Ham olim, ham elchi, ham iqtisodchi

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori Erkin Xo‘jayev 85 yoshga to‘ldi.

Insonning jamiyatdagi o‘rni uning tafakkuri va salohiyati bilan belgilanadi. Jamoamizda halol mehnati, shijoati, kamtarinligi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lib kelayotgan hamkasbimiz, ustoz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, professor Erkin Xo‘jayevdir.

E.Xo‘jayev 1939 yil 27 iyunda Samarqand shahrida dunyoga keldi. Bilim olishga tirishqoqligi bois shahardagi 18-maktabni a’lo baholar bilan bitirdi. So‘ng Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirdi. Universitetni bitirgach, Samarqand tibbiyot institutining siyosiy iqtisod kafedrasida o‘qituvchi, Samarqand shahar Yoshlar uyushmasining birinchi kotibi vazifalarida ishladi. Ilmiy ishlar bilan shug‘ullanish maqsadida aspiranturaga o‘qishga kirdi. 1966-1976 yillar Samarqand davlat universitetining siyosiy iqtisod kafedrasi o‘qituvchisi, dotsenti vazifalarida mehnat qildi.

O‘qituvchilik faoliyati davomida davlat moliya tarixi, moliya bozori va qimmatli qog‘ozlar, moliyaviy risklarni boshqarish fanlaridan ma’ruza va amaliy darslar o‘tdi.

Moliya bozorini rivojlantirish, aksiyadorlik jamiyatlarining huquqlarini himoya qilish yo‘llari, korporativ boshqaruvni tashkil etish va rivojlantirish imkoniyatlari, qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirishni takomillashtirish mavzularida ilmiy tadqiqotlar olib bordi.

Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda olimning 120 dan ortiq monografiya, ilmiy maqola, risola, o‘quv-uslubiy qo‘llanma, ma’ruza kurslari, uslubiy tavsiyalari nashr etildi. Hammualliflikda  «Moliya bozori», «Investitsiya» darsliklari, «Soliqlar va soliqqa tortish» o‘quv qo‘llanmasi chop etildi.

Erkin Xo‘jayev o‘z faoliyati davomida Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida kafedra mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi prezidiumi a’zosi va qo‘mita raisi, Samarqand kooperativ instituti rektori, O‘zbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi kabi mas’uliyatli vazifalarda ishladi.

Ayni paytda ustoz Samarqand iqtisodiyot va servis institutining moliya va sug‘urta xizmatlari kafedrasida professor. Domla qayerda mehnat qilmasin, o‘z bilimi, tirishqoqligi, mehnatsevarligi bilan xalq ichida obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ldi. Uning samarali mehnatlari hukumat tomonidan munosib taqdirlandi. Erkin Xo‘jayev «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim a’lochisi», «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi» kabi nufuzli mukofotlar sohibidir.

Ustoz umr yo‘ldoshi Sayyora aya bilan uch nafar farzand va bir necha nabiralarni kamolga yetkazib, baxtli hayot kechirmoqda.

Mehnat faoliyatida va oilada baxt topgan ustoz bugun 85 yoshni qarshi olmoqda. Erkin Xo‘jayevni institut jamoasi va bir guruh shogirdlar nomidan qutlug‘ yoshi bilan tabriklaymiz.

Jahongir ZAYNALOV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori.