Fuqarolar sektorlar faoliyatidan rozimi?

O‘rganishimizni tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i biriktirilgan 4-sektor hududidan boshladik. Ushbu sektor hududida 7 mahalla mavjud. Aholi muammolarini o‘rganish natijasida 2017 yilda sektorning "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilgan va unda hal qilinishi lozim bo‘lgan 51 masala kiritilgan. Tuman davlat soliq inspeksiyasining sektor bo‘yicha mas’ul xodimi M.Xoliqulovning ta’kidlashicha, bu masalalarning barchasi hal etilgan. 

Bu ma’lumotning qanchalik to‘g‘ri ekanligini bilish maqsadida sektor hududidagi mahallalarda bo‘ldik.
Nazar mahallasida yashovchi tadbirkor I.Hamdamovning umumiy ovqatlanish oshxonasini zamonaviy ta’mirlash, faoliyatini kengaytirish uchun kollej bitiruvchisi bo‘lgan o‘g‘li nomiga bankdan kredit ajratilishiga amaliy yordam so‘ragan murojaati sektor "Yo‘l xaritasi"ga kiritilgan. Muddati 2017 yil 5 oktyabrga belgilangan. Fuqaro bilan suhbatlashganimizda bu muammo hanuzgacha hal etilmaganligining guvohi bo‘ldik.

– To‘g‘risi, bu masalaning hal bo‘lishiga ishonchimiz ham qolmadi, – deydi I.Hamdamov. – Hujjatlarni ikki marta tayyorladik. Sektor rahbariga murojaat qilganimda yordam berishini aytgandi. Ammo natija yo‘q. Bir yildan buyon yugur-yugurlarga ketgan xarajatimga ta’mirlash ishlarining bir qismini bajarib qo‘ygan bo‘lardim. O‘g‘limning ham tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi so‘ndi. Endi Rossiyaga ishlashga ketaman, deb turib olgan. Tadbirkorga ko‘mak berishning o‘rniga uni ortiqcha ovoragarchilik bilan qiziqishini so‘ndirsa, buni qanday tushunish mumkin?
Fuqaroning so‘zlarini tinglab, bizga barcha masala hal etilgan, deb ma’lumot bergan mas’ul xodimga yuzlanamiz. U barcha aybni Milliy bankning Jomboy tumani filialiga ag‘darib qo‘ya qoldi. 

"Yo‘l xaritasi"da qayd etilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlarini to‘g‘rilashda amaliy yordam so‘ragan shu mahallada yashovchi J.Mamatov murojaati bilan qiziqdik. Nazar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sh.Do‘stov mahallada bunday fuqaro istiqomat qilmasligini bildirdi. Xuddi shunday masalada Guliston mahallasida yashovchi J.Sharipov ham murojaat qilgan. Mahalla mas’ul kotibi J.Bekqulova esa hududda bunday fuqaro yashamasligini ma’lum qildi.
Bu holatlar bo‘yicha yana mas’ul xodimdan izoh so‘radik. U esa yelka qisdi. Nomi boru o‘zi yo‘q fuqarolarning murojaatlari "Yo‘l xaritasi"da qanday paydo bo‘lib qolganiga javob topolmadik. Xulosa o‘zingizdan.

Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i mas’ul bo‘lgan 3-sektor shtabiga yo‘l oldik. Jomboy qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida joylashgan sektor shtabida afsuski, birorta mas’ul xodimni uchratmadik. Shtabdagi fuqarolarni qabul qilish xonasi qulflangan. Aslida sektorlar shtabida navbatchilar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lishi va u asosida fuqarolarni qabul qilish xonasida navbatchi bo‘lishi lozim. Ammo 2017 yil dekabr oyidagi navbatchilik ro‘yxati ilingan, 2018 yil yanvar oyidagi ro‘yxat esa yo‘q. 
Kollej direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarining aytishicha, bir haftadan buyon sektor shtabining fuqarolarni qabul qilish xonasi ochilmagan va navbatchi ham turmagan. Xalq bildirgan ishonch, mas’uliyatli vazifa va ishga bo‘lgan munosabat shu holatdan ham ayon. 

Telefon orqali ham mas’ullarni topolmaganimizdan so‘ng sektor hududidagi mahallalarda bo‘ldik. Qo‘limizdagi ma’lumotga ko‘ra sektor hududida 9 ta mahalla mavjud. Shulardan biri Eski Jomboy mahallasi. Mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi B.Abdurahmonovadan sektor faoliyatining mahalladagi muammolarni hal etishdagi hissasi haqida so‘radik.

– Men savolingizga mahallaning bir fuqarosi sifatida javob beraman, – deydi u. – Qishning sovuq kunlarida suyultirilgan gaz bilan bog‘liq muammomiz bor. Aholi gaz ballonlarini to‘ldirishga qiynalyapti. Gaz ballonlarini oylab almashtirolmaymiz. Bu boradagi murojaatimiz hanuzgacha hal etib berilgani yo‘q.
– Mahallamizni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformator eskirgan, – deydi shu mahallada yashovchi R.Isoqov. – Transformatordan foydalanayotgan xo‘jaliklar soni belgilangan miqdordan oshib ketgan. Shuning uchun elektr energiyasi ta’minotida tez-tez uzilishlar bo‘lyapti. Bu masala ham yechim topgani yo‘q.
Ushbu sektor hududidagi Zarafshon mahallasidamiz. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi   R.Hasanovaning ta’kidlashicha, mahallada sektor ishtirokida bir qator masalalar hal etilgan, ammo yechimini kutayotgan muammolar ham bor.

– Mahallamizdagi O‘rtabo‘z qishlog‘i aholisining farzandlari katta ko‘chani kesib o‘tib, 57-umumta’lim maktabiga qatnaydi, – deydi u. – Ammo yo‘lning o‘quvchilar kesib o‘tadigan qismida svetofor yo‘q. O‘tgan yili 1-sinf o‘quvchisini mashina urib ketdi. Achinarlisi, yaqinda yana shu oilaning 6-sinfda o‘qiydigan farzandi bilan ham shunday holat takrorlandi. Bir oila ketma-ket ikki farzandidan ayrildi. Bu kabi noxush holatlar sodir bo‘lsa-da, svetofor o‘rnatib berishni so‘rab qilgan murojaatimiz e’tiborsiz   qolmoqda.

Alisher Navoiy mahallasida bo‘lganimizda ijobiy hal etilgan masalalarga ham duch keldik.
– Biz istiqomat qiladigan ikki qavatli 60-uyda 16 ta xonadon istiqomat qiladi, – deydi N.Botirova. – Yog‘in-sochin kunlarda xonadonimizdan tomchi o‘tardi. Bu masalada sektor rahbariga murojaat qilgach, o‘tgan yilning sentyabr oyida uy tomi to‘liq yopib berildi.
Tuman hokimligi mas’ul xodimi ma’lumot berishicha, 2017 yilda jami 734 ta masala tuman "Yo‘l xaritasi"dan joy olgan. Shundan 96 tasi hal etilmagan va 2018 yilgi "Yo‘l xaritasi"ga kiritilgan. 

To‘g‘ri, sektorlar tomonidan ko‘pgina masalalar ijobiy yechim topgandir. Ammo biz sektorlar faoliyatini hisobotlar, qog‘ozda ko‘rsatilgan raqamlardan xoli ravishda xalq fikrini tinglash orqali o‘rgandik. Zero, davlatimiz rahbari aytganidek, qilgan ishimizga faqat xalq baho beradi. Xalq bergan bahoni esa yuqorida o‘qidingiz.

G‘olib ABDUSALOMOV,
"Zarafshon" muxbiri.