FVV: Buxoroda kuchli shamol sabab bir kishi halok bo‘ldi, 30 ga yaqin fuqaro tan jarohati olgan

Avval xabar berganimizdek, 2020 yil 27 aprel kuni soat 20:00 dan 28 aprelgacha soat 00:30 ga qadar Turkmaniston Respublikasi hududidan kuchli shamol kirib kelib, respublikamizning Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 9-40 m/sek. tezlikda shamol esishi kuzatilgan.

Natijada bir necha fuqaro jabrlanib, ulardan bir nafari halok bo‘ldi. Shuningdek, hududlardagi daraxtlarning ag‘darilishi oqibatida ijtimoiy soha ob’yektlari, aholi yashash xonadonlari va avtotrasport vositalariga zarar yetgan.

Yuzaga kelgan shamol oqibatlarining asosiy qismi Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keladi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, taxminan 29 nafar fuqaro yengil va 1 nafar fuqaro og‘ir tan jarohati olgan bo‘lib, 1 ta holatda o‘lim qayd etilgan.

FVV xabariga ko‘ra, yengil va og‘ir tan jarohati olgan 5 nafar fuqaro tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. 26 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyga javob berilgan.

Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha viloyat, tuman hokimliklarida shtablar tashkil etilib, favqulodda vaziyatlarni baholash komissiyalari keltirilgan zararlarni aniqlash ishlarini olib bormoqda.

Amaliy tadbirlarga FVBlardan jami 704 nafar shaxsiy tarkib, 127 ta avtotransport vositasi, shuningdek, mahalliy hokimiyatlar, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga kiruvchi IIB, SSB, kommunal va boshqa tegishli xizmatlardan mas’ul xodimlarni jalb etgan holda talafot oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.