Haj ibodatining o‘z tartib-qoidasi bor
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda yetti ming nafarga yaqin vatandoshlarimiz mazkur ibodatni bajarishi uchun Saudiya Arabistoniga borishdi.
Haj ziyoratini niyat qilgan kishi balog‘at yoshida, oqil, sog‘lom hamda yo‘l xarajatlariga yetadigan mablag‘ga ega bo‘lishi zarur.
Mazkur ibodatning umr davomida bir marta farz ekanligida ham katta ma’no mujassam. Chunki inson ungacha islomning boshqa arkonlarini mukammal tarzda ado etishi, ya’ni hoji bo‘lishdek ulug‘ nomga munosib ish qilishi hajning farz bo‘lish shartlaridandir.
Bulardan ko‘rinadiki, hoji bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lgan kishilar mahalla-ko‘ydagi ahil-inoqlik, tinch-totuvlikka katta hissa qo‘shishi, barcha xayrli ishlarda o‘rnak bo‘lishi talab etiladi.
Haj ibodati o‘zining buyuk fazilatlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Chunki uning ruknlari maxsus joy, ya’ni Qur’on nozil bo‘lgan makonlarda va payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom qadamlari yetgan ulug‘ zaminda ado etiladi.
Hajning qabul bo‘lish shartlaridan biri odob-axloqdir. Shuni unutmaslik kerakki, haj ibodati ko‘proq sa’y-harakat bilan ado etiladigan ibodat. Bunda hoji Muazzam Ka’bani tavof qilish, Safo va Marva oralig‘ida yurish, Jamarotda tosh otish, Arafot va Mino vodiylarida bo‘lish kabi mashaqqatli vazifani ado etadi. Bunday holatda hojidan ulkan sabr-bardosh talab etiladi.
Alloh taolo marhamat qilib shunday deydi: "Kimda-kim Allohning shiorlari bo‘lmish mazkur makonlar hurmatini o‘rniga qo‘yib va u yerlardagi ibodatlarni mukammal ado etsa, demak, uning qalbining taqvosidandir" (Haj surasi, 32-oyat).
Umuman, haj ibodatlarini to‘la-to‘kis ado etish, bu boradagi tartib-qoidalarga amal qilish, safar talablariga og‘ishmay rioya qilish ham muhim ahamiyatga ega. Zotan, hajga har bir inson qaysidir bir mamlakatning fuqarosi sifatida o‘z yurtining obro‘-e’tiborini ziyoda qilishga hissa qo‘shadi.
Haj ziyoratiga otlanganlarga yurtimizda qulay shart-sharoit yaratish, salomatligini muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo bu har kim ham hoji bo‘lishi mumkin degani emas. Zero, ulamolar hajning qonun-qoidalarini bayon qilar ekanlar, kishi bu safarga qodir bo‘lsa-da, ba’zi sabablarga ko‘ra hajga borish makruh deganlar. Misol uchun, agar ota-ona farzandining xizmatiga muhtoj bo‘lsa, farzand ularning xizmatini tashlab, hajga borishi nomaqbuldir. Shuningdek, faqat tijorat maqsadida, riyo uchun, manmanlik tarzida qilingan hajning ham savobi bo‘lmaydi.
Alloh taoloning "Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur", degan oyatidan umid qilgan holda, o‘ziga to‘q kishilar qayta-qayta hajga borish o‘rniga mablag‘larini mehribonlik uylariga, nogironlarga, kam ta’minlangan oilalarga, nomai a’mollariga sadaqai joriya bo‘lib yoziladigan umumxalq manfaati yo‘lida sarf qilsalar, ayni muddaodir.
Hoji Said-Jamol
MIR-JA’FAROV,
sharqshunos-arabshunos olim.