Hafta davomida qanday ob-havo kuzatilishi haqida ma’lumot berildi

Bugun va ertaga O‘zbekistonda ob-havo sharoitini Qozog‘istonning shimoliy hududlari ustida joylashgan sovuq antitsiklon periferiyasi belgilaydi. Respublika hududlarining ko‘p qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Surxondaryo viloyatida bugun kunduzi qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Bugun kunduzi ba’zi joylarda va 15 dekabrga o‘tar kechasi Farg‘ona vodiysi viloyatlarida biroz qor yog‘adi. Bu haqda "O‘zgidromet" xabar berdi.

Respublikaning barcha hududlarida sovuq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kechasi 2-7 daraja sovuq, kunduz kunlari 2 daraja sovuq 3 daraja iliq bo‘ladi. Bu iqlimiy me’yordan 7-9 darajaga pastdir.

16 dekabrdan 18 dekabrgacha antitsiklonning sovuq periferiyasi “qulab”, shimoli-sharqqa chekina boshlaydi. Shu kunlarda respublikaning barcha hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va ish haftasi oxiriga kelib iqlimiy me’yorlarga yaqinlashadi. 18 dekabrga kelib, kechasi 0-2 daraja sovuqqacha kuchsizlanadi, kunduzi esa havo 7-10 darajagacha isiydi.