Germaniyada hosilni ko‘paytirishga intilmaydi, aksincha mahsulot ko‘payib ketishining oldini olishadi. Nega?

Isroildan 400 kilogramm sara urug‘lik olib kelganimdan salkam bir yil o‘tib, 1997 yil kuzda Vengriyada dunyo urug‘chilar sektorining xalqaro simpoziumi bo‘ldi. Unda qatnashish barobarida boshqa davlatlarga ham tashrifimizni rejalashtirdik. Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Yo‘ldosh Uzoqov bosh bo‘lgan delegatsiyamiz a’zolari Germaniyada bo‘ldi.

…«BASF» konserni Reyn daryosining yoqasida joylashgan ekan. Bizni konsernning ikki mas’ul menejeri qabul qildi. Konsernning yillik daromadi 70 milliard markadan ziyod. Bu 50 milliard dollar degani va O‘zbekistonning yillik daromadidan bir necha marta ko‘p. Konsern hududida 40 dan ziyod zavod bo‘lib, ularni bir biriga bog‘laydigan temir yo‘l 210 kilometrni tashkil etadi. Ishchilarning har biri o‘z zavodiga yetib borish uchun 40 mingtadan ko‘p velosipeddan foydalanadi. Bitta zavod ana shu velosipedlarni ta’mirlashga ixtisoslashgan. Endi konsernning qudratini tasavvur qilavering.

Konsern menejerlari bilan O‘zbekistonda ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi, respublikada konsern mahsulotlarini targ‘ibot qilishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazishga kelishib olindi.

Rasmiyatchilik tugagandan so‘ng erkin suhbat davomida konsern prezidentining Germaniya kansleri Gelmut Kol bilan yaqin o‘rtoq va oilaviy bordi-keldisi borligini bilib oldik. Shunday paytda miyamda darrov qitmir fikr paydo bo‘ldi: kansler istagan paytida konsern prezidentini biror yig‘ilishga chaqirib ololadimi, yo‘qmi? Mezbonlarga shu savolni berdim. Ular «Yo‘q, chaqirib ololmaydi, chunki konsern prezidentining ish rejasi butun yil davomida oylarga bo‘linib, avvaldan belgilangan, u shu grafikdan chiqib keta olmaydi», deyishdi.

Umuman, xorijda bo‘lganimda beradigan bu kabi savollarim mustaqillikka erishganimizdan so‘ng barpo etayotgan jamiyatimizni demokratik tamoyillari mezoni qanday bo‘lishi kerakligi bilan bog‘liq bo‘lardi. Axir, qaysidir mezonlarimizda o‘zimizga xoslik ham bo‘lishi kerak emasmi? Masalan, nemislar yurtida yerdan olinadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining hosildorligini ko‘tarish, uning sifatini yaxshilash maqsadida olib borilayotgan ishlar, ekinlarni parvarish qilish kabi yumushlar televideniyeda, umuman, matbuotda qanday yoritiladi? Javob hamma joyda bir xil bo‘ldi: “Bu masala matbuotda yoritilmaydi, bordi-yu yoritilgan bo‘lsa, demak mahsuloti ko‘payib ketganidan uni reklama qilayotgan bo‘ladi”.

Fermer ham, butun mamlakat ham hosilni ko‘paytirishga intilmaydi. Aksincha, mahsulot ko‘payib ketishining oldini olishga intiladi. Mahsulot ko‘payib ketishi muammo, uni kimga sotishni bilmaydi fermer, bizlarga umrimiz bo‘yi yomonlab kelingan kapitalizmda tartib shu. Ortiqcha mahsulot yo‘q qilib tashlanishi ham mumkin. Lekin bu noto‘g‘ri. Bizlar shunday  ta’lim olganmiz. Ular esa boshqacha o‘ylaydi. Ortiqcha mahsulot yo‘q qilib tashlanmasa bozorni izdan chiqaradi, deb hisoblashadi... 

«BASF» menejeri uchrashuvimiz tugab, tegishli protokollar rasmiylashtirilgach, Strasburgga borishni taklif qildi. Hamma rozi bo‘ldi.

Shaharda bir necha tarixiy joylarini tomosha qilib, keyin Yevroparlament yig‘ilish o‘tkazadigan binoni ko‘rdik. Bir necha yuz metr masofa ajratib turadigan Fransiya va Germaniya davlatlari oralarida qandaydir farq borligi yaqqol sezilib turardi. Xo‘sh, bu farq nimada?

Bu savol bilan nemis menejeriga savol bilan murojaat qilgandim, u aniq misol bilan javob berajagini aytdi va biz ovqatlanish uchun kirgan kafeda stolimizga xizmat qilib yurgan qizni chaqirib, yoniga o‘tirishga taklif qildi. Ofitsiant “Muammo yo‘q, bu biz uchun norma, buning ustiga mijozni taklifini hurmat qilamiz”, deganday chiroyli tabassum qildi. Buni suratga olib ulgurdim. Qizig‘i, hech kim biz tomonga hayrat bilan tikilmayotgan, bu ular uchun oddiy hol edi.

