Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

General-leytenant Bahodir Matlyubov Samarqandda IIB xodimlariga nimalarni gapirdi?

Samarqand davlat universitetining sobiq bitiruvchisi, 2006-2013 yillarda respublika IIVni boshqargan Bahodir Matlyubov viloyatimizda bo‘ldi.

Negaki, “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda IIV Akademiyasi boshlig‘ining maslahatchisi, general-leytenant Bahodir Matlyubov, vazirlik Faxriylar kengashi a’zolari, viloyat ichki ishlar tizimi faxriylari, yosh xodimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Mehmonlar o‘z faoliyatlaridagi e’tiborli voqealar, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati, bugungi kunda xodimlar oldida turgan vazifalar, ular e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida so‘z yuritdi.

- Jaloliddin Rumiy “menga aql o‘rgatadigan emas, o‘zining ibratli faoliyati bilan o‘rnak bo‘ladigan insonlar kerak” degan ekan, - deydi IIV Akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov. – Bugungi tadbirda tizimda samarali mehnat qilib, o‘zidan munosib iz qoldirgan fidoyi xodimlar yosh avlodga o‘zlarining uzoq yillik faoliyatlari davomida boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklar, murakkab vaziyatlar va albatta, erishgan muvaffaqiyatlari haqida gapirib berdi. O‘ylaymanki, uchrashuv davomida faxriylarimiz ta’kidlab o‘tgan maslahatlar, o‘z faoliyatlaridan keltirgan hayotiy misollar yosh xodimlarga ibrat bo‘ladi.

Uchrashuv davomida yosh xodimlar, IIV Samarqand akademik litseyi o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari faxriylarga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, sohaga oid, tizimda samarali faoliyat yuritishda ahamiyat berish lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumot oldi.

– Bobom va otam ichki ishlar tizimida faoliyat yuritib, elda obro‘-e’tibor qozongan, – deydi IIV Samarqand akademik litseyi o‘quvchisi Shahnoza Qo‘ziboyeva. - Shu bois, ushbu sohaga bolaligimdan qiziqishim katta. Maqsadimga erishish yo‘lida IIV Samarqand akademik litseyida ta’lim olyapman. Bugungi uchrashuv davomida sobiq vazirlar, o‘rinbosarlar, umuman, tizimda samarali faoliyat yuritib, yuksak natijalarga erishgan faxriylarning soha haqidagi fikrlarini eshitib, boshidan kechirgan voqea-hodisalarni tinglab qiziqish yanada ortdi.

Uchrashuv yakunida B.Matlyubov va boshqarma boshlig‘i, polkovnik Sh.Rahmonov 7 nafar faxriyga “IIVning 30 yilligi” ko‘krak nishonini topshirishdi. Shuningdek, bir guruh faxriylar va yosh xodimlarga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.