Gulnora Karimovaning Jenevadagi villasidan san’at asarlari O‘zbekistondagi muzeylarga qaytariladi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi tomonidan tegishli soha idoralari ishtirokida Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Latviya va boshqa davlatlar vakolatli idoralari bilan hamkorlikda G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan aktivlarni qaytarish masalasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Shveysariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda, ekspertlarni jalb qilgan holda G.Karimovaning Jeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san’at ashyolari (kartinalar, amaliy san’at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning milliy boylikka taalluqliligini aniqlash hamda ularning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Avval G.Karimovaning O‘zbekistondagi yashash manzillarida 985 turdagi tarixiy madaniy va badiiy ahamiyatga ega qimmatliklar, deb topilgan hamda umumiy qiymati 12,7 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan san’at asarlari (kartina, so‘zana, milliy taqinchoqlar, sopol, yog‘ochdan ishlangan milliy hunarmandchilik asarlari va hokazolar) aniqlangan va xatlangan.
Qayd etilgan kartinalar va san’at asarlari sud hukmiga ko‘ra, davlat egaligiga o‘tkazilib, O‘zbekiston amaliy san’ati va hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyi, Farg‘ona viloyati tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Andijon viloyati tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Chirchiq shahar tarix muzeylariga topshirilgan.