G‘alaba g‘ururi

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi yaqinlashgani sayin yuraklarda hayajon, noxush bezovtalik bor. Nega desangiz, sobiq tuzumdan g‘alati bir an’ana hanuz saqlanib, bayram yoki tantanalarga qadar u yoki bu ishni tezroq tugatib qo‘yish odati yashab kelmoqda.

Olovning  kosovlari

Gap shundaki, Ukrainadagi 1300 kilometrlik front chizig‘ida 9 may yaqinlashgani sari janglar yanada jiddiy, yanada shafqatsiz tus olayotir. Milliondan ziyod askarlari, ming-minglab harbiy texnikasi safdan chiqarilganiga qaramasdan, har ikki tomon ham sira bo‘sh kelmayapti. Pasxa bayrami yarashuvi haqidagi va’da-voizlarga zid o‘laroq, Rossiya tomoni yanada kattaroq hududlarni bosib olish uchun yangi kuchlarni urush qozoniga tashlamoqda. Boisi, g‘alaba bayramini yangi g‘alabalar bilan nishonlash ishtiyoqi Kremlga sira tinchlik bermayapti.

Bunda ular turli usullarni qo‘llab ko‘rmoqda. Trampni avrab, yolg‘on va’dalar berish, yarash soatlarini e’lon qilish, tinchlik muzokaralariga da’vat etish - bularning barchasi yagona maqsad yo‘lida qilinmoqda. Ya’ni, ukrainlarni holdan toydirib, o‘z shartlariga ko‘ndirishga intilmoqda. Shartlar esa juda og‘ir. Jumladan, Ukraina Rossiya foydasiga beshta oblastidan voz kechishi, armiyasini tarqatib yuborishi, NATOga a’zo bo‘lmasligi, davlat boshiga rusparast rahbar kelishi, bir so‘z bilan aytganda, taslim bo‘lishi kerak. Ular bu yo‘lda gaplariga Trampni ham ishontirishga urinmoqda. Amerikaga son-sanoqsiz hadyalar va’da qilib, o‘zlari tomon og‘dirishga intilmoqda. Boylikka o‘ch Sem amaki ham agar dunyo hamjamiyatidan uyalmasa, Ukrainani allaqachon Rossiyaning bitmas-tuganmas tabiiy boyliklariga almashvorgan bo‘lardi. Ammo orada hech qanday boylik bilan o‘lchab bo‘lmaydigan buyuk qadriyat bor. U ham bo‘lsa, g‘urur. Oddiy insoniy g‘urur. Qulni, qashshoqni, mazlumni erk sari oyoqlantirgan g‘urur. Behisob qonlarni to‘kib bo‘lsa ham saqlab qolingan bebaho g‘urur.

Aytaylik, Ikkinchi jahon urushida 50 milliondan ziyod qurbon berildi. Odamlar erk va ozodlik uchun jon olib jon berishdi. Kim uchun, nima uchun? Axir, ular ham ba’zi vatanfurushlarga o‘xshab, shaharlari kalitini non-tuz bilan dushmanga taqdim etishi mumkin edi-ku! Yo‘q. Ular o‘z erki va ozodligini hamma narsadan aziz deb bildi. Garchand, soxta bo‘lsa ham insonparvar bo‘lib tuyulgan kommunistik g‘oyalar himoyasi uchun omonsiz jangga kirdi. Urushning dastlabki kunlaridanoq ming-minglab yoshlar ko‘ngilli bo‘lib, urush maydonlariga otlandi. Ikkiyuzlamachi, baynalmilal mafkuraga ishongan barcha sobiq sho‘ro xalqlari Rossiya, Belarus, Ukraina himoyasiga otlanib, shirindan-shirin jonini qurbon qildi. Birgina O‘zbekistondan yarim milliondan ortiq yigit halok bo‘ldi. Ularning o‘rni bizga hali-hanuz bilinadi. Agar tirik bo‘lishganida, bugun biz 37 million emas, naq 50 millionlik bo‘lardik.

