Frontorti dugonalar taqdiri
– Ikki dugona kolxoz dalalari-yu, idoralarida kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qildik, – deya gapirib beradi Anbar aya. – Paxta, g‘alla, meva-sabzavot deysizmi, hammasini ekib, yig‘ishtirib, bir misqolini ham qoldirmay frontga jo‘natardik. Shuning uchun front ortidagilarga non, oziq-ovqat yetarli emasdi. Kartochka bilan oz-ozdan non tarqatilardi. Odamlar ochlikdan ko‘z o‘ngimizda hayotdan ko‘z yumar, har kuni bir qayg‘uli xabar eshitardik. Qayg‘uli xabarlar, odamning sillasini quritadigan mehnat… Ayni yoshlik damlari faqat shularni ko‘rdik.
Bu yil 96 yoshni qarshilayotgan bu mo‘’tabar onaxonlar urush ortida eng qiyin damlarda erkak kishi bajaradigan barcha ishlarni qildilar. Urushdan keyin esa nafaqat dalada, balki qurilish ishlarida ham ishtirok etdilar. Falabadan so‘ng Anbar Bo‘ronova urush davrida Uralsk shahrida to‘rt yil tank zavodlarida ishlagan Zamonbobo Xo‘jayevga turmushga chiqdi. Norbi aya esa Zulfiqor Xo‘jayev bilan oila qurdi. Ba’zida qo‘ni-qo‘shni-yu, qarindoshlar oilasida qo‘ydi-chiqdi bo‘lsa, sabablarini eshitib, ko‘zlariga yosh keladi. O‘zlari yashagan davrni aytib, oilalarni yarashtirib qo‘yadilar. Ha, "Qari bilganini pari bilmas", deb bejiz aytishmaydi. Ayniqsa, urush davri va uning ortida mehnat qilayotganlar soni kundan-kunga kamayib borayotgan bir paytda ularga hurmat ko‘rsatilayotganidan xursand bo‘lamiz. Har birimiz ularni e’zozlashimiz, qadriga yetishimiz kerak.
Gulsanam ZAMONOVA.