Halol mehnati orqasidan yashayotgan kishilar “ishbilmas”, “epsiz”, “sodda”mi?

Harbiy xizmatda bo‘lganimda qiziq bir holatga hayron qolganman: Rossiyadan chaqirilgan askarlarning ko‘pchiligi xizmatdan oldin qamoqda o‘tirib chiqqan yigitlar ekan. Aksariyati hech bo‘lmaganda o‘n besh sutkalik jazoni o‘tagan yoshlar. Eng qizig‘i, ular bu bilan juda faxrlanishardi.

Hatto qamoqda o‘rgangan qo‘shiqlarini xirgoyi qilib yurishardi. Masalan:

Iosif Stalin – vi bolshoy uchyoniy,

V yazikoznani znayete vi tolk.

A ya prostoy sovetskiy zaklyuchyonniy,

I mne tovariщ – seriy bryanskiy volk.

Za chto siju, voistinu, neznayu,

No prokurori, vidimo, pravi.

Siju ya ninche v Turuxanskom kraye,

Gde pri sare sideli v ssilke vi.

Armiyadan qaytganimdan so‘ng Stalinning tilshunoslik haqida qanaqa kitob yozganligi bilan qiziqdim. Haqiqatan ham, uning “Tilshunoslik masalalari” degan asari bor ekan. Kitobdagi asosiy mazmun – kichik tillarning bora-bora yo‘q bo‘lib ketishi va butun dunyoda bitta til, ya’ni masalan, rus tili qolishi haqidagi bo‘lmag‘ur gaplar ekan. 

 Albatta, qonunlarni mensimaslik va ularga qarshi zid harakat qilish tendensiyasi rus maishiy hayotida ilgaridan kuzatib kelingan. Aytaylik, bolsheviklar hukumati arboblarining ko‘pchiligi chor hukumati qamoqxonalarida o‘tirib chiqqan yoki surgunlarda bo‘lgan kishilar edi.

Bizda bunday qonunbuzarliklardan faxrlanish hissiyoti u qadar bo‘lmasa-da, keyingi paytlarda xuddi shunga o‘xshash holatni o‘zimizda ham kuzatyapmiz. Faqat oradagi farq shundaki, bizdagilar qonun va qoidalarni qanday aylanib o‘tayotganlari haqida faxrlanib gapirayotganlariga guvoh bo‘ladi kishi. Ular bugun bu haqda uyalmay-netmay maqtanmoqdalar. Aytaylik, karantin kunlarida qanday qilib “eplab” ko‘chaga chiqishgani, qabul imtihonidagi test savollariga javob topishda telefondan qanday ustalik bilan foydalanishgani, sinov-imtihonlarni topshirishda “yo‘lini qilganlari” yoki biror shaxsiy muammolarini hal qilishda amaldorlar bilan qanday qilib til topishganlari haqida g‘urur bilan gapiryaptilar. Hatto, ish shungacha borib yetdiki, yigitlar nechta qizni aldashgani, hozirda qancha ma’shuqalari borligi ustida maqtanib, o‘ziga xos musobaqa qilayotganlari borasida ham gap-so‘zlar oralab qoldi. Aslida, bu faxrlangulik sifat emas, aksincha, o‘zaro insoniy me’yorlarning buzilishi, axloqiy tanazzul alomatlaridir.

Yaqinda “O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” tok-shou ko‘rsatuvida ishtirokchilarning respublikamizda keyingi yillarda firibgarlik va tovlamachilik turlari bo‘yicha jinoyatlarning ko‘payib borayotgani haqida kuyinib gapirganlariga guvoh bo‘ldim. Haqiqatan, oxirgi paytlarda “falonchi falonchini aldab pulini olib qo‘yibdi”, “falonchi moshennikka chuv tushibdi” singari mish-mishlarni tez-tez eshitadigan bo‘lib qoldik. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda tovlamachilik jinoyati 2020 yilda, o‘tgan yillarga qaraganda, 37 foizga ko‘paygan. Bir qarashda bunday holatning ortib borayotganligiga odamlarning moddiy jihatdan qiynalib qolayotganlarini bahona qilib ko‘rsatish mumkin. Nega desangiz, yildan yilga ishsiz yoshlarning soni o‘sib, ijtimoiy muammolar ortib borayotganligi bor gap. Ammo bu bilan ularni harom-xarish yo‘llarga kirib ketayotganlarini sira tushuntirib ham, oqlab ham bo‘lmaydi. Chunki xalqimiz azal-azaldan harom luqmadan hazar qilib kelgan. Qahatchilik yillarida ochlikdan shishib o‘lib qolganlarida ham birovning noniga-moliga ko‘z olaytirmaganlar. Endilikda kishilar o‘rtasida haromxo‘rlik shunchalik urf bo‘lib ketdiki, halol mehnati orqasidan qo‘l uchida yashayotgan kishilarni “ishbilmas”, “epsiz”, “sodda” deya, ularning ustidan kuladigan kimsalar ko‘payib qoldi. Ushbu holatni, hatto, tuppa-tuzuk ziyolilarimiz orasida ham kuzatish mumkin.

