Aldagan ham, aldangan ham oqibatini biladi

Amerikada yashash, ishlab mo‘may daromad orttirish bugun ko‘pchilik yurtdoshlarimizning orzusiga aylangani sir emas. Ayrim insonlarning esa shu maqsadiga erishish yo‘lida qonunlarni chetlab o‘tishdan-da, tap tortmayotganligi ayanchli. Bu harakatlar ularning o‘ziga qancha zarar keltirsa, jamiyatimizdagi kriminogen vaziyatga ham shuncha salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Zero, egri yo‘llar qidirilayotgan joyda doim firibgarlar ko‘payadi.

Muqaddam o‘zganing mulkini talon-toroj qilib, javobgarlikka tortilgan, afsuski, xatolaridan tegishli xulosa chiqarmagan asli ishtixonlik Farrux (ismlar shartli) ham shu yo‘nalishda “omad”ini sinab ko‘rishga harakat qildi. Dastlab u tanishlari borligi, Amerikaga hujjat to‘g‘rilab bera olishini aytib, fuqarolar ishonchiga kirdi. Birinchi “ish”dayoq 50 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritdi. Qiziq jihati, shu pulni unga berganlar ham noqonuniy ishga qo‘l urayotganliklarini yaxshi bilishgan. Bu firibgar uchun ayni muddao emasmi? Shu zaylda Farruxning “biznes”i yurishib ketdi.

Bu gal u tizimni ham aldamoqchi bo‘ldi. Ya’ni, u o‘ziga Zarifani sherik qilib, noqonuniy topilayotgan pullarni uning “Greyen card” lotereya dasturida ishtirok etuvchilarga yordam beradigan firmasi orqali legallashtirishga urindi. Tartib shunday edi: fuqaroga “Greyen card” lotereyasining birinchi bosqichida yutganligi haqida yolg‘on xabar berilardi va keyingi bosqich g‘olib bo‘lishida yordam berish uchun pul talab qilinadi. Firib yanada ishonchli chiqishi uchun bu pullar raqamsiz shartnomalar orqali, ko‘rsatilmagan xizmatlarga deb qabul qilingan. Ular hatto kompyuterida “Greyen card” lotereyasining soxta slaydini yasab, fuqarolarga o‘yinda yutganligini shu yerning o‘zida “isbotlash”ga harakat qilgan. Oqibatda bu xursandchilikdan keyin odamlar qo‘l qo‘yayotgan hujjatlarining soxtaligiga ham, hojatbarorlarining noqonuniy talablariga ham ko‘z yumishgan. Ish shu darajaga yetib borganki, firibgarlar ikki fuqaroni aldab, Amerikaga yuborish vaji bilan ularning o‘rtasida nikoh shartnomasini tuzish uchun ham pul olgan.

Biroq jinoiy guruhning beboshligi uzoqqa cho‘zilmadi. Shikoyatlardan keyin ular qo‘lga olinib, qonun hukmiga topshirildi. Shunga ko‘ra, Farruxga 7 yil, Zarifaga esa 3 yilu 9 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, ular fuqarolarga yetkazilgan zararni ham qoplab berishi kerak.

Bekzod JUMABOEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisining o‘rinbosari.