Gashtak faqat ziyofatxo‘rlikmi?

Yoqilg‘i quyish shoxobchasida elektr o‘chib, biroz kutib qoldik. Oldinda turgan haydovchi tanishimni ko‘rib, hol-ahvol so‘rash uchun mashinadan tushib bordim. U rulga boshini qo‘ygancha mudrab o‘tirardi.

- Ha, oshna, kechasi kalla yaxshi "pishmadi"mi? - dedim hazillashib.

U uyqusizlikdan qizargan ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib, boshini ko‘tardi.

- Assalomu alaykum aka, kechirasiz. Jo‘ralar bilan gashtak o‘ynaganmiz, navbat bilan o‘tkazib turamiz. Kecha rosa ichibmiz, kallam tars yorilay deyapti-ya! Uyquning ham tayini bo‘lmadi. Lekin maza qildik, do‘stimiz aroqni importniysidan olgan ekan. - U inqillab, bazo‘r mashinadan tushib, salomlashish uchun qo‘l uzatdi.

- Suhbatlaring ham rosa qizigandir?

- Ey, qanaqa suhbat, aka? - U aftini burishtirdi. - Kim nima haqida gapiryapti, kim gapirib, kim tinglayapti, bilmaysiz, nuqul aljirab, aroqdan qo‘y deyishadi…

Unga achindim, jismonan ham, ruhan ham egilgandi. To‘qlikka sho‘xlik, umr egovi bo‘lgan bunaqa gashtaklar nimaga kerak?

To‘g‘ri, gap-gashtak azaliy an’analarimizdan. Unda kundalik turmush tashvishlaridan charchagan yoru birodarlar, qo‘ni-qo‘shni mahalladoshlar vaqti-vaqti bilan to‘planib, chaq-chaqlashib, shirin suhbat qurishgan. G‘azalxonlik, dostonxonlik bo‘lgan, kuy-qo‘shiq tinglashgan, o‘yin-kulgi, askiya aytib, vaqtichog‘lik qilishgan. Bir-birining diydoriga to‘yib, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlagan. Fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, to‘y-ma’rakalar, odob-axloq, tarbiya, mahalla muammolarini birgalikda hal etish bo‘yicha maslahatlashib olishgan. Bir so‘z bilan aytganda, gashtak-gurunglar ma’naviy ehtiyoj, ma’rifiy-tarbiyaviy ma’no kasb etgan. Bu azaliy odat hozirda ham davom etib kelmoqda: jo‘ra gashtak, dugona gashtak, kursdosh gashtak, hamkasb gashtak va hokazo.

Ammo ular avvalgi mazmun-mohiyatini yo‘qotayotganday. Bunga maqolamiz avvalida misol keltirdim. Shiddatli taraqqiyot zamonida yashayapmiz. Yurtimiz tinch, osoyishta, to‘qchilik, turmushimiz farovon, har kuni bir yangilik, har kuni o‘zgarish. Vaqt uchqur, turmush tashvishlari borlig‘imizni shunchalik chulg‘ab olganki, ularni ado etishga yigirma to‘rt soatlik kecha-kunduz ham kamlik qilyapti. Jismonan, ruhan toliqasiz, hammasini bir zum unutib, tin olgingiz keladi. Shunday paytda vaqt topib, do‘stlar, qadrdonlar bilan shirin suhbat qurib, fikr almashish, bir qo‘l shaxmat o‘ynash, o‘qigan kitob taassurotlarini baham ko‘rish, she’r o‘qish, qo‘shiq xirgoyi qilish charchoqlarni yozishga yordam beradi, ma’naviy bahra olasiz.

Afsuski, hamma gashtaklar ham ana shunday mazmun-mohiyat kasb etmayapti. Aksariyati faqat ziyofatu yeb-ichish, ortiqcha sarf-xarajat, isrofgarchilik, oldi-qochdi g‘iybatlar bilan o‘tyapti.

Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, do‘stu qadrdonlar bilan tez-tez diydorlashib turish, yangiliklar, g‘oyalar bilan o‘rtoqlashish, oila davrasida kitobxonlik, sport bilan shug‘ullanish sog‘lom turmush garovi ekan.

Har kunimiz voqealar, yangiliklarga boy. Bu gashtak-gurunglarda dilkash suhbatlar mavzusi bo‘lishi kerak. Bunday davralar dunyoqarashni kengaytirib, kishiga jismonan va ruhan quvvat beradi. Ertangi kunga ishonchni orttirib, xayrli ishlar, orzu-istaklarni amalga oshirishga ilhomlantiradi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.