Futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun Toshkentdan Tailandga maxsus charter reys yo‘l oldi

Xabaringiz bor, Tailand davlatida U-23 Osiyo chempionati bahslari yana ikki o‘yindan so‘ng o‘z yakuniga yetadi. Bugun va ertaga musobaqaning eng muhim ikki o‘yini o‘tkaziladi.

Bugun, hamyurtlarimiz – O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi futbolchilari Osiyo chempionatining 3-o‘rini va Tokio Olimpiadasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da Avstraliya olimpiya terma jamoasiga qarshi maydonga chiqadi.

Futbolchilarimizni ushbu muhim bahsda maydondan turib qo‘llab-quvvatlash maqsadida erta tongdan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan maxsus charter reys Tailand poytaxti Bangkok shahriga yo‘l oldi.

Ushbu charter reysda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddi xodimlari hamda 150 ga yaqin muxlislar guruhi yo‘l olishdi.