Fuqarolarni Qozog‘istondagi qurilish ob’yektlariga majburan ekspluatatsiya qilganlar qo‘lga olindi
2011 yilda 59 yoshli X.B., N.D., F.T. va boshqa shaxslar jinoiy rejaga asosan O‘zbekistonda fuqarolarga o‘zini go‘yoki «Mustaqil mardikorlar tashkiloti» raisi va a’zosi deb tanishtirgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Fuqarolarga Qozog‘iston Respublikasida 650-1000 AQSh dollari miqdorida maosh berish sharti bilan qurilish ishini taklif qilib, ularni oziq-ovqat hamda turarjoy bilan ta’minlashlikni va’da qilib, aldangan shaxslarning fuqarolik pasportlarini olib qo‘yib, Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahridagi qurilish ob’yektlarida majburan, erkiga qarshi, xizmatiga haq to‘lamagan holda ishlatib, ularni ekspluatatsiya qilib kelganliklari aniqlangan.
Bundan tashqari, 2013 yil oktyabr oyining o‘rtalariga qadar uyushgan guruhning boshqa noma’lum a’zolari tomonidan muttasil ravishda majburan ishlatib, va’da qilingan oylik maoshini to‘lamasdan, ularning mehnatidan foydalangan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan 2014 yilda uyushgan guruhning a’zolari N.D. va F.T.ga nisbatan JKning 135-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan tergov harakatlari olib borilib, sudning hukmiga ko‘ra, N.D.ga 9 yil, F.T.ga esa 10 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Biroq, X.B. va boshqa shaxslar tergovdan yashiringanligi uchun jinoyat ishi alohida ish yurituvga ajratilib, ularga nisbatan JKning 135-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan sirtdan ayb e’lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanib, qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan qidiruv ishlari natijasiga ko‘ra, X.B. Qozog‘iston Respublikasida ekanligi aniqlanib, Qozog‘iston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ushlangan hamda 2020 yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilinib, IIV JIEBBga qarashli 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari to‘liq olib borilib, X.B.ga nisbatan JKning 135-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, tanlangan ehtiyot chorasi o‘zgartirilmagan hamda jinoyat ishi materiallari tegishli tartibda sud idorasiga yuborilgan.