Fuqaroning murojaatini o‘z vaqtida ko‘rib chiqmagan mutasaddi jarimaga tortildi
Jomboy tumani «Zarafshon» mahallasida yashovchi fuqaro M.S tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabiga kirish uchun topshirgan onlayn arizasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganidan norozi bo‘lib, adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganishda fuqaro M.S.ning sport maktabiga kirish uchun topshirgan onlayn arizasi adliya bo‘limi tashabbusi bilan ko‘rib chiqilishi ta’minlanib, fuqaroning qonuniy huquq va erkinliklari tiklangan.
Ya’ni, fuqaroning elektron tarzda yuborgan murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasdan, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan sport maktabi mas’ul xodimi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 255-5-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima jazosiga tortilgan.
Qonunchilik hujjatlariga qaraydigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 3 noyabrdagi «Sport sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Davlat sport-ta’lim muassasalariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti 14-bandida, sport ta’lim muassasasi mas’ul xodimi so‘rovnomani uch ish kunida ko‘rib chiqishi va qabul komissiyasiga yo‘naltirishi yoki sababini ko‘rsatgan holda qaytarishi hamda bu haqda ariza beruvchiga xabar yuborishi, 18-bandida, qabul komissiyasi bir ish kunida so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni imtihon topshirish uchun qabul qilish yoki sababini aniq ko‘rsatgan holda qabul qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishini belgilab qo‘yilgan.
Bu bilan adliya organi tomonidan fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishi ta’minlangan.