Hafta davomida havo harorati ko‘tarilib boradi, yakshanba kuni yana sovuq havo oqimi kirib keladi

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, dam olish kunlari sovuq tushishiga sabab bo‘lgan sovuq havo massalari ushbu hafta davomida respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi va havo harorati iqlim me’yoriga yaqinlashadi.

 10-13 dekabr kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 13 dekabr kuni shimolda ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi.

 14 dekabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.10-14 dekabrda harorat kechalari 5-8 daraja sovuqdan 2-5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 0-3 daraja iliqdan 9-12 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Respublika shimolida harorat kechalari 8-13 daraja sovuqdan 2-7 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuqdan 0-5 daraja iliqqacha ko‘tariladi.


Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, 13-14 dekabrda ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.

 

Yakshanba kuni O‘zbekiston hududiga yana sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, havo harorati keskin pasayadi.