Gazetaning tashrif qog‘ozi

Yaqinda ziyolilar davrasida o‘qimishli kishi o‘tirganlarga qo‘lidagi gazetani ko‘rsatib, "Qarang, "Ko‘rganing emas, yeganing seniki!". Sarlavhani nihoyatda chiroyli, ko‘rinarli qilib berishibdi. Sarlavha gazetaning pardozi-da!", dedi. Ehtimol, bu gapda ham jon bordir, kamina shu sohaning odami bo‘lganim uchun bu safar aynan sarlavhalar haqidagi xulosalarim bilan o‘rtoqlashgim keldi.
Avvalo, maqola mazmuni sarlavhada bo‘y ko‘rsatishi kerak. Bu mezonni milliy matbuotimizga tamal toshini qo‘ygan jadidlarimiz – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Saidrizo Alizoda, Hoji Muinlar o‘z maqolalarida aks ettirganlar. Masalan, 1913-1919 yillarda “Samarqand”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Ishtirokiyun” gazetalari, “Oyina” jurnalida yuqorida nomlari keltirilgan ma’rifatparvar bobolarimiz imzosi bilan chop etilgan “Sart so‘zi majhuldir”, “Tiyotr nadur?”, “Haqiqat har tarafdan zuhur etar”, “Tilimiz”, “Farzand tarbiyasi”, “Samarqandda matbuot ahvoli” kabi maqolalar mazmuni ularning sarlavhasidayoq sezilib turgan.
Ustoz jurnalist Ahmadjon Muxtorovning "Gazeta - aql qayrog‘i, tafakkur chirog‘i, ijod qaymog‘i, yurak qiynog‘i" degan naqlsifat iborasi o‘z davrida hamkasblar uchun shior edi. Bosh muharrir bu gapiga, avvalo, o‘zi amal qilardi. Mabodo qo‘liga betakror, chiroyli sarlavhali maqola tushib qolsa, “vyorstka”ni buzib bo‘lsa ham o‘shani qo‘yishga intilardi. Va harakatini “Bilasizlarmi, muallif maqola yozishga ham,sarlavha topishga ham birdek kuch sarflagan”, deb izohlardi. Har galgi “letuchka”da gapni gazetaning yangi sonidagi maqolalar sarlavhalarini tahlilqilishdan boshlardi. Undan keyin Mardi Nuriddinov, Habib Temirov bosh muharrir bo‘lganda ham bunday munosabat davom etdi. Negaki, bu usul Samarqand jurnalistika maktabida yillar davomida shakllangandi.
Yashirib nima qilamiz, bugun birorta nashrda "Plenum bo‘lib o‘tdi", "Viloyat kengashi sessiyasi", "Hashar uyushtirildi", "Hamshahrimiz g‘olib", "Meva-cheva ko‘payadi", "Maktabda Navoiy eslandi", "Taqdimot o‘tkazildi" kabi sarlavhalar qo‘yilsa, u nafaqat o‘quvchi asabiga tegadi, balki shu nashr xodimlari malakasizligini ham ko‘rsatadi. Mamlakatdagi yangi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, ochiqlik va ijtimoiy tarmoqlar ayrim gazetachilarga sarlavha qo‘yishda mahoratdan tashqari jasorat va bilim ham kerakligini eslatdi. Shu sababli keyingi 5-6 yil ichida vaqtli matbuotdagi sarlavhalarga "jon" kirdi. Xususan, siyosiy partiyalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahslar chog‘ida sarlavhadagi har bir so‘zni, hatto tinish belgilarini qo‘yish uchun ham izlanishga, qonunlarni o‘rganishga, o‘zbek xalq maqollarini qayta-qayta o‘qishga to‘g‘ri keldi. Natijada diqqatni tortadigangina emas, maqola mohiyatini aniq ochib beradigan sarlavhalar yuzaga keldi. Fikrimning isboti uchun ulardan ayrimlarini eslatib o‘tsam:“Faol deputatlarsiz demokratiya bo‘lmaydi” (“O‘zbekiston ovozi”), “Xalq yuragiga yo‘l uning dardiga darmon bo‘lishdan boshlanadi” (“Adolat”), “Ko‘ngillarga quloq tutaylik” (“XXI asr”), “Ezgu ishlar ro‘yobiga nima xalal bermoqda?” (“Milliy tiklanish”), “Taqiq emas, muqobil yechimlar kerak” (“Oila va tabiat”).
Darhaqiqat, sarlavhani bir nafasda yoki bir ko‘z yugurtirishda o‘qishga ulgurmasa, o‘quvchining hafsalasi pir bo‘ladi, gazetani shunchaki varaqlab qo‘ya qoladi.
Sarlavha tanlashda til imkoniyatlaridan keng foydalanish ham mahorat talab qiladi. Vaqt o‘tgani sayin maqola yozish va uning sarlavhasini tanlashga bo‘lgan talab ham o‘zgarib boraveradi. Bunda gazetxon ehtiyoji va talabi asosiy o‘rin tutadi.
Sarlavhaning o‘zbek xalq maqollaridan, iboralaridan olinishi uning savodliligini, e’tiborni tortishini ta’minlaydi. Yillar davomida shuurimizda shakllangan bu tushunchalar o‘quvchida shunday maqolalarni mutolaa qilishga qiziqish uyg‘otadi. Misol uchun, "Zarafshon" gazetasida shu yil ichida berilgan ayrim sarlavhalarni keltirib o‘tsam: "Qush uyasida ko‘rganini qiladi" (20-son), "Ilmsiz bir yashar, ilmli ming yashar" (20-son), "Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q" (19-son), "Olim bo‘lsang - olam seniki"(16-son), “Uydagi tarbiya ko‘chada ko‘rinadi” (21-son).
