Galina Juravleva: “18 yoshda urushga ketgan ukamni izlab, jangga kirdim”

Ikkinchi jahon urushi vaxshiyliklarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Juravleva Galina Semyonovadan xabar olish uchun xonadoniga o‘qituvchimiz Kristina Kim va o‘quvchilar bilan bordik. U kishi boshidan o‘tgan qiyinchiliklar haqida uzoq gapirdi.

“Men 1922-yil 4-noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Ukam va mening eng yaxshi davrlarimiz urush yillariga to‘g‘ri keldi. Ukam 18-yoshida urushga yo‘l oldi. Oradan ikki yil o‘tdi. Ukamdan hech xabar bo‘lmadi. Ukamni topish maqsadida kerakli joylarga bordim. Meni ham olib ketishlarini istadim va nihoyat  20 yoshimda Rossiyaga yo‘l oldim. Ukam nemislar qo‘liga asir tushgan ekan.

Urush yillari juda og‘ir kechdi. Aloqachi va telefonist bo‘lib xizmat qildim. Urushdagi qora kunlarni eslash men uchun juda og‘ir.

Nihoyat, bu azobli kunlar tugadi. Ukam nemislar qo‘lidan ozod qilindi. U bilan birga O‘zbekistonga qaytdik”.

Yurtimizda shunday insonlar yashayotganidan judayam faxrlandim. Yaxshiyamki, shunday kishilar bor. Onaxonning bir gapi bizni juda ta’sirlantirdi: “Men O‘zbekistonimni hech qaysi davlatga almashmayman. Bu – mening vatanim. Sizlar mening yaqinlarimsiz. Menga boshqa davlatda yashashga juda ko‘p takliflar bo‘ldi. Lekin O‘zbekistonim men uchun dunyoda yagona”.

Vatan qadrini shunday insonlardan so‘rash kerak. Ular bo‘lmaganida, hayotimiz farovon kechmasdi. Ularga ming bor tashakkur aytsak, ularni qancha yo‘qlasak, shuncha oz. Faxriylarimizni nafaqat bayramlarda, balki har kuni eslashimiz, borib ko‘rishimiz – burchimiz. Shunday insonlarning mashaqqatlari va azoblari evaziga erkinlik va ozodlik ne’matini bildik.

Shahnoza ABDUJALOLOVNA,
SamDChTI, Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetining 1-bosqich talabasi.