Hafta davomida qanday ob-havo bo‘ladi?

"O‘zgidromet" xabar berishicha, bugun va ertaga O‘zbekiston hududining katta qismi g‘arbiy oqim ta’sirida bo‘ladi, mamlakatimizga Kaspiy dengizi ustida shakllangan kam nam va nisbatan salqin havo kiradi.

Buning natijasida respublikaning katta qismida bulutlilikning ortishi kutilmoqda. Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi viloyatlari, respublikaning tog‘oldi va tog‘li tumanlarida shu kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Mamlakatimizning ayrim joylarida shamolning tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Butun respublika bo‘yicha haroratning pasayishi kutilmoqda. Ertaga havo harorati 28-33 darajagacha, janubda 34-37 darajagacha pasayadi.

19 avgustdan atmosferadagi g‘arbiy oqimlar janubi-g‘arbiy oqimlar bilan almashadi. Respublikamiz hududiga xorijiy janubdan issiq va quruq havo oqimi ko‘tariladi.

19-21 avgustda butun respublika bo‘yicha ob-havo asosan kam bulutli bo‘ladi, harorat biroz ko‘tariladi. Agar 19 avgustda kunduzgi harorat 28-33 daraja atrofida bo‘lsa, 20-21 avgust kunlari kunduzi havo 34-37 darajagacha isiydi.