Samarqand davlat universitetida “Ali Qushchi — Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabining buyuk vakili” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boshlandi
Konferensiyada dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan olimlar, fan arboblari, professor-o‘qituvchilar qatnashmoqda.
Dastlab so‘zga chiqqan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov xalqaro konferensiyada qatnashayotgan barcha ishtirokchilarni qutladi.
- Bugun biz Ali Qushchi kabi betakror va ulug‘ alloma merosiga murojaat qilyapmiz. Zero, bu matematik va astronom olim faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirning Samarqandda o‘tkazilishida ramziy ma’no bor. Chunki Ali Qushchi XV asrda aynan Samarqandda tug‘ilib voyaga yetdi, kamol topdi hamda ilmiy asarlarni arab va fors tillarida yozib qoldirdi. U boshlang‘ich bilimlarni Samarqanddagi madrasalarda, matematika va astronomiyaga oid bilimlarni esa bevosita Qozizoda Rumiy va Mirzo Ulug‘bekdan o‘rgangan. Binobarin Ali Qushchi o‘z asarlarida Samarqand ilmiy-adabiy muhitining qudrati va salohiyatiga yuksak baho bergan, bu haqda bir nechta risolalar yozgan.
Ali Qushchi Samarqandda garchi ilm-fan gurkiragan paytda ishlagan bo‘lsa-da, nihoyatda murakkab sharoitlarda faoliyat ko‘rsatgan. Ustozlardan o‘rganish barobarida shogirdlarini ham to‘g‘ri yo‘lga boshqarib turgan. Chunki unga ustozlari merosini saqlash, uni avlodlarga yetkazish mas’uliyati ham yuklangan edi. Ayniqsa Mirzo Ulug‘bekning o‘limidan keyin uning ilmiy asarlari, rasadxonadagi uskunalarini saqlash nihoyatda murakkab kechgan, ammo u bu ishni uddalagan.
Bundan tashqari Ali Qushchining ulug‘ xizmati shundaki, u ana shu merosni taxt uchun bo‘lgan taloto‘plardan omon asrab, Turkiyaga olib borishga muvaffaq bo‘ldi. Ustozining “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” asarini turk va boshqa tillarga tarjima qilib, Yevropaga ham tarqatdi. Bu esa Mirzo Ulug‘bek kashfiyotining dunyoviy ahamiyatini oshirdi.
Ali Qushchi merosi, garchi butun dunyoda nufuzli oliy o‘quv yurtlarida darslik sifatida amal qilayotgan bo‘lsa-da, uni yanada ommalashtirish, bu merosdan aholimizni ko‘proq xabardor qilish lozim, - dedi viloyat hokimi.