Giyohvandlikka qarshi kurash qoniqarli emas

Videoselektor tarzda o‘tgan yig‘ilishda komissiya tomonidan 2018 yilning o‘n oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.

– Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, komissiyaning avvalgi yig‘ilishida belgilangan vazifalarning ijrosi qoniqarli emas, – dedi viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari R.Qobilov. – Joriy yilda viloyatda giyohvand moddalar bilan bog‘liq 314 ta jinoyatlar sodir etilgani ham bu borada ishlar yetarli darajada olib borilmayotganidan dalolatdir. Ayrim shahar va tumanlar hududiy komissiyalarining 2018 yil uchun ish rejasi ham tasdiqlanmagan. Ish reja bo‘lmasa, giyohvandlikka qarshi qanday kurashish mumkin? Bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.

Ta’kidlanishicha, komissiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar, giyohvandlikka qarshi kurashish yuzasidan targ‘ibot ishlarida ham sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Yig‘ilishda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, dekabr oyini «Giyohvandlikka qarshi kurash oyligi» deb e’lon qilish taklifi kiritildi va komissiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

G‘olib ABDUSALOMOV.