Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Futbol: Xotira turniri g‘oliblari aniqlandi

Samarqand shahrida futbolimiz jonkuyarlari, ustoz-murabbiylar Bahodir Bobomurodov, Qahramon Mamatqulov, Ulug‘bek Sultonov, Firdavs Burxonov xotirasiga bag‘ishlangan futbol turniri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqa viloyat yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi, viloyat futbol assotsiatsiyasi, marhum ustoz-murabbiylarning do‘stlari, shogirlari tashabbusi bilan tashkil etildi.

Unda mamlakatimizning 30 ga yaqin kuchli futbol klublari yoshlari hamda Tojikiston Respublikasidan kelgan jamoalar bir hafta davomida maydonda o‘zaro bellashdi. Musobaqa ikkita yosh toifasi bo‘yicha o‘tkazildi.

2012-2013 yillarda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda birinchi o‘rinni Buxoro futbol akademiyasining yosh futbolchilari qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Toshkent shahri Bektemir tumani yoshlari hamda “Bunyodkor” futbol klubining yosh charm to‘p ustalariga nasib etdi. 

2010-2011 yillarda tug‘ilgan futbolchilar bellashuvida “Dinamo” futbol klubi qoshidagi “Dinamo” futbol maktabi tarbiyalanuvchilari birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi o‘rinni Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi yoshlari qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Samarqand shahridagi “Motrit” futbol klubi jamoasiga nasib etdi.

Taqdirlash marosimida futbolimiz darg‘alari yosh sportchilarimizga kelajakda mohir charm to‘p ustasi bo‘lishning sir-asrorlari bo‘yicha maslahat berishdi.

G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dilmurod Do‘stmurodov.