Haj va Umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishlari kerak
Prezidentimizning bu da’vatini hojilarimiz o‘zlariga dasturul-amal qilmoqdalar.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 5 iyun kuni Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilganda O‘zbekistonga qaytgach, hojilar jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga umid bildirdi.
Bugungi kunda hoji to‘y, ma’raka va marosimlarda dinimiz belgilab bergan chegaradan chiqib, kimo‘zarga poyga o‘ynayotgan ayrim insonlarning qilayotgan xatti-harakatlarini kuzatadigan bo‘lsak, hech qaysi me’yorlarga to‘g‘ri kelmayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Zero, «Isrof va dabdababozlik - taraqqiyotimiz dushmanidir».
Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz va Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazarovning telefon orqali muloqotining ikki asosiy jihati haqida to‘xtalmoqchiman:
Birinchidan, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar domla ilgari surgan tashabbus, ya’ni hoji to‘ylar o‘rniga 150 ming xonadonga baxt olib kirish g‘oyasi. Bugungi kunda yurtimizda va dunyoda yordamga muhtoj bo‘lgan insonlar bor. Mol dunyosida kengchilik bo‘lgan insonlarning boyligini to‘g‘ri tasarruf qilib, uni isrof qilish o‘rniga xalqqa manfaati yetadigan ishlarga va yordamga muhtoj bo‘lganlar uchun ishlatar ekan, ham o‘zining moliga baraka kiradi, ham jamiyatni taraqqiy toptirib, yosh avlodga o‘rnak bo‘ladi.
Ikkinchidan, barcha hojilarimiz yurtga qaytganimizdan keyin, Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, «Ma’naviyat targ‘ibotchisi»ga aylanamiz, degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surgani. 2023 yil 22 dekabr kuni respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz «Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerak», deb ta’kidlagan edi.
Ta’kidlash lozimki, yurtimiz bo‘ylab muqaddas bayram Qurbon hayiti kezib yurgan ayni damlarda o‘zbekistonlik o‘n besh ming nafar kishi muborak Haj ziyoratida yurtimizga tinchlik, kelajak avlodlarimizga komillik so‘rab toat-ibodat qilmoqdalar. Haj ziyoratida bo‘lib turgan hamyurtlarimiz muqaddas Haj safaridan qaytgach, mahallalardagi notinch oilalarni yarashtirish, yangi oila qurgan kelinlarga o‘z yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgatish, ommaviy yig‘inlarda Haj ziyorati taassurotlarini so‘zlab berib, ommani dinu diyonatga chorlash kabi mas’uliyatli vazifani o‘z zimmalariga oldilar.
Biz, ma’naviyatchilar esa kelgusida oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizni birgalikda bajarish, Samarqand viloyatida ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish uchun hoji bobo-buvilarimizga doimo yelkadoshmiz.
Dilshod Ismoilov,
respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari.