchiligidagi xukumat delegatsiyasi samolyoti yarim tunda Parij aeroportiga qo‘ndi. Ertalab senat yig‘ilishida qatnashdik, unda kun bo‘yi ishtirok etdik. Keyin guruhlarga bo‘linib, fransuz ishbilarmonlari bilan muzokaralar bo‘ldi. Uchinchi kuni Fransiya tomoni nimani ko‘rishga ishtiyoqimiz borligini so‘radi. «Qishloq xo‘jaligiga aloqador, Parijdan uzoqroq joylardagi birorta fermer xo‘jaligini ko‘rsak», deb tashabbus ko‘rsatdim. Rozi bo‘lishdi.

Bizlar tashrif buyurgan fermer xo‘jaligining 80 gektar uzumzori va yiliga 1 million butilka vino ishlab chiqaradigan zavodchasi bor ekan. Ular bilan obdon tanishdik, delegatsiya kelishiga maxsus tayyorgarlik ko‘rilmagani aniq, chunki taklifni bizlar to‘satdan kiritgandik. Tanishuvdan so‘ng bizni yerto‘laga olib tushdi, bu yerda 100 yillik vinolar ham bor ekan, mehmonlar sharafiga taxminan 5000 dollar ekvivalent bahosiga to‘g‘ri keladigan bir butilka vino ochildi. Vinoni ta’mini totib tushunmasak ham zo‘r, deb maqtadik, mezbonlar xursand bo‘lishdi. Lekin ich-ichimizda 5000 dollarlik vinoga achindik, uni bizlarga ochgandan ko‘ra sotganda bundayroq mashina berishi mumkinku, deb o‘yladik. 

Fermer 80 gektar uzumzordan 80 sentnerdan hosil olarkan... 90 sentner ham, 60 sentner ham emas. Aks xolda bo‘lajak vinoning markasi buzilarkan va aynan shu marka vinoga bo‘lgan talab yo‘qolarkan. Bu xo‘jaligining inqirozga uchrashidan darak ekan. Fermerning hikoyasini biz, delegatsiya a’zolari ertak eshitgandek tingladik. Delegatsiyamiz tarkibida bir necha nafar tuman hokimlari va hatto ikki nafar vazir o‘rinbosari ham bor edi. Darvoqe, safimizda marhum Baxtiyor To‘xtaboyev (yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘g‘li) ham bor edi. 

Kamina fermerga bir necha savol bilan murojaat qildim.

- Firmada necha nafar yollanma ishchi ishlaydi?

Uning aytishicha, bir nafar hisobchi muhandis doimo ishlarkan. Mavsumda esa zavodga vaqtinchalik ishchilar yollanarkan. Uzumni parvarishi bilan bog‘liq barcha yumushlar (masalan, o‘g‘itlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, boshqa ishlovlar qilish) maxsus xizmat ko‘rsatish tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi. Shartnomaning talabi juda qattiq, uni bajara olmay qolganda o‘sha tashkilot katta jarima to‘laydi. 

- Firmangizga tuman hokimi kelib ishlaringiz bilan tanishib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib yoki kamchiliklaringizni tanqid qiladimi?

Bu savolim, avvalo, delegatsiya a’zolarini sergaklantirdi. Savolni tarjimonimiz - koreyalik Lilya uzoq tushuntirgach, ular hayron bo‘lishdi. Fermer o‘g‘li bilan savolni uzoq muhokama qilgach, quyidagilar ma’lum bo‘ldi: avvalo, tuman hokimi kim ekanligini uzoq muzokaradan so‘ng aniqlashdi, ota-bola ikkalasi uni tanimas ekan, qolaversa o‘sha hokim ham bular qatori fermer, daromadi shundan. Hokimligi oylik maoshsiz lavozim, u tumanning ijtimoiy sohalari, madaniyat ishlari bilan shug‘ullanarkan. Umuman, hech qanday ishlab chiqarish masalalariga tumshug‘ini tiqishiga zaruriyat bo‘lmas ekan. Xo‘p, axir fermer ishlarini tekshirishga kimdir keladimi, degan savolimga bir yilda bir marta fermerga biriktirilgan soliq bo‘yicha mutaxassis kelib, soliqlar to‘langanini xisobchi bilan taqqoslab, dalolatnoma tuzib ketarkan. 

