«GAZ-24» avtomashinasi bilan taqdirlangan fotomuxbir

Gazetalar yuziga ko‘rk bag‘ishlovchi, ta’bir joiz bo‘lsa kelinchak misol chiroy ato etuvchi nima deb so‘rasangiz, shu soha xodimlari hech ikkilanmasdan fotosuratlar deyishi tayin. Haq gap. Suratsiz gazeta yoki boshqa nashrlar «yo‘nilmagan tayoq», «suprasi quruq»dek jozibadorlik kasb etmaydi, o‘quvchiga zerikarli bo‘lib qoladi. Yaxshi surat olish, tanlash va uni gazeta sahifalariga joylashtirish esa fotomuxbirning topqirligi, nigohi, didiga bog‘liq.

G‘ulom Aliyev shu sohani tanlab xato qilmadi. Yarim asr yelkasiga zil-zanbil sumkasini osib dala-dasht kezdi, zamonamiz qahramonlarining nurli siymolarini, qo‘yingki, vohamiz qaynoq hayotini suratlarda muhrladi. Topgan-tutganlarini Samarqand viloyatining «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») va boshqa nashrlarga ilinib, tarixning yorqin sahifalarini yaratishga xizmat qildi.

- G‘ulom Aliyev menga ustozlik qilgan, - deydi mohir fotojurnalist Tohir Norqulov. – Suratga olish san’atini u kishidan o‘rganganman. Agar tarixga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan asrning 50-60-yillarida viloyatimizda atigi ikkita gazeta chop etilardi. Malakali xodimlarga, xususan, tajribali fotomuxbirlarga ehtiyoj sezilardi. G‘ulom Aliyevning tahririyatga ishga kelishi hech mubolag‘asiz Samarqand fotojurnalistikasining shakllanishida dadil qadam bo‘lgan. Tez orada har ikkala – «Lenin yo‘li» va «Leninskiy put» (hozirgi «Samarkandskiy vestnik») gazetalarida «G‘.Aliyev suratga olgan» degan tagxat bilan birin-ketin suratlar ko‘rina boshladi. O‘sha suratlarni bugun esga oladigan bo‘lsak Samarqand vohasining butun bir galereyasini ko‘rish mumkin.

Men tahririyatga o‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshida ishga kelgan bo‘lsam o‘sha paytda G‘ulom Aliyevning eng yorqin ishlariga guvoh bo‘lganman. Ishchan, serharakat, talabchan va shu bilan birga o‘ta injiq hisoblangan G‘.Aliyevning o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyati menda katta taassurot qoldirgan. Keyinchalik bir-birimizga, hammaslak bo‘lib ishladik. Suratga olish jarayonini haqiqiy san’atga aylantirishga ulgurgan G‘ulom Aliyev nafaqat viloyat gazetalarida, balki respublikamizdagi markaziy nashrlarda o‘z fotosuratlari, fotolavhalari bilan faol ishtirok etdi. Qator ko‘rgazmalarda qatnashdi. Jumladan, 1971 yilda respublika badiiy va hujjatli fotoko‘rgazmada uchinchi darajali, 1988 yilda «Toshkent kinofestivallari yilnomasi» fotoko‘rgazmasida birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Ko‘p yillik xizmatlari bois «Xalqlar do‘stligi» ordeni bilan taqdirlandi. G‘ulom Aliyevga 1994 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvoni berilgandi. Qaynoq hayotni aks ettiruvchi fotoko‘rgazmasi uchun viloyat hokimligi tomonidan «GAZ-24» markali yengil avtomobil bilan taqdirlandi.

- Ustozdan suratga olish mahoratini o‘rganib kam bo‘lmadim, - deya so‘zini davom ettirdi Tohir Norqulov. – Avval «Jizzax haqiqati» gazetasi, viloyat teleradiokompaniyasi, keyinchalik «Leninskiy put» gazetasida faoliyat ko‘rsatdim. Yigirma yil davomida O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Zarafshon vohasi bo‘yicha muxbiri bo‘lib xizmat qildim. Zahmatli mehnatim faoliyat ko‘rsatgan jamoalar, ijodiy uyushmalar, viloyat hokimligi tomonidan e’tirof etildi. 2005 yilda «Eng ulug‘, eng aziz» respublika tanlovida g‘olib bo‘ldim.

Ha, Tohir Norqulov ustozi Aliyev (hayot bo‘lganida 86 yoshni qarshi olardi) kabi yurt kezdi. Fotonigohi tushmagan, go‘shalar, vohalar kamdan kam. Uning yorqin suratlari viloyat gazetalarini hamon bezab kelmoqda. Ularda bugungi zamonamiz qahramonlari, bunyodkor kishilar aks etmokda. Bir qator tanlov g‘olibi bo‘lgan Tohir Norqulov hamon unga murabbiylik qilgan va bugun oramizda bo‘lmasa-da undan nurli ijod sahifalari qolgan ustozi - tajribali fotosuratchi G‘ulom Aliyev ruhini tuyib samarali ijod qilmoqda. Kasb sirlarini yosh fotomuxbirlarga o‘rgatib kelmoqda.

Adham HAYITOV.