Urush boshqa xalqlarga ham demografik muammolar paydo qildi. Masalan, bugungi kunda Rossiya, Ukraina aholisi soni yildan yilga kamayib bormoqda. Buning barisiga yovuz urush sababchi. Statistikaga qaraganda, Ukraina urushida ko‘proq rossiyalik mayda millatlar qurbon bo‘lmoqda ekan. Buning sababini so‘rashganda, bir siyosiy arbob: “Milliy respublikalarda qashshoqlik kuchli, shu bois yigitlar katta pul evaziga urushga bormoqda”, dedi. Yana bir “dohiy” esa: “Ruslar bilan ukrainlar og‘a-ini xalq. Ular bir-biriga o‘q uzgisi kelmaydi. Shu bois jangga rus bo‘lmagan millat vakillari kirgani ma’qul", deb hisoblaydi. Bundan kuzatilgan maqsad ochiq ko‘rinib turibdi - Ukrainaga tashlanadigan cho‘g‘ni qo‘l bilan ushlamasdan, kosovdan foydalanish. Bunda boshqa millatlarga kosov vazifasi yuklanayotgani ochiq ko‘rinmoqda. Shu ma’noda, tuvaliklarning o‘z xalqiga nisbatan Moskva genotsid uyushtirayotgani haqidagi gap-so‘zlarida jon borligi ayon bo‘ladi. Mantiq yuzasidan olib qarasak, Ikkinchi jahon urushida ham ushbu usuldan foydalanilgani sezilib qoladi. Yo‘qsa, janggohlarda amerikaliklardan ko‘ra ko‘proq o‘zbekistonliklar qurbon bo‘larmidi?!

Urush va qonun

Bir qaraganda ushbu sarlavha bema’ni bo‘lib tuyulishi mumkin. Axir urushda qonun bo‘larkanmi? Ha, xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilingan urush harakatlarini olib borish haqidagi Jeneva konvensiyasi mavjud. Ammo unga urushayotgan tomonlar ko‘pam rioya qilavermaydi. Ko‘pincha tinch aholi qurollarning asosiy nishoniga aylanadi. Masalan, Rossiya tomoni ukrain xalqida o‘z rahbarlariga nisbatan nafrat uyg‘otish maqsadida urush ortidagi tinch shaharlarga ko‘proq hujum uyushtirmoqda. Ammo ularning bu harbiy jinoyatlari teskari natija bermoqda. Aksincha, ukrainlar prezident Zelenskiy atrofiga jipsroq birlashib, bosqinchilarga qarshi kurashni kuchaytirmoqda. Albatta, hamma ukrainaliklar haqida ham bunday deb bo‘lmaydi. Ular orasida urushdan qochib yurganlar, dushmanga sotilganlar va shunchaki, oxiri nima bo‘larkin, deya tomoshabin bo‘lib o‘tirganlar ham kam emas. Biroq o‘z xalqi, Vatani, millati, tili, dini haqida qayg‘urib, qonli jangga kirayotganlar ko‘proq. Aynan shu bois ham ular o‘zlaridan o‘n baravar kuchli bosqinchi armiyaning xurujini qaytarib turibdi. Bular biz yuqorida yozganimizdek, millat ozodligi, erki uchun qilinmoqda. Aslida bu jarayonlarning ildizi uzoq yillarga borib taqaladi.

Aytaylik, 1945 yilning may oyida Yevropada urush harakatlari to‘xtatildi. Dunyo bir nafas tin olgandek bo‘ldi. Ammo 1946 yildagi Cherchilning Fulton ma’ruzasidan keyin jahon xalqlariga yana bir ochiq haqiqat ayonlashdi. Ma’lum bo‘ldiki, Sharqiy Yevropa bir bosqinchidan qutulib, Yalta va Potsdam shartnomalari asosida, ikkinchi bir bosqinchi qo‘l ostiga o‘tibdi. Dunyo kommunistik inqilobi orzusida yashayotgan bolsheviklar urush bahonasida ulkan bir hududda o‘z rasm-taomillarini yoya boshladi. Bundan ilhomlangan marginal siyosiy kuchlar Kreml ko‘magida boshqaruvni o‘z qo‘llariga oldi. Ularning hokimiyatiga kafolat sifatida Germaniya Demokratik Respublikasi, Avstriya, Polsha, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya, Chexoslovakiya singari Yevropa mamlakatlarida sho‘ro qurolli kuchlari joylashtirildi. Garchand, G‘arb mamlakatlarining bosimi bilan ulardan bir qismi keyinchalik olib chiqib ketilgan bo‘lsa-da, ushbu davlatlardagi siyosiy rejimlar o‘z o‘rnida qoldi. “Xalq demokratik” hukumatlari boshqaruvda yaroqsiz sovet uslubini o‘zlariga andaza qilib olishgani bois sho‘ro jamiyatiga xos ko‘plab muammolar ularga ko‘chib o‘ta boshladi.

Dastlab 1948 yilda GDRda norozilik xalq harakatlari boshlandi va mahalliy kommunistlar yordamida bostirildi. Ko‘p o‘tmay, 1956 yilda Vengriyada “aksilinqilobiy” qo‘zg‘olon sovet armiyasi tomonidan beshafqat yanchib tashlandi. 1968 yildagi "Praga bahori" deya nomlangan xalq harakati va o‘tgan asrning 80-yillaridagi Polshada sodir bo‘lgan voqealar asta-sekin sho‘ro davlatining tanazzuli yaqinlashayotganidan darak berdi. Voqealarning bunday noxush rivojidan xavotirga tushgan sho‘ro rahbarlari 1975 yilda chegaralarning daxlsizligi haqidagi mashhur Xelsinki shartnomasini imzolashga majbur bo‘ldi. Nega desangiz, Kremldagi xayolparastlar to shu kunlarga qadar xalqaro kommunistik harakat keng yoyilishi va "chirib borayotgan" kapitalistik mamlakatlardagi boshqaruv kommunistlar qo‘liga o‘tishi haqidagi shirin xomxayollar og‘ushida edi. Yevropada yangi paydo bo‘lgan ozodlik harakati ular uchun jiddiy ogohlantirish bo‘ldi va Kreml Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan voqelikni tan olishga majbur edi.

Ikki dunyo, ikki olam orasidagi tinch musobaqa raqobati davom etdi. Kechagina urushda mag‘lub bo‘lgan mamlakatlar tiklanib, dunyoning iqtisodiy gigantlariga aylana boshladi, g‘oliblarning boshi g‘alvadan chiqmay qoldi. Hatto, aholini kundalik ehtiyoj mahsulotlari bilan ta’minlash ham katta siyosiy muammoga aylandi. Yoshi katta kishilarimiz go‘sht, yog‘, sovun, sochiq taqchilligi va buning orqasidan kelib chiqadigan uzundan uzoq navbatlarni yaxshi eslasa kerak. Masalan, mening yog‘, un, non, sochiq, batareyka, daftar, oddiy shippak uchun navbatda turganlarim yodimda. Xullas, siyosiy xatolar iqtisodiy tanazzulning boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Eng oliy huquq

XX asr insoniyat tarixiga uning eng murakkab davrlaridan biri bo‘lib kirsa, ajab emas. Nega deganda, ikki jahon urushi, yuzlab inqiloblar, adoqsiz islohotlar o‘tgan asrning asosiy qiyofasi bo‘ldi, desak adashmaymiz.

Asr boshlaridan kuchaya boshlagan so‘llar harakati oxiri dunyoda ozmi-ko‘pmi ijtimoiy adolatning qaror topishi bilan XXI asr boshlariga kelib, asta-sekin susaya boshladi. Kuchayib borayotgan globalizm jarayonlari insoniyat oldiga yangi-yangi muammolarni ko‘ndalang qo‘ydi. Ulardan biri hozirgacha davom etayotgan xalqlarning buyuk ko‘chishi bo‘ldi. Ikkinchisi, uchinchi dunyo mamlakatlarining birinchi va ikkinchi dunyo bilan tengma-teng raqobatga kirishganidir. Hozirgi vaziyat shundayki, ikkinchi dunyo mamlakatlarini kim o‘ziga tomon og‘dirib oladi, degan savol har ikki dunyo davlatlari uchun asosiy muammoga aylanmoqda. Agar G‘arb Rossiyaning ko‘ngliga yo‘l topib, uni o‘z ittifoqchisiga aylantirsa, kuchayib borayotgan Xitoy bilan bo‘lajak raqobatda yutib chiqishi mumkin. Biroq Xitoy ham liberal-demokratik dunyoga qarshi kurashda Rossiyani o‘ziga yaxshi hamkor sifatida ko‘rishni istaydi. Chunki kimdir xohlasa-xohlamasa, Rossiya hali dunyodagi asosiy kuch markazlaridan biri sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotganicha yo‘q.

