Hamza kim edi: dahriymi yoki dindor, millatparvar jadidmi yoki bolsheviklarga sotilgan ziyoli?

Qadimgi misrliklarda “Bir odamni ikki marta o‘ldirib bo‘lmaydi” degan maqol bo‘lgan. Dunyoning atoqli huquqshunoslaridan birining fikriga ko‘ra, ushbu maqol xalqaro huquqning “Bir jinoyatga ikki marta jazo tayinlash nojoiz” degan nihoyatda muhim tamoyillaridan biri uchun asos  sifatida xizmat qilgan. 

Balki dunyoning boshqa hududlari va aksariyat odamlarga nisbatan shunday bo‘lgandir. Ammo, yaqin o‘tmishimizning yorqin siymolaridan biri Hamza Hakimzoda Niyoziyga nisbatan bu maqolni hozircha qo‘llab bo‘lmaydi...

Adabiyotshunos Salohiddin Mamajonovning istiqlolning  ilk yillarida “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida chop etilgan “Hamza va jadidchilik” maqolasida ta’kidlanishicha, Oktyabr voqeasidan so‘ng barcha jadidlar – Munavvarqori, Fitrat, A.Qodiriy, Cho‘lpon, A.Avloniy, Hamza – hamma-hammasi sho‘rolar tashkilotlarida ishlay boshladilar, shu inqilobda o‘zlarining orzu-armonlarining ro‘yobga chiqishiga ishondilar. Ko‘p o‘tmay fuqarolar urushi davri boshlangach va mayda millatlarga milliy mustaqillik, erkinlik berilmayajagini sezishgach, bular o‘ylagan narsalari sarob bo‘lib chiqqanligini bildilar va ko‘pchiligi xalq ozodligi uchun kurashuvchilar tomoniga o‘tdilar.

Sho‘ro hukumati fuqarolar urushi tugab-tugamay birin-ketin bu zotlarni quvg‘in qilib, qamay boshladi va ko‘p o‘tmay ular qatl etildilar. Hamza esa biror joyda qo‘nim bilmadi, uning uchun biror joyda muqim, tinch ishlashga imkon berilmadi. Uning diqqatida nozu ne’matni yaratuvchi ishchi-dehqonni ulug‘lash, xotin-qizlarni erkka, o‘zining insoniyligini namoyish qilishga chorlash va ayniqsa ma’rifat, madaniyatni madh etish turadi. Ushbu iqtibos muallifi nazarida Hamza barcha mulki va iqtidorni xalqqa bag‘ishlagan, millat taqdiri haqida kuyunib yozgan, butun e’tiborini jaholatga qarshi kurashga qaratgan ziyoli inson bo‘lgan.

Ba’zilar Hamzaning sovet idoralarida ishlagani, unga  1926 yilda Farg‘onada bo‘lib o‘tgan, Fitrat va Cho‘lponga “millatchi” degan ayb qo‘yilib, chiqarib yuborilgan anjumanda “O‘zbekiston xalq muxbiri” unvoni berilgani uni qatag‘ondan qutqarib qolardi, deb hisoblashadi. Aslida bolsheviklar hokimiyatini o‘rnatganidan keyin Leninning “Burjua mutaxassislaridan foydalanish konsepsiyasi” amalga oshirilgani va Hamza kabi uning ko‘plab izdoshlari ham shu yo‘ldan borgani, 30-yillarning qatag‘oni esa ularni chetlab o‘tmagani ma’lum. Masalan, Afg‘onistondan qushbegi lavozimini tashlab, yurtiga kelgan 70 yoshli  Muhammadsharif So‘fizodani Hamza bilan bir kunda loyiq ko‘rilgan “O‘zbekiston xalq shoiri”  unvoni ham qutqarib qola olmagani buning yaqqol misolidir. 

Professor Muhammadjon Quronovning “Xalq so‘zi” gazetasining 2014  yil 23 avgust sonida chop etilgan “Tarixiy haqiqatni qaror toptirish – muhim ma’naviy vazifamizdir” maqolasida bu boradagi yondashuvlarning yana biri aks etgan. Unda qayd etilishicha: “Hamza Hakimzoda o‘z vaqtida lirik she’rlar, g‘azallar, ma’rifiy kitoblar, dramalar muallifi sifatida tanilgan. Ayni paytda u yurtimizda sho‘rolar hokimiyati o‘rnatilganidan so‘ng mustabid tuzum mafkurasining kurashchisi va targ‘ibotchisiga aylangani, vafotidan keyin esa uzoq yillar davomida “o‘zbek sovet adabiyoti va madaniyatining asoschisi” kabi balandparvoz ta’riflar bilan soxta ulug‘lab kelingani ham haqiqat”. Bu yondashuv tarafdorlari Hamza “sho‘ro mafkurasi kuychisi”ga aylantirilgani va asosan bolsheviklarga xizmat qilgan shaxs sifatida talqin qilinganini afsus bilan qayd qiladilar.

