Hafta davomida qanday ob-havo kuzatiladi?

Bugun va ertaga O‘zbekistonda ob-havo sharoitini dam olish kunlari hududimizga kirib kelgan quruq va deyarli sovuq antitsiklon havo massalari belgilaydi.

Barcha viloyatlarda ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Havo harorati kechalari 0-5 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja iliq atrofida, ba’zi joylarda 7 daraja iliqqacha bo‘ladi.

"O‘zgidromet"ning xabar berishicha, 23 dekabrda Kavkaz hududlaridan kirib kelgan biroz nam havo massalari respublika hududlari bo‘ylab siljiydi. Respublika hududlarining ko‘p qismida yog‘ingarchiliksiz, bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat markaziy hududlar bo‘yicha ba’zi joylarda biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Havo harorati deyarli o‘zgarmaydi.

24-25 dekabrda hududimizga Eron hududlaridan iliq havo massalari kirib keladi. Havo harorati ko‘tariladi va ish haftasining oxiriga kelib, kunduz kunlari havo 7-12 darajagacha isiydi.

Hududlarning ko‘p qismida shu kunlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikamizning shimoli-g‘arbiy hududlariga 25 dekabrda janubiy siklon kirib kelishi boshlanadi. Buning hisobiga Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.