Fermerni so‘roqqa tutishda davom etdim.

- Fermer janoblari, noyob vinolaringizni ko‘rib hayratga tushdik. Tumanga har joydan mehmonlar kelib turishi aniq, shu mehmonlar uchun tuman rahbari odam yuborib «Bir-ikki yaщik vinolaringizdan berib yuboring», deb murojaat qildimi?

Ochig‘i, u bu savolimdan hayratlandi: «Nega endi?.. Nega berishim kerak? Men undan qarzmidim?..». 

Bizda-chi? Mustaqil davlat bo‘lganimizga o‘ttiz yil bo‘lyapti, lekin hamon hokim fermerdan nimadir kutadi, ular ishiga aralashadi. Xo‘sh, nega aralashadi? Aralashmasa nima bo‘ladi? Fermerlar ishiga hozirgi sharoitda hokim ra hbarlik qilmasligi imkonsiz. Nega? Buning uchun fermerlar uchun boshqa muhit paydo bo‘lishi lozimmi? Hukumatning hozirgi harakatlari shunga qaratilgandek ko‘rinadi menga. Lekin gap faqatgina xukumatning intilishidami? Odamlar tafakkurida ham keskin o‘zgarishlar bo‘lishi zarur emasmi? Bu o‘zgarishlar kimlardan boshlanishi lozim? Chaqaloqligidanmi?..

Inson ongini tarbiyalashni chaqaloqlikdan boshlash kerak, demoqchiydim. Bizlarda, xususan, Ishtixonda chaqaloqlarni yupatish uchun buji keldi, deb qo‘rqitishadi. Chaqaloq sal katta bo‘lgach, onalar uni "Ana militsiya keldi, hozir berib yuboraman" deb qo‘rqitishadi. Tamom, shu bilan bolalar ongi deformatsiyaga uchraydi, katta bo‘lganda u biladiki onasi yo‘q buji bilan qo‘rqitib aldagan ekan. Demak, yolg‘on gapirish mumkin, militsiyaga esa u ham qo‘rquv, ham nafrat bilan qaraydigan bo‘ladi. Ulg‘aygan bola katta bo‘lgach, qo‘rquv bilan yashashga majbur. U endi erkinligini butunlay yo‘qotgan odamga aylanadi...

Uka pivo ichgan akani politsiyaga berdi, ammo aka xafa emas

Shvetsiyaning Stokgolm shahridamiz. Hammamiz – bolalar, nevaralar to‘planganda bir xonaga sig‘maymiz. Shunday to‘planganlarimizning birida ikki yoshli Amirbek xarxasha qilib, kattalarning gapini bir-biriga qovushtirmay turganda Iroda nevaramizga ayasi "Iroda, tur, bolam, Amirbekni aldab-suldab pastga olib tushib, basseynga olib bor" dedi. Irodani yuzida ham hayrat, ham sarosima paydo bo‘ldi, qolganlar ham ayaning noto‘g‘ri topshiriq berganini darhol sezdi. Iroda "Aya, tushunmadim, nega Amirbekni aldashim kerak, axir bu noto‘g‘ri-ku" dedi. Keyin ayasi xatosini tuzatib tushuntirishga to‘g‘ri keldi. 

Bolalar ongini to‘g‘ri tarbiyalash, bolalarni erkin inson bo‘lib voyaga yetishishi uchun shved davlati bor kuchini sarflarkan, boshqacha aytganda, bola tarbiyasi, uning himoyasi birinchi o‘rinda, keyin hayvonlar, keyin xotin-qizlar, keyin boshqalar... Inson tabaqalarga bo‘linmay himoya qilinadi bu yurtda.

Bularning hammasining zaminida qonunga og‘ishmay bo‘ysunish tushunchasi yotadi, shoh ham, gado ham qonunga birdek og‘ishmay bo‘ysunadi. 

