Fuqaroligi yo‘q kishi qachon va qanday tartibda pasport oladi?
- Fuqaroligi yo‘q shaxslarga pasport berish tartiblari haqida bilmoqchi edim. Bu qanday amalga oshiriladi, fuqarodan qanday hujjatlar talab qilinadi?
Ayni paytda yurtimizda karantin davom etyapti. Pandemiya sharoitida fuqarolarga pasport berish to‘xtatilgani yo‘qmi?
Nilufar Murodova,
Samarqand shahri.
- Fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilishi uchun hududiy migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga asosan quyidagilarni ilova qilgan holda murojaat qilishi lozim. Bular:
- chet el fuqaroligidan voz kechish;
- so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaganlik;
- qonuniy tirikchilik manbalarining mavjudligi.
Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlangan qonunning 6-moddasiga binoan “1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi” deb ko‘rsatilgan.
Shu sababli, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida” yangi tahrirdagi qonunining 6-moddasi (2020 yil 1 apreldan kuchga kirgan) ta’siriga tushadigan, ya’ni 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ariza, so‘rovnoma, fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi, nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, arizachining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganligi haqidagi ma’lumotnoma (o‘zgarishlar mavjud bo‘lsa), davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjatni ilova qilgan holda hududiy migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat etishlari mumkin.
Keyingi savolingizga kelsak, bugungi kunda viloyat IIB Migratsiya xizmati va uning quyi tizimlari tomonidan fuqarolarni biometrik va xorijga chiqish biometrik pasportlari bilan hujjatlashtirish, 16 yoshga to‘lib, birinchi marotaba pasport olish uchun murojaat etgan fuqarolarni biometrik pasport bilan hujjatlashtirish hamda fuqarolikka qabul qilish kabi ishlar viloyatimizdagi barcha tuman, shaharlarda pandemiya qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyat IIB Migratsiya xizmati.