- Germaniyada bunday odat yo‘q, - dedi menejer. - Bordi-yu mijoz xizmat qilib turgan qizga shunday taklif qilsa, u olijanoblik bilan mijozga rad javobini beradi. Lekin labida albatta kulgi-tabassum bo‘ladi. Bu - nemischa madaniyat.

Strasburgdagi tarixiy joylarni tomosha qilib, kechga Germaniyaga qaytdik.

Ertasi kun Frankfurtga borib, u yerdan Budapeshtga uchishimiz kerak edi. Frankfurt aeroportida bizni “KVS” kompaniyasining menejeri Ingrid Shteyn bilan yana bir kishi (keyin bilishimizcha, Italiyadagi bir kompaniya menejeri ekan) kutib oldi.

Ingrid – rus tilini betalaffuz gapiradigan ayol, kompaniyaning O‘zbekiston bilan munosabatlarining ahamiyati juda muhim ekanini, shakar zavodi ishga tushadigan bo‘lsa qand lavlagining urug‘ini kompaniya ta’minlab berishi bo‘yicha kelishuv borligini eslatdi. Biz lavlagi urug‘chiligini O‘zbekistonning o‘zida yetishtirish va O‘zbekiston bilan qo‘shma yangi nav yaratish masalasini ham muhokama qildik. Rosti, uning gaplarini tinglab, menejerlarga kompaniya keng vakolat berganidan hayratga tushdim. Bilsam, bunday holat butun Yevropada bir xil ekan. Masalan, ularning ixtiyorida bir necha 100 (kompaniyalarning moliyaviy ahvoliga qarab) ming dollar bo‘lib, ular undan xizmat safari, bizga o‘xshaganlarning xarajatlari va umuman, kompaniya manfaati uchun zarur bo‘lgan barcha xarajatlarni mustaqil amalga oshiraverarkan. Menejerlar birga ishlaydigan tomonlar bilan muzokarani ham berilgan vakolat asosida mustaqil olib borarkan.

Germaniyaning iqlimi qand lavlagi urug‘ini yetishtirishga to‘g‘ri kelmas ekan, shu sababli “KVS” urug‘liklarni janubiy  o‘lkalardagi davlatlarda yetishtirarkan. Faqat xomashyo “KVS” ning Aynbekdagi yirik zavodida inkrustatsiya qilinadi.

Budapesht aeroportida bizni Vengriya qishloq xo‘jaligi vazirligining maxsus vakili kutib oldi. Shu kuni mehmonxonaga joylashib, dasturga asosan kechki Budapeshtni tomosha qildik. Keyingi kuni yig‘ilishda MDH davlatlaridan kelgan eski tanishlarimizni ko‘rdik, undan tashqari Yevropaning boshqa davlatlari va ko‘p mamlakatlardan seleksiya, urug‘chilik kompaniyalarining rahbarlari va 20 dan ziyod davlatlar elchilari ishtirok etdi. Simpozium davomida yangi aloqalar o‘rnatildi, bir qanchasi bilan kelishuvlar imzoladik. 

Shanba kuni madaniyat tadbirlariga ajratilgan ekan, delegatsiya a’zolari uchun Sekeshvexervari shahri  va Boloton ko‘liga sayohat uyushtirildi. Shu safarim davomida Avstriyaga, AQShning “Pioner” urug‘chilik kompaniyasining filialiga tashrifimiz ham ko‘zda tutilgandi. “Pioner” kompaniyasi prezidenti va uning o‘rinbosari Buyan familiyali kishi ham shu simpoziumda ishtirok etdi. Buyan bilan shanba kuni tongda Budapeshtdan Avstriyaga jo‘nadik. Kompaniyaning ofisi va zavodi Vena shahridan 100 kilometrcha berida ekan. Zavodga bordik, O‘zbekistondan mehmon kelishini aytishgan shekilli bizni bir qancha mutaxassislar kutib olishdi. Bu yerda davlat sinovi uchun AQShning o‘zida yaratilgan makkajo‘xorining ultra tezpishar original urug‘ini yetkazib berishga kelishdik. Undan tashqari, yana 5 tonna ana shunday urug‘ni gumanitar yordam sifatida yuborishga ham kelishdik, maqsadim shu urug‘ni O‘zbekistonning hamma viloyatiga tarqatib, o‘rilgan g‘alla o‘rniga takroriy ekin sifatida ektirib, aholining qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishiga erishish edi. Bu masala ham ijobiy hal bo‘ldi.

Shu kuni Buyanning uyida mehmon bo‘ldim. Ertasi kuni Budapeshtga borib, Yo‘ldosh Uzoqov bilan bir qancha shartnomalarni diplomatga joylab, yurtimizga qaytdik.

Zoyir ZIYoTOV.

(Davomi bor)