Aytaylik, bola betob bo‘lib qolsa unga ota-onasi dorini majburlab berishga, aldab-suldab berishga xaqi yo‘q. Shu dorini ichishi zarurligiga bolani ishontirishga majbur, ishontira olmasa dorini ichmaydi, tamom-vassalom. Bordi-yu majburlab ichkizsa, bola bog‘chaga borgach, buni aytib berishi mumkin. Buning oqibatida bola oiladan olib qo‘yilishi hech gap emas. 

Bir kuni Shvetsiya qiroli mashinasida xotini bilan shaharga sayr qilgisi kelib qoldi va mashinasini to‘xtatish mumkin bo‘lmagan joyga qo‘ydi. Bir zumda qirol jurnalistlar qurshovida qoldi... Bu xatosi uchun u xalqidan bir necha kun kechirim so‘radi. 

Aka ukaning uyiga mehmonga bordi. Aka mehmonda yotib qolishi ma’lum bo‘lgach, pivo ichishga qaror qilishdi. Lekin biroz o‘tib aka ketgisi kelib qoldi, uka uni pivo ichganligi uchun mashina haydab ketishga haqi yo‘qligini tushuntirdi. Ammo aka baribir mashinasida ketdi. Uka shu zahoti politsiyaga qo‘ng‘iroq qildi. Aka 15 kunga qamaldi, biroq ukadan xafa bo‘lmadi. Chunki uka bu ishi bilan uni biror ko‘ngilsizlikdan saqlab qolgandir... 

Shvetsiya odamlarning hayot tarzini o‘rganib bir narsaga amin bo‘ldim: shaxs mentalitetini, butun bir xalqning mentalitetini qonun orqali o‘zgartirsa bo‘larkan. Shvedlar avvaldan urushqoq xalq edi, ruslar bilan uch yuz yil tinimsiz urushib kelgan xalq, fashistlar Germaniyasiga Ikkinchi jahon urushida, yumshoq qilib aytganda, xayrixox bo‘lgan. Qanday qilib butun xalq yoppasiga bag‘rikeng odamlarga aylanib qoldi ekan. Bordi-yu Shvetsiyaga borib qolsangiz qo‘lingizni ko‘tarib salomlasha ko‘rmang, u fashistlarning salomlashishi deb tushuniladi va sizda qonun oldida muammo paydo bo‘lishi mumkin.

320 gektar yeri bo‘lgan fermerning yillik daromadi - 2 million dollar

Shvetsiya shimoliy davlat, yetmishinchi yillarda bug‘doy yuz foiz chetdan olib kelinardi. Hatto makkajo‘xori doni ham pishmaydi bu iqlimda. Bugun Shvetsiya o‘zini bug‘doy bilan ta’minlashdan tashqari uni eksport ham qilayotir. Qanday qilib erishdi bunga? Umuman, qanday qilib boy davlatga, xalqini kuchli ijtimoiy ximoya qiladigan mamlakatga aylandi? 

Shularni o‘ylab, Shvetsiyaning qishloq xo‘jaligi yutuqlari, fermerlar hayotini o‘rganishni maqsad qildim. Buning uchun bir paytlar Ishtixonga borgan tanishim, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis Valdema r bilan bog‘landim.

Valdemar mashinasida keldi-yu janubga - Daniya tomonlarga borishimizni ma’lum qildi. 

Yo‘l-yo‘lakay men o‘zimni unga yaqinroq tanishtirdim, serfarzand ekanligimni, olti nafar qizim, bir nafar o‘g‘lim borligini aytib. Gaplarimni tabassum bilan eshitdi-yu hayratlanmadi, bu shvedlarga xos mentalitet, ular umuman ehtirossiz odamlar. Nimadandir juda ham xursand bo‘lib ketgan bitta ham shvedni ko‘rmadim.

- Janob Ziyatov, shvedlar ham sizlar kabi oilaparvar odamlar, aksariyati bolajon. O‘rtacha ikki, uch nafar farzand - norma. Mening ikki nafar o‘g‘lim bor. 

- Nevaralaringiz ham bordir.  

- Yo‘q, hali o‘g‘illarim uylanmagan. 

- Ular necha yoshda? 

- Biri 38, ikkinchisi 36 yoshda. Hayron bo‘lmang, Shvetsiya uchun bu ham norma... Bizda yoshlar o‘z uyiga, daromad qilib o‘zini boqa olish darajasiga yetmasa oila qurishmaydi. 

…Stokgolmdan janubga 300 kilometrcha yurib, bir fermer xo‘jaligiga keldik. Valdemar bu fermer xo‘jaligi haqida qisqacha hikoya qilib berdi: xo‘jalikning 320 gektar yeri bo‘lib, urug‘lik uchun bug‘doy va suli ekilar ekan, yillik daromad - 2 million dollarga yaqin. Yollanma bir nafar ishchisi bo‘llib, yiliga 60 ming dollar maosh berarkan. Yaqinda shuncha pulni bekorga xarajat qilamizmi, deb unga ham javob berishibdi. 

Fermerning aytishicha, hukumat seleksionerlarni mablag‘ bilan ta’minlab, qisqa muddatda tezpishar navlar yaratilishini rag‘batlantiribdi. Natijada o‘nlab ilg‘or urug‘chilik xo‘jaliklari paydo bo‘libdi hamda ular o‘rtasida yuqori va sifatli g‘alla urug‘i yaratish bo‘yicha sog‘lom raqobat paydo bo‘libdi. O‘n-o‘n besh yilda bu kutilganidan ham ko‘proq natija beribdi. Bugungi kunda Shvetsiya bug‘doy bilan o‘zini ta’milashdan tashqari uni eksport qilayotir. 

Qizig‘i shundaki, fermerning o‘zi ham, o‘g‘illari ham urug‘chilik korporatsiyasida ishlarkan. Turmush o‘rtog‘i - o‘qituvchi, u xo‘jalikni hisobotini ham yuritarkan. Yerni haydash, ekinni ekish va yig‘ishtirib olishni ota-bolalar asosiy ishidan ta’tilga chiqib amalga oshirarkan. Traktor sputnik orqali odamsiz boshqarilarkan. Traktorga minib, sputnik boshqaruvida borib-kelib, o‘zim ham bunga iqror bo‘ldim.

Chorvasi ham o‘rganishga arzigulik: plyonkaga o‘ralgan senaj (suratda), uning ichidan havosi so‘rib olingan, shved mollari yozin-qishin yangi o‘rilgandek o‘t iste’mol qiladi, sigir-u qo‘ylarga umuman quruq xashak berilmaydi. 

Fermer bilan boshqa xo‘jaliklarning yerlari bilan ham tanishdik. Qo‘shni fermerning biri asalarichilikka ixtisoslashgan, 80 gektar yeri bor, egasi 85 yoshdagi kishi bo‘lib fermerligini sotuvga qo‘yibdi. Chunki o‘g‘illarining shaharda boshqa beznesi bo‘lib, yerga egalik qilishdan voz kechishibdi. 

- Yerini sota olmasa nima bo‘ladi, tuman hokimligi yerni davlat zaxirasiga oladimi? – deb so‘rayman.

- Yo‘q, tumanga tegishli davlat zaxirasidagi yer mavjud emas, - deyishdi. - Hokimlik bilan fermer xo‘jaligi orasida munosabat yo‘q, tuman xokimining fermer ishiga aralashadigan birorta sababi ham yo‘q. 

- Axir, tabiiy ofat yoki shunga o‘xshash favqulodda bo‘ladigan ishlarda yordam bermaydimi hokim? 

- Nimasi bilan yordam berishi mumkin, hokimning biror resursi bo‘lmasa, birorta tashkilot unga bo‘ysunmasa. 

- Umuman, hukumat fermerning yerini ma’lum bir sababga ko‘ra olib qo‘yishi mumkinmi?

- Unday tushuncha yo‘q bizda, chunki yer xususiy. Xususiy mulkni tortib olish qonunga zid, mamlakatda hamma qonunning har bir harfiga itoat qiladi.

Zoir Ziyotov.