Bir kuni beixtiyor ikki jurnalist o‘rtasidagi suhbatga guvoh bo‘ldim. Biri ikkinchisini yangi olgan mashinasi bilan muborakbod qilib tabrikladi. Ikkinchisi birinchisidan nega haligacha mashina olmayotgani sababini so‘radi. U omadli do‘stiga hozircha yetarli pul jamg‘ara olmaganligi haqida yozg‘irdi. Shunda mashinador bo‘lgan jurnalist hamkasbiga: “Shuncha yildan buyon redaksiyada nima ... yeb yuribsan?”- deb urishib berdi. Bu gap menga miltiqning o‘qidek tegdi – o‘shanda mening ham mashinam yo‘q edi. Chunki, o‘sha yillarda maosh bilan mashina olib bo‘lmasdi. To‘g‘ri, hozir odamlar oddiy kasb-hunari bilan ham binoyidek halol yashamoqda. Biroq yengilning ostidan, og‘irning ustidan yurishga intilish ayrim yosh-yalanglar o‘rtasida tobora urf bo‘lib borayotir. Jamiyatimizda korrupsiyaning tomir otgani, ayrim yulg‘ich kimsalarning parazitlarcha hayot kechirayotgani, bir so‘z bilan aytganda, davlat qonunlariga izchil rioya qilinmayotgani yoshlarimizning bir qismini ma’naviy aynishiga sabab bo‘lmoqda.

 Falsafashunos tadqiqotchi, publitsist Xurshid Yo‘ldoshev bu haqda quyidagilarni yozadi:

 “Odamlar o‘g‘rilik, tovlamachilik, yolg‘onchilikni odatiy holdek qabul qilyapti. Ya’ni, yolg‘onchilik va o‘g‘rilikka istisno emas, norma sifatida qaralyapti. Ular nopok yo‘l bilan biror narsa qozonishdan hazar qilmayapti, balki buni ishning ko‘zini bilish, uddaburonlik, ishbilarmonlik deb atayapti. Aldov me’yorga aylangani bois, odamlarda o‘zaro ishonch darajasi pasaygan. O‘zaro ishonch bo‘lmagan jamiyatda odamlar doim sergak, mudom stressda yashashga majbur”.

 Aslida, bu gaplar yangilik emas. O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab sho‘ro mamlakatida kommunizm qurishni eplolmagan kommunist amaldorlar hech bo‘lmaganda o‘z xonadonlarida farovon hayot yaratishga kirishib ketishdi. Buning guvohi bo‘lgan oddiy fuqarolar ham aldam-qaldam yo‘llarga kirib turli usullar bilan boylik orttirish payida bo‘lishdi. Poraxo‘rlik, qo‘shib yozishlar, aldamchilik va firibgarlik singari illatlarning ildizi aynan o‘sha davrga borib taqaladi.

 Ushbu yaramas meros hayotimizga mustaqillikdan keyin ham shundoqqina ko‘chib o‘tdi. Boshqaruv tizimimizdagi avtoritar uslub va to‘laqonli fuqarolik jamiyatining shakllanmaganligi korrupsiyani yanada kuchayishi uchun zamin yaratdi. Shu bois ham bugungi kunlarda mamlakatimizda haromxo‘rlikka qarshi murosasiz urush e’lon qilindi va bu kurash asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da sezilarli samaralarini bermoqda.

Har bir xalqning jahon ayvonida sobit turishi uchun bir necha muhim omillari bo‘lishi shart. Bulardan birinchisi – tarixdir. Har bir xalq o‘z tarixini yaxshi bilmog‘i, ya’ni jaydari qilib aytilganidek, yetti pushtini tanimog‘i shart. Endi buni katta bir millat miqyosida olib aytadigan bo‘lsak, yetti emas, yetmish, balki, yetti yuz bo‘g‘in ajdodimizni bilishimiz lozim.

Ikkinchisi – til. O‘z tilini yo‘qotgan xalq halokatga mahkum. Shu bois tilni avaylab asrash, uni boshqa yirik tillar zug‘umidan himoya qilish kerak. Ona tilimizga davlat tili maqomini berilishi hali bu jarayonning boshlanishi. Shu ma’noda, tilimiz borasidagi g‘amxo‘rligimiz uzluksiz davom etadigan yumushlarimizdan biridir.

Biz uchun uchinchi yana bir muhim ish – muqaddas dinimizni pok va g‘uborsiz saqlash masalasidir. Ma’lumki, sobiq sho‘ro zamonida barcha dinlarga bo‘lganidek, islom diniga ham g‘oyat katta zarar yetkazildi. Xudoga ishonmaydigan, xudodan qo‘rqmaydigan butun bir avlod dunyoga keldi. Xayriyatki, mamlakatimiz mustabid saltanat zanjirlaridan ozod bo‘lib, dinimizga erkin e’tiqod qilinadigan zamonlarga yetib keldik. Biroq o‘tmish asorati har qadamda o‘zini sezdirib turibdi. Endi muqaddas e’tiqodimizni yot oqimlardan asrash zarurati paydo bo‘lyapti. Xorijniki desa, xo‘rozqandni ham yotib yalaydigan sodda fuqarolarimiz ahli sunna va jamoa bir yonda qolib, allaqanday begona mazhablarga ergashmoqdalar. Imom Buxoriy, Naqshbandiy, Termiziy, Yassaviy va Motrudiylarning avlodlari o‘zlariga allaqayoqlardandir rahnamo izlab yuribdilar.

Jahon miqyosida globallashuv jarayonlari kengayib, chuqurlashib borayotgan shu kunlarda ma’naviyat, ma’rifat hamda milliy o‘zlikni asrab qolish, turli-tuman illatlardan xoli yangi avlodni tarbiyalash masalalari tobora dolzarblik kasb etib bormoqda. Ana shular bois umuminsoniy qadriyatlar bilan bir qatorda o‘zimizning sof milliy asliyatimizni saqlash, ularni kelgusi avlodlarga beg‘ubor holda yetkazish eng muhim vazifalarimizdan biridir.

Xudoyberdi Komilov,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.