Moskva ikki katta yo‘l boshida turgan odamga o‘xshaydi. G‘arb liberalizmi bilan yaqinlashsa, xuddi avvalgi yillarda bo‘lganidek, parchalanib ketish xatari paydo bo‘lishi mumkin. Mabodo uchinchi dunyo tarkibiga qo‘shilsa, Xitoyga vassal davlat sifatida abadiy qoloqlik botqog‘iga tushib qoladi. Masalan, uchinchi dunyodagi lider davlat Xitoyni olib ko‘radigan bo‘lsak, nuqul G‘arb texnologiyalarini o‘zlashtirish hisobiga rivojlanayotgan imperiya shaklidagi bir saltanat ekanligi ayon haqiqat. Shu bois bo‘lsa kerak, Moskva o‘zi uchun boshqalarga o‘xshamaydigan original "rus dunyosi"ni yaratishga harakat qilmoqda. Katta imperiyani esa Ukrainasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, olib borilayotgan bugungi urush Rossiya uchun allaqachon hayot-mamot masalasiga aylanib ulgurdi.

Endi ortga qaytishga yo‘l qolmagan. Bu shuni anglatadiki, urush tugagan taqdirda ham oradagi ziddiyat yakun topmaydi. Ba’zilar bu urushda faqat Putinni ayblashga urinadi. Aslida bunday emas, u o‘z xalqining kayfiyati oqimi bo‘ylab suzmoqda. Putin imperiyaning bir asr ichida ikki marta parchalanishidan chuqur tushkunlikka tushgan alamzada xalqning hosilasi. Faqat bunda uning dunyoqarashi bilan oddiy xalq kayfiyati juda hamohang kelganligi vaziyatni qaltislashtirib yubordi.

2022 yil 24 fevralda urush harakatlari boshlanganida Rossiya armiyasi qattiq qarshilikka uchrab, ko‘plab askarlar halok bo‘lgach, hamma endi mamlakatda urushga qarshi harakat va namoyishlar boshlanib ketadi, deb o‘ylagandi. Ammo bunday bo‘lmadi, odamlar mo‘may pul topish ilinjida o‘z ixtiyori bilan jangga otlana boshladi. Qamoqxonalardagi mahbuslar ham ozodlik evaziga urushga kirishga rozi bo‘ldi. Ularning yoniga ipoteka krediti qarzdorlari va aliment to‘lashdan qochib yurganlar qo‘shildi. Bugun rus ma’murlari xorij fuqarolarini ham urushga safarbar etmoqda. Ukrainlarga qarshi afrikalik, hindistonlik, xitoylik, shimoliy koreyalik va barcha sobiq sho‘ro respublikalaridan bo‘lgan odamlar urushayotganligi sir emas. Adolat yuzasidan aytish kerakki, xorij fuqarolari Ukraina tomonida turib ham jang qilmoqda.

Qisqa qilib aytganda, ushbu muhorabada insonlarning eng oliy - yashash huquqi qo‘pol poymol etilmoqda. Ayniqsa, unda tinch yashayotgan aholining, qariyalar va bolalarning qurbon bo‘layotganligi chidab bo‘lmas holat. Kimlarningdir shubhali orzu-havasi va siyosiy-iqtisodiy o‘yinlari yo‘lida minglab navqiron yigitlar qurbon bo‘layotgani kishini afsuslantiradi. Axir, ular orasida bo‘lajak olimlar, shoirlar, ixtirochilar, buyuk mutafakkirlar bo‘lishi mumkin. O‘z xalqining genofondiga bunday shafqatsiz munosabatda bo‘layotgan kishilarni kelajak sira kechirmasa kerak.

Xudoyberdi Komilov,

siyosiy sharhlovchi.