Gazeta tarqatishning "velosiped" usuli, yoki majburiy obunasiz yashayotgan nashrlar tajribasidan
OLTINKO‘L TAJRIBASI
– Uzoq yillar mobaynida gazetamiz obunachilarga o‘z vaqtida yetib bormayotganidan aziyat chekkach, 2014 yilda bu masalada jiddiy bosh qotirdik, – deya gapirib bergandi gazetaning o‘sha paytdagi muharriri Faxriddin Parpiyev. – Obunani ham, gazeta tarqatilishini ham o‘zimiz tashkil etsak-chi, degan taklifni o‘rtaga tashladik. Obunani ushbu ish bilan shug‘ullangan tashkilotlar orqali emas, tahririyatning o‘zida tashkil etishga erishdik. Gazeta tarqatuvchilarni ishga qabul qildik. Tuman miqyosida velosipedda 20 ga yaqin gazeta tarqatuvchilarimiz bor edi. Ular shunchaki gazeta tarqatuvchi emas, ma’naviyat tarqatuvchi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Gazeta tarqatishi barobarida ular joylardan xabarlar olib kelar va bu axborotlar gazetada chop etilardi. Ularning maoshi tarqatgan gazetasi soni bilan o‘lchanardi. Obunani ham shu gazeta tarqatuvchilarimiz amalga oshirardi. Natija biz o‘ylagandan ham yaxshi bo‘ldi, hisobimizda yetarlicha mablag‘ bo‘lgani tufayli bizda yaxshi ijod qiladigan muxbirlar ishladi.
Qator yillardan beri shu tizimda ishlab kelayotgan, majburiy obuna katalogiga kiritilmagan gazeta tajribasini bir necha viloyat tahririyati jamoalari borib o‘rganishgan. Joriy etishganmi, yo‘qmi, bilmadim. Bu usul tahririyatning o‘zida hozir ham davom etyaptimikan, degan savol bilan F.Parpiyevga qo‘ng‘iroq qildim. U kishi ayni paytda tuman hokimi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayotgan ekan. Ammo bu tajriba yo‘qolmasligiga ishonch bildirdi.
Joriy yil Samarqanddagi ba’zi tuman gazetalari ham shu tajribani qo‘llab ko‘rish yo‘lida ish boshladi. Misol uchun, "Jomboy tongi" gazetasi tahririyati obunachilarning 90 foiziga gazetani o‘zlari tarqatishni rejalashtirmoqda. O‘sha, velosiped usulida. Ba’zi tuman gazetalari targ‘ibotni kuchaytirgan, yana birlari aksiya e’lon qilgan. Xullas, yashash uchun kurash yo‘lida jadal ishlar davom etmoqda. Bu kabi yangicha yondashuvlar shu jamiyatda mehnat qilayotgan bir muxbir sifatida bizni quvontiradi, albatta. Ammo hamon bizni tashlab qo‘yishmaydi, degan fikr bilan bamaylixotir yurgan gazetalar ham yo‘q emas.
Gazetalar kerakmi, majburiy obuna masalalarida uzoq bahsli tortishuvlar davomida MDH davlatlari, xususan, Rossiyada rayon gazetalari qanday yashayotganligi haqida savolimga javobni internetdagi qidiruv saytlaridan topdim. Qizig‘i, ularda ham ahvol maqtangulik emas ekan. Turli fikr-mulohazalar bildirilgan maqolalarning mazmun-mohiyati asosan yashab qolish yo‘llari haqida edi. Ularning orasida bor-yo‘g‘i 20 ming aholisi mavjud bo‘lgan Baykalortidagi Baley rayon gazetasi muharriri Larisa Troyegubovaning maqolasini o‘qib chiqdim. Aynan hozir bizning gazetachilarimiz oldida turgan muammolar ularni ham qiynab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Xo‘sh, ular bunday qiyin vaziyatdan qanday chiqib ketmoqda? Maqolada savollarimizga ham javob olishimiz mumkin (aksar o‘qiganlarim mazmuni bilan deyarli bir xil bo‘lgani uchun aynan shu maqolani e’tiboringizga havola etmoqchiman).
"BALEYSKAYa NOV" YaShAB QOLIShIGA IShONADI
"Hozir bizning "Baleyskaya nov" gazetamiz bir haftada ikki marta, bir yarim ming nusxada chop etiladi. Sovet ittifoqi davridagi "Baleyskiy rabochiy" gazetasining vorisi bo‘lgan ushbu nashr o‘sha davrlarda o‘n ming nusxada, haftasiga uch marta nashr etilgandi.
O‘z-o‘zini qoplash sharoitida yashab qolish imkoniyati deyarli yo‘q. Biz ko‘plab reklama beruvchilar bilan ishlaymiz. Ularning geografiyasi ham turlicha. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, byudjetimizning 50 foizini munitsipalitet subsidiyalari tashkil etadi. Biz gazetamizda hokimlik qarorlari hamda me’yoriy hujjatlarni e’lon qilib boramiz. O‘ylashimcha, moliyaviy ko‘makka bugungi kunda barcha rayon gazetalari muhtoj. Siz biror joyda o‘z daromadlari evaziga kun ko‘rayotgan rayon gazetasini ko‘rganmisiz?
To‘g‘ri, bugun har bir rayon nashri elektron versiyasiga ega. Ammo gazetalarning qog‘oz variantini chop etishni to‘xtatishni hech kim xayoliga ham keltirgani yo‘q. Birinchidan, bizning asosiy o‘quvchilarimiz yoshi katta kishilar. Ularning hammasida ham internetda ishlash imkoniyati yo‘q. Garchi saytimiz yoshlar o‘rtasida ommalashgan bo‘lsa-da, ammo unga katta talab yo‘q.
Gazeta – tirik organizm, obuna narxi qimmatroq, shuning uchun aksar hollarda gazeta sotib olish uchun odamlar tahririyatga kelishadi. Shu yerning o‘zida gazetadagi maqolalar haqida fikr bildirib ketishadi: ba’zida maqtov eshitamiz, kezi kelganda haqorat… Aytish kerakki, bizning o‘quvchilar uchun axborotni gazeta holida o‘qish ko‘proq yoqadi, bunga ko‘p marta amin bo‘lganmiz.
Umuman olganda, "internet bosma nashrlarga qarshi" tezisi yangilik emas. Ammo hali-hanuz gazetalar nashr etilmoqda, qaysidir yopilsa-da, o‘rniga boshqasi tashkil etilayotir. Rossiya hukumati tomonidan mahalliy OAVni qo‘llab-quvvatlash variantlari o‘ylab chiqilmoqda. Nima bo‘lgan taqdirda ham rayon gazetalari, ya’ni ijtimoiy-siyosiy gazetalar ko‘ngilochar va reklama bilan shug‘ullanuvchi gazetalardan farqli o‘laroq, qanday bo‘lmasin yashab qolish uchun kurashmoqda. Garchi reklamadan tushayotgan mablag‘ bo‘lishiga qaramay, bizga rayon ko‘magi katta madad bo‘layotir.
Umuman, bosma OAVning rivojlanishiga nima to‘siq bo‘lmoqda? Bugun obuna bahosining qariyb 70 foizini "Rossiya pochtasi" olib qo‘yadi. Bunaqasi biznesning biror-bir sohasida yo‘q. Ammo obunachiga gazeta yetkazib berishning to‘lovi shunday. Afsuski, gazetani o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berish majburiyatini bu tashkilot yetarli darajada amalga oshirmaydi. Shuning uchun deyarli har kuni odamlar "Gazetangizga obuna bo‘lmaymiz, uni o‘z vaqtida yetkazishmaydi!", deya shikoyat qilishadi. Shu tariqa yaxshigina summa to‘lab obuna bo‘lgan o‘quvchilarimizni yo‘qota boshladik.
Pochta tariflarining yuqori stavkasi, qog‘oz narxining kundan-kunga oshib borayotgani, nashriyotlar uchun soliq preferensiyalarining yo‘qligi – bosma nashrlarning bu kabi muammolarining hal etilishi sohadagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin. Bu esa hukumat irodasi bilan bog‘liq.
Pessimistik bashoratlarga qaramay, oblast, rayon hamda shahar gazetalari bizga qabr qazishga shoshmang, deya bong urmoqda. Hozircha minglab odamlar sifatli va aniq ma’lumotga ega bo‘lishni istayotgan ekan, baleyliklar gazeta sotib olayotgan ekan – gazetalar yashaydi".
XAVF BOR, AMMO UNDAN ChIQISh YO‘LI HAM
– To‘g‘ri, hududiy hokimliklarning byudjetdan ijtimoiy-siyosiy gazetalarga pul ajratishi nafaqat Rossiya, balki boshqa qator rivojlangan davlatlarda ham bor, – deydi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti dotsenti Akbar Nurmatov. – Majburiy obuna, tabiiyki, matbuotning yashab ketishi uchun yo‘l emas, bunday usul biror qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi.
Qator Yevropa davlatlari, misol uchun, Fransiya, Germaniyaning ham chekka hududdagi nashrlarni qo‘llab-quvvatlash yoki aholining u yoki bu ijtimoiy qatlamiga bepul gazeta yetkazib berishni ta’minlash maqsadida matbuotga yetarli miqdorda mablag‘ ajratishi haqida eshitganmiz.
Endilikda mahalliy hokimliklar ham boshqa davlatlardagi singari o‘z nashrining yashab qolishi uchun harakat qilishi lozim, nazarimizda. Aks holda, ayni vaziyatda bu gazetalar yopilib ketish xavfi ostida. To‘g‘ri, bu usulning ham tahririyat ijodiy jamoasi uchun salbiy tomonlari bor. Deylik, mablag‘ kelib turgach, jamoada boqimandalik kayfiyati uyg‘onishi ham mumkin. Shuning uchun gazetaga sarflanadigan mablag‘ning ma’lum qismi muassis tomonidan qoplansa-yu, qolgani obunchilar mablag‘i evaziga yuritilsa, nazarimda maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Hozirgi biz bilib, kuzatib turgan pallada tahririyatlarning beparvoligiga muassislarning ham e’tiborsizligi qo‘shilsa, gazetalar keskin yopilib ketish xavfi bor. Tabiiyki, yo‘qotilgan narsani tiklashdan og‘irrog‘i yo‘q, ammo uni asrab qolish uchun hozircha bir nechta yo‘llar bor – muassis va tahririyat hamkorligi, gazetalardagi maqolalar sifati oshishi, tahririyat o‘z navbatida o‘quvchilari bilan aloqani yo‘lga qo‘yib olishi kabi. Ayni pallada esa tahririyatlar baribir muassis ko‘magiga muhtoj, hatto sifatini oshirib olish masalasida ham.
Gulruh MO‘MINOVA.