Gren-karta yutish – bu Amerikaga borish oson, degani emas

Yaqinda matbuotda, televideniyeda Amerika davlatining Gren-karta lotereyasi tartib-tamoyillari va qulayliklari haqida bong urishdi. Shu sabab ko‘pchilik yurtdoshlarimiz ushbu lotereyani o‘ynashga kirishdi...

Samarqand shahrida ro‘yxatdan o‘tgan «Bahor» mas’uliyati cheklangan jamiyati (firma nomi o‘zgartirilgan) fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga javobgar - Imona Abdullayevaga (ism-familiya o‘zgartirilgan) nisbatan gren-karta o‘ynatishda taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Sud jarayonida da’vogar «Bahor» MChJ rahbari da’vo arizasini quvvatlab, Samarqand shahridagi Davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tganligini, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirib kelishi va nizom asosida ish yuritib, “Diversity Visa” kompyuter programmasida ishtirok etishini bildirgan. Ya’ni, MChJ internetdagi www.dvlottrey.state.gov rasmiy saytida “buyurtmachi” nomidan ariza to‘ldirish, kompyuter orqali matn arizani keltirib berish, imigratsiya vizasini olish borasida tarjimonlik va tahrir, konsalting kabi xizmat turlarini amalga oshirib kelgan.

2017 yilning kuz oylarining birida javobgar Imona Abdullayeva «Bahor» MChJ o‘rtasida «Diversity Visa-2019» kompyuter programmasida ishtirok etish uchun DV kompyuter programmasining rasmiy saytida ariza to‘ldirish va kompyuter orqali matn arizani keltirib berish kabi xizmatlarni ko‘rsatish borasida 1060-sonli shartnoma tuzgan. Ushbu shartnoma shartlariga ko‘ra, «Bahor» MChJ «Diversity Visa-2019» kompyuter programmasida ishtirok etish uchun DV kompyuter programmasining rasmiy saytida I.Abdullayeva nomidan ariza to‘ldirgan hamda kompyuter orqali matn arizani keltirib bergan.

Natijada javobgarga “DV-2019” imigratsiya vizasi dasturida yutuq sovrindori bo‘lgani, shartnomaning 3,1 bandiga ko‘ra, «Kompyuter tanlov asosida Diversity Visa programmasida yutuq chiqqani holda Amerika davlat departamentidan www.dvlottrey.state.gov rasmiy saytidan birinchi taklifnoma xati qabul qilganligi haqida xabar bergan. Buyurtmachi ijrochi tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq 10 (o‘n) kun davomida eng kam oylik ish haqining 135 (bir yuz o‘ttiz besh) barobariga teng miqdorda to‘lovni amalga oshirishi shart”ligi ko‘rsatib o‘tilgan. Biroq javobgar hozirgi vaqtga qadar bir necha bor og‘zaki va yozma ogohlantirishlarga qaramasdan, shartnoma bo‘yicha yuzaga kelgan majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarishdan bo‘yin tovlab kelgan.

Sud majlisida javobgar I.Abdullayeva da’vo arizasini tan olmasdan, 2017 yilda imzolangan shartnoma noto‘g‘ri va noqonuniy ekanligi, shartnomaning shartlari tanishtirilmagani, shartlardagi summa qimmat hisoblangani kabi vajlarni bildirib, suddan «Bahor» MChJning da’vo arizasini rad etish hamda da’vogarning xatti-harakatiga nisbatan xususiy ajrim chiqarishni so‘ragan.

Cud da’vogar «Bahor» MChJning javobgar I.Abdullayevaga nisbatan shartnoma bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi qanoatlantirilgan.

Javobgar I.Abdullayevadan jamiyat foydasiga 27 million 368 ming 550  so‘m shartnoma bo‘yicha qarzdorlik va 1 million 94 ming 742 so‘m davlat boji va 14 ming 190 so‘m sud pochta xarajatlari undirib berilgan.

Shuningdek, sud tomonidan xususiy ajrim chiqarilib, javobgar I.Abdullayeva bilan «Bahor» MChJ o‘rtasida tuzilgan 2017 yil 17 sentyabrdagi shartnomani imzolashda va tuzishda taraflarning o‘zaro munosabatlariga oydinlik kiritish, aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan bir-biriga zarar yetkazgan yoki yetkazilmaganlik holatlari bor-yo‘qligiga huquqiy baho berish maqsadida Samarqand shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Mazkur qarorga kelishda sud gren-karta lotereyasining kirdikorlaridan xoli holda, taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaning qonuniyligiga, da’vogarning O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi” qonuniga muvofiq xulosaga kelgan.

Yuqoridagi misoldan ko‘rinadiki, fuqarolarimizga mazkur lotereyada ishtirok etishda uning shartlari bilan to‘liq tanishib, albatta, chet tillarini mukammal bilgan holda xulosaga kelishlari lozim.

Muhabbat RABIYeVA, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi.

Kamol NAMOZOV, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.