Giyohvand shifokor va jarrohlik qo‘lqoplari
Shifokor steril qo‘lqoplarni morfinga qaramligini yashirish uchun qo‘llagani haqida eshitganmidingiz?
Baltimordagi Jon Xopkins shifoxonasida ishlagan jarroh Uilyam Xolsted (1852-1922) haqida afsonalar yuradi. Badavlat oiladan chiqqan talaba o‘qishga unchalik qiziqmasdi. Biroq, kurs oxiriga kelib uning tibbiyotga qiziqishi uyg‘onadi. Uilyam amaliyot o‘tash uchun Yevropaga, buyuk nemis jarrohi (zamonaviy qorin bo‘shlig‘i jarrohligi asoschilaridan biri) Teodor Billrot rahbarligidagi shifoxonaga yo‘l oladi. Qaytib kelgach, yosh mutaxassis mo‘’jizalar yarata boshlaydi.
Uilyam 1881 yilda tug‘ruq paytida ko‘p qon yo‘qotgan singlisini qutqaradi - Xolsted unga shprits orqali o‘z qonini jo‘natadi (o‘sha paytda operatsiya paytida qon quyish mumkinligi to‘g‘risida hech kim o‘ylab ham ko‘rmagan). Keyin u onasining o‘t pufagidagi toshlarni olib tashlaydi - bu Amerikada birinchi - o‘t yo‘lini kesish operatsiyasi bo‘ladi.
Uilyam kokain qabul qilingach sodir bo‘ladigan vaqtinchalik behushlik haqida bilib olgach, universitetdagi do‘stlari va o‘zida tajribalar o‘tkaza boshlaydi. Afsuski, Xolsteddan tashqari ularning barchasi giyohvandlikka berilib, bir muncha vaqt o‘tgach vafot etadi. Shundan so‘ng Xolsted giyohvandlikdan qutulish uchun kurasha boshlaydi va tirik qolish maqsadida do‘sti bilan birga yaxtada dengizga chiqib ketadi.
Tibbiy amaliyotga qaytganida hamkasblari unga ishonchsizlik bilan munosabat qilishadi. Aynan shu sababli uzoq vaqt davomida u bosh shifokor etib tayinlanmaydi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan ular uning kokain qaramligidan xalos bo‘lganiga amin bo‘lishadi. Faqat birgina uning yordamchisi Karolina bu yerda nimadir «boshqacha» ekanligini sezardi.
Bir kuni shifoxonadagi navbatdagi operatsiyadan so‘ng, Karolina jarrohning qo‘lidagi kuchli qaltirashni, u tezda xonasiga kirib ketib, bir ozdan so‘ng tinchgina qaytib kelganini payqaydi. O‘shanda Uilyam morfinga o‘tib olgan edi. Yordamchi gap nimada ekanini taxmin qiladi, lekin bu haqda hech kimga aytmaydi.
1890 yilda Xolsted saraton kasalligiga chalingan sut bezini olib tashlaydi va ilgari davolab bo‘lmaydigan deb hisoblangan churra tushishini yengib, ikkita noyob operatsiyani amalga oshiradi, shundan so‘ng u shifoxonaning bosh jarrohi etib tayinlanadi. Endi yana bir boshqa muammo paydo bo‘ladi: Karolinaning antiseptik bilan tez-tez aloqa qilishi tufayli bu suyuqlik unda dermatitni rivojlantirdi. Bosh shifokor siri haqida sukut saqlagan yordamchisini yo‘qotish xavfi Xolstedni jiddiy tashvishga solib qo‘yadi.
Yordamchisi qo‘llarini himoya qilish uchun bosh shifokor rezina qo‘lqoplar buyuradi. Bu g‘oya boshqa shifokorlarga juda yoqadi va ular ham qo‘lqopdan foydalana boshlashadi.
Bundan tashqari, taniqli jarroh infeksiya xavfini kamaytirish uchun operatsiya xonalarida niqob kiyilishida bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.
Olti oy o‘tgach, Xolsted yordamchisi Karolinaga uylanadi va keyingi 10 yil davomida ular birga uning giyohvandligiga qarshi kurashadilar va yana 10 yildan so‘ng u nihoyat bu qaramlikni butunlay yengadi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.