Fuqarolar islohotlar samarasini kelajakda emas, bugun his etishi zarur
Huquqiy holat bevosita fuqarolarga tegishli bo‘lgan va bo‘lmagan ijtimoiy munosabatlarning qonun jihatidan tartibga solinishi asosida vujudga keladi. Mazkur ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha dominantlik Konstitutsiya bilan amalga oshadi. Konstitutsiyaning mavjudligi jamiyatda shakllantirilgan ilg‘or huquqiy tizim hamda davlatning demokratik yo‘ldan rivojlanishining kafolatidir. Chunki Konstitutsiya fuqarolarning, davlat organlari, siyosiy tashkilotlarning huquqiy maqomi, vazifa va funksiyalarini belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 4 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishida Konstitutsiyaning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, mazmun-mohiyati, xalq ommasi, ayniqsa, yosh avlodning huquqiy ongi, tafakkuri, madaniyatiga singdirilishi belgilangan. Bundan kelib chiqadiki, Konstitutsiyani o‘rganish jamiyat a’zolarining siyosiy faolligini oshirishga, davlatni boshqarishda ularning faol ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashadi. Albatta, vaqt o‘tgani sari ijtimoiy munosabatlar ham o‘zgarib boradi, o‘z navbatida, ularni tartibga soluvchi huquq normalarining ham yangilanishiga sababchi bo‘ladi.
2021 yilning noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qasamyod qilar ekan, Bosh qomusimizni isloh qilish zaruriyati mavjudligini ta’kidladi. Konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida esa davlat rahbari unga kiritilishi lozim bo‘lgan 9 ta yo‘nalishni belgilab berdi. Shuningdek, asosiy qonunimiz talablarini to‘liq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar borligi, xalqimiz hayoti darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda ta’minlash bo‘yicha hali ko‘plab ishlar qilinishi lozimligi aytildi. Chunki fuqarolar islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o‘z hayotida his etishlari zarur.
Jahon mamlakatlarining konstitutsiyalariga yuzlanar ekanmiz, ular ham o‘z vaqtida davr va ijtimoiy muhit taqozosida asosiy qonunning o‘zgarishi va yanada takomillashishi uchun islohotlarni amalga oshirganliklariga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari 1789 yildan bugunga qadar o‘z konstitutsiyasiga 33 marta qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritgan. Deyarli 3 asrlik muddat uchun bu kamlik qilishi mumkin. Lekin AQSh konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishda mamlakatdagi shtatlarning to‘rtdan uch qismi mazkur o‘zgartirishni ma’qullashi zarur. Dunyodagi eng katta konstitutsiya hisoblangan Hindiston konstitutsiyasi ham 1950 yildan boshlab hozirgi davrga qadar 105 ta o‘zgartirilgan va qo‘shimchalar kiritilgan.
Shunday ekan, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni o‘ta dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘yilayotgani jamiyatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganidan dalolatdir.
Maqsad - Bosh qomusimizning shunchaki ayrim moddalariga o‘zgartirish kiritish emas, balki butunlay yangilashni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hisoblanadi. Zero, Konstitutsiyamizni barqaror, zamon bilan hamnafas shaklga keltirish unga kelajakda tez-tez o‘zgartirish kiritilishini taqozo qilmaydi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda “Har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak”.
Shuning uchun ham hozirda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil qilingan. Komissiya a’zolari faol fuqarolarimiz tomonidan tushayotgan takliflarni umumlashtirib, tahlil qilmoqda, rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganilmoqda.
Ulfat Shonazarov,
Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali davlat-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri.