Germaniyadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Germaniya turistik assotsiatsiyasi (DTV – Deutscher Tourismusverband) prezidenti Norbert Fiyebig boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Delegatsiya tashrifi Turizm va madaniy meros vazirligi, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi va «Silk Road Samarkand» xalqaro turistik markazi hamkorligida tashkil etildi.
Vazirlikdagi uchrashuvda O‘zbekistonning turistik salohiyatini Yevropada keng targ‘ib etish va yevropalik sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida «Destination Forum» («DTV»ga a’zo eng yirik va salohiyatli turistik tashkilotlarning turistik forumi) loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning turizm salohiyatini katta tajribaga ega bo‘lgan «DTV» assotsiatsiyasining marketing resurslaridan foydalangan holda keng targ‘ib etish, O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri ekanligini dunyoga ko‘rsatish, Germaniyadan Samarqand shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslarni yo‘lga qo‘yish, birgalikda «Uzbekistan» turistik brendini Yevropaga olib chiqish, yurtimizga DTV tarkibiga kiruvchi eng yirik va salohiyatli turistik tashkilotlar hamda turistik operatorlar tashrifini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv yakunida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda DTV o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan barcha masalalarni amalga oshirish maqsadida o‘zaro media-reja loyihasi ishlab chiqish, shuningdek, 2023 yil aprel oyida «Destination Forum» loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.