Ilgari har bir rahbarning ish stolida "O‘zbek xalq maqollari" risolasi turardi. Xuddi shunday, bosh muharrir stolida ham. Ahmadjon G‘ulomovich uni varaqlab turganini ko‘p bor ko‘rganman. Endi-chi? Kamina bu xil risolani nafaqat muharrirlar, hatto ayrim tilshunos olimlar qo‘lida ham ko‘rmayapman. Yaqinda Toshkentdagi kitob do‘konlarini axtarib, maqollar kitobini topa olmadim.
Sarlavhaning yana bir nozik jihatini eslatib o‘tmoqchiman.
Aytaylik, gazetada "Bog‘lar kengayadi" sarlavhali maqola bosildi. Unda Bog‘olon qishlog‘idagi mavjud bog‘ ikki gektarga kengaytirilgani haqida axborot berilgan. Lekin ko‘rinib turibdiki, sarlavha umumiy bo‘lib qolgan. Agar uni "Bog‘olon bog‘i ikki gektarga kengayadi" deb qo‘ysak-chi? Bu holda sarlavhaga ikkita ma’lumot singdiriladi. "Ko‘chaga suv keldi"," Qishloq obodonlashdi", "Yangi maktab", "Qarz undirildi" kabi sarlavhalar ham yuqoridagi singari boyitilsa, birinchidan, muallif maqsadi oydinlashadi, ikkinchidan, maqolaning o‘qishliligi oshadi, uchinchidan, u e’tiborni tortadi.
Aslida odamlar gazetani o‘z hayotlari, faoliyatlariga oid savollarga javob topish uchun o‘qishadi. Sarlavhaga muayyan savolning qo‘yilishi o‘quvchi ko‘nglidagi o‘yga mos kelsa, u o‘zi qiziqib yurgan savolga javobni izlaydi. Jumladan,"Biz kimlarga haykal qo‘ydik?" ("Hurriyat"), "Gugurt qutisida nechta cho‘p bor?", "Gaz hisoblagichlar nega "uxlab" qolyapti?", "Yoshlar nega oila qurishni istashmayapti?" ("Ishonch"), "Biznesga oida qaysi fikr xato?" ("XXI asr"), "Erkatoy haydovchilarni tiyib qo‘yish vaqti kelmadimikin?" ("Adolat") kabi sarlavhali maqolalarni o‘quvchi ishtiyoq bilan mutolaa qilishiga ishonaman. Chunki ular bu savollar atrofida o‘z nuqtai nazarlarini ham aniqlab oladilar.
Savol tariqasida qo‘yiladigan ba’zi sarlavhalarda esa davr yoki qonun, milliy mentalitet talabi eslatib o‘tiladi. Bu ham yaxshi usul. Misol uchun, "Osmondagi Oy emas, savolga javob, taklifga munosabat kerak", "Til yo‘qolsa, millat yo‘qoladi" ("O‘zbekiston ovozi"), "Bitiruvchi uchun kafolatlangan birinchi ish joyi kerak", "Burgutni kaklikka aylantirmaylik" ("Adolat"), "Ism tavakkaliga tanlanmasligi kerak" ("Milliy tiklanish"). Bunday sarlavhalar nafaqat partiya elektoratini, balki jamiyatning har bir a’zosini hushyor torttirishi tabiiy.
To‘g‘ri, sarlavha topishda mahoratni ishga solish, ko‘p manbalarni qarash, muhimi, o‘zigaxoslikka intilish shart. Ammo bu borada o‘quvchi saviyasi va didini unutmaslik zarur. Men bu gaplarni bejiz aytmayapman. Bir paytlar matbuot nashrlarida "Ilon yutgan odam", "Tuya mingan chavandoz", "Tilning tilimi" kabi sarlavhalar bilan maqolalar chiqqanida ziyolilar o‘rtasida juda ko‘p mulohazalar yuzaga kelgandi. Haqiqatan ham, ilon odamni yutganmi yoki odam ilonni? Chavandoz tuya ham minadimi? Tilning tilimi nima o‘zi? Demoqchimanki, har bir sarlavha, avvalo, mushtariyga tushunarli va davr ruhiga munosib bo‘lsin, muallifning aytmoqchi bo‘lgan gapiga mos tushsin.
Bir qarashda, sarlavha qo‘yish gazetachilikdagi o‘nta vazifaning bittasidek ko‘rinadi. Aslida bunday emas, maqola yozish sarlavha qo‘yishdan boshlanadi. Sarlavha o‘zida nafaqat ijodkor mahoratini, balki jamiyatdagi muhitni ham aks ettiradi. Qolaversa, mutaxassislar tarixni yaratishda, uni qog‘ozga tushirishda, eng avvalo, matbuot nashrlaridagi sarlavhalarga asoslanadi. Shuni hisobga olib, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti olimlari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bu boradagi tajribalar haqida ixcham qo‘llanmalar yaratsa, imkoni bo‘lganda, jurnalistlar ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari yoki munozaralar uyushtirsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Endi so‘zimning ibtidosidagi fikrga to‘xtalsak. Umuman, gazetadagi har bir belgi pardoz sanaladi. Jumladan, sarlavha ham. Biroq sarlavha, nazarimda, pardozdan ko‘ra ko‘proq muallifning tashrif qog‘oziga, tahririyat saviyasining me’yoriga o‘xshab tuyuldi. Siz nima deysiz, aziz hamkasblar!
Farmon TOShEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
(“Ishonch” gazetasining 2025 yil 25 fevral, 25-sonidan olindi).