Gulbeka Qo‘chqorova: “Tadbirkorlikni ikkita tikuv mashinasida boshlaganman”

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati, “Beka-Charos ” xususiy korxonasi rahbari Gulbeka Qo‘chqorova mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlardan foydalanib, 2008 yilda davlatdan olgan 2 million kredit mablag‘i evaziga 2 ta tikuv mashinasini sotib oladi va “Beka -Charos” xususiy korxonasini tashkil etadi. Bugungi kunda tadbirkor 40 dan ortiq ishchi o‘rinlarini yaratgan.

  - Men erishgan barcha yutuqlarimni Tadbirkorlar va Ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi bilan bog‘layman. Sababi, ilgarilari  tadbirkor bo‘lish fikri xayolimda ham bo‘lmagan. 2003 yil O‘zLiDeP siyosiy sahnaga kirib kelgach,  yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida qator qaror va farmonlar, qonun hujjatlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etilishi mendek oddiy hisobchining sohada o‘zimni sinab ko‘rishimga turtki bo‘lgan. Bugun 40 nafardan ortiq ishchi xodimlar mehnat qilayotgan korxonamda 90 turdan ortiq ish kiyimlari tayyorlanmoqda. Tadbirkor sifatida elga tanilgach, meni 2014 yilda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashiga deputat sifatida saylashdi. Bildirilgan ishonch menda mas’uliyatni ikki karra oshirdi. Bugungi kunda nafaqat ishlab chiqargan mahsulotlarim bilan balki, deputat sifatida xalqimizning muammolarini yechishda ishtirok etayotganligimdan faxrlanaman, - deydi Gulbeka Qo‘chqorova. -  Keyingi yillarda muhtaram yurtboshimiz tomonidan sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilib, turli imtiyozlar yaratilyapti. Bu bizga qanot bag‘ishlash bilan bir qatorda, turli yangi loyihalar ustida ishlashga undaydi. Shu bois korxonamizni kengaytirish maqsadida 100 o‘ringa mo‘ljallangan yangi zamonaviy tikuv sexi quryapmiz. Bundan tashqari, joriy yil Past Darg‘om tumanidagi 30 000 nafar o‘quvchilarni maktab formalari bilan ta’minlash maqsadida davlatdan 250 million kredit oldik.

 Gulbeka Qo‘chqorova deputat sifatida xalq bilan muloqot qilish, ularning dardini eshitishga ham alohida vaqt ajratadi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida saylovchilar bilan 10 ga yaqin uchrashuvlar tashkil qilib, kelib tushgan murojaatlar yuzasidan 10 ga yaqin tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yo‘llagan.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.