Gaz va ko‘mir ta’minoti korxonalari kuzgi-qishki mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘rdi?

Viloyat Matbuot uyida «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti hamda “Ko‘mir ta’minot” MChJ viloyat filiallari rahbarlari jurnalist va blogerlarga viloyatimizda kuzgi-qishki mavsumga qay darajada tayyorgarlik ko‘rilayotganligi haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti viloyat filiali tomonidan viloyat bo‘yicha bugungacha 3,10 km gaz quvurlari mukammal ta’mirlanib, 6,3 km gaz quvurlari rekonstruksiya qilingan. 906 kilometr gaz quvurlari bosim ostida zichlikka sinalib, havo bosimi yordamida tozalangan. 8639 ta gaz taqsimlash qutilarida taftish ishlari amalga oshirilgan.

- Samarqand shahridagi Amir Temur va Gagarin ko‘chalari kesishmasidan Firdavsiy ko‘chasiga D-325 mm. uzunligi qariyb 500 metrli tabiiy gaz quvuri tortilishi natijasida Mirzo Ulug‘bek va Ahmad Yassaviy nomli hamda “Lolazor”, “Maftunkor” mahallalaridagi yetti mingdan ortiq aholi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi, - deydi «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti viloyat filiali direktori o‘rinbosari Olim Isoqulov. – Korxonamiz ishchi-mutaxassislari tomonidan Oqdaryo gaz taqsimlash stansiyasidan Panjakent ko‘chasigacha 11,5 km gaz quvurlari tortish ishlari bajarilmoqda. Mazkur inshoot ishga tushgach, shaharning Siyob hududidagi 20 ga yaqin mahalla va ijtimoiy soha ob’yektlarida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi. 

Shuningdek, Samarqand tumanidagi “Samarqand-1” gaz taqsimlash stansiyasidan 5,2 km masofada D-325 mm.li yuqori bosimli yangi gaz quvuri qurilgach, shahar markazidagi aholi xonadonlari, mehmonxona va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida, SamDAQI atrofidagi mahallalar, Sartepa massivi, Universitet xiyoboni atrofidagi mahallalarda yashovchi 32 mingdan ortiq xonadonlarda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi.

Shuningdek, matbuot anjumanida “Ko‘mir ta’minot” MChJ Samarqand viloyat filiali direktori Sayfiddin Jumanov kuz-qish mavsumiga ko‘mir g‘amlash jarayonlari xususida ma’lumot berib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, joriy yildan boshlab gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi aholi uchun ko‘mir yetkazib berish tizimi tubdan o‘zgardi. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 744 ta mahalla joylashgan 450 ming xonadonning ko‘mirga ehtiyoji bor. Ijtimoiy soha ob’yektlariga 38 081 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berildi. 

- Aholi uchun esa 55 ming tonna ko‘mir shoxobchalarimiz orqali tarqatildi, - deydi Sayfiddin Jumanov. - Yana 35 ming tonna ko‘mir joylardagi shoxobchalarga yetkazib beriladi. Ayni paytda omborxonalarimizda 5860 tonna ko‘mir zaxira qilingan. Shuningdek, aholidan tushgan talabnomalarga asosan 1587 tonna ko‘mir mahsulotlari peshma-pesh temir yo‘l orqali keltirilmoqda. 

Viloyat aholisini ko‘mir yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash uchun yana 30 ming tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib beriladi. Buning uchun viloyat bo‘yicha Samarqand shahridan tashqari Kattaqo‘rg‘on, Jomboy, Paxtachi, Narpay tumanlarida, shuningdek, aholisi ko‘p bo‘lgan Urgut tumanining Jarqishloq va Bunyodkor mahallalarida, chekka tuman hisoblangan Qo‘shrabotda Jo‘shota hamda Qo‘ralos mahallalarida jami 12 ta ko‘mir tarqatuvchi omborxona va shoxobchalar faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Tadbir doirasida Samarqand ko‘mir omboriga jurnalistlar uchun press-tur ham tashkil etildi. Urgut, Payariq, Samarqand shahri va tumani aholisiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan mazkur omborxonadan aholiga kuniga 350-400 tonnagacha ko‘mir sotilmoqda.

- Hozirda maskanimizda Angren ko‘mir konidan keltirilgan 400 tonnadan ortiq ko‘mir zaxirasi bor, - deydi ombor mudiri Umid Ahmedov. – Yil boshidan buyon omborxonamizga 5292 tonna ko‘mir mahsulotlari qabul qilib olganmiz. Jumladan, bugungacha Payariq tumaniga 614 tonna, Samarqand tumani aholisiga 433 tonna ko‘mir yetkazib berildi. Agar aholidan talab tushsa yana qo‘shimcha ravishda yetkazib berishimiz mumkin. O‘tgan yili Urgut tumanining tog‘li hududlaridagi xonadonlarga 17 ming tonna tarqatilgan bo‘lsa, joriy yilda tuman aholisi 20 ming tonna ko‘mirga buyurtma bergan.       

Eslatib o‘tamiz: ko‘mir mahsulotlarining aholiga sotish narxi (1 tonnasi) 300 ming 300 so‘m etib belgilangan.

Dilmurod To‘xtayev.

***

H.Eltoyev olgan suratlar.