Hamzaning dindor yoki dahriyligi masalasida ham ikki xil yondashuv bor. Birinchisi, asosan sovet davrida Hamzani ateist, dinga qarshi kurashgan kishi sifatida ko‘rsatish harakati ustuvor bo‘lgan. O‘z navbatida bu Hamza shaxsini va uning faoliyatini sovetlarcha soxtalashtirish, adib vafotidan keyin undan o‘ziga xos sotsialistik ateizm mafkurasi manfaatlari yo‘lida foydalanishga intilishning yaqqol namoyon bo‘lishidan boshqa narsa emas. Bunday qarash tarafdorlari mustaqillikdan keyin ancha kamayib borgani va ana shu jihat esa keyingi yillarda Hamzaning ikkinchi bor “o‘ldirilishi” uchun asos bo‘lgani ayni haqiqatdir.

Aslida Hamza xat-savodini madrasada chiqargan, islom arkonlarini nihoyatda yaxshi egallagan va ularga butun umri davomida itoat etgan, e’tiqodi mustahkam inson  edi.

U 1911 yilda, ya’ni 23 yoshida islomning asosiy arkonlaridan bo‘lmish haj amalini ado etgan, ayrim kishilarday ko‘plab gunohlar qiladigan, birovlar haqini muttasil yeb to‘ymagan va pirovardida gunohimni yuvib kelay, degan chuchmal tushunchalar bilan hajga  boradigan g‘ofillardan emasdi.

Hamza Shohimardonda xurofot ahlining dumini tukkani ayni haqiqat va uning bu ishi sovetlar davrida dinga qarshi kurashchi sifatida talqin qilingan.

Bu boradagi fikrlar tahliliga kirishmasdan, hamzashunoslik bo‘yicha yirik mutaxassis-olimlar Laziz va Aziz Qayumov, S.Mamajonov va Y.Solijonovlarning ma’lumotlariga ko‘ra fikr yuritsak, yuqoridagi savollarga  bir qadar javob topgandek bo‘lamiz.  

Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889 yil 7 martda tug‘ilib, 1929 yil 18 martda Shohimardonda halok bo‘ldi. Otasi Ibn Yamin Xolboy o‘g‘li Muqimiy, Furqat kabi allomalar bilan maslakdosh bo‘lgan zamonasining ilg‘or ziyolilaridan edi. Onasi Jahonbibi Rabiboy qizi tabobatdan xabardor savodli ayol bo‘lgan. Hamza avval eski maktab va madrasalarda o‘qib arab, fors, turk tillarini mukammal bilgan. Rus-tuzem maktablarida esa rus tilini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan. Hamza 1903—1904 yillar orasida 197 ta she’r yozib, uni «Devoni Nihoniy» nomi bilan chop ettiradi. Undagi she’rlarda o‘z xalqining himoyachisi, zulmga qarshi isyon ko‘targan yosh adib sifatida namoyon bo‘ladi. U demokratik adabiyotning yosh bir vakili sifatida ko‘zga tashlanadi.

Yoshligi tabibchilik bilan shug‘ullanuvchi otasining xon saroyiga taklif qilinishi munosabati bilan Qo‘qon shahrida o‘tdi. Bu shaharda yashayotgan rus bolalari bilan do‘stlashdi, rus tilini o‘rgandi. Ular orasidan bir rus qizini sevib, unga uylandi. Garchi, qizni otasining yordami bilan islom diniga o‘tkazib, shariat qoidalariga ko‘ra nikoh o‘qitib uylangan bo‘lsa-da, din peshvolarining qahr-g‘azabiga uchradi. Oxiri o‘zini oqlash uchun haj safariga otlanib, Makka va Madinani ziyorat qilib keldi. Ammo shunda ham uni tinch qo‘ymadilar. Jamiyatda, hayotda yuz berayotgan yangiliklarni kuylagani, zamondoshlarini ilm-ma’rifatga chorlab, yangi usul maktablari ochgani, gazeta-jurnallar nashr qilib, xalqni o‘z haq-huquqini anglashga, o‘zini millat sifatida tanib, tili, tarixi, dinini asrashga, erk va ozodlikka, savodli bo‘lishga da’vat etgani uchun tag‘in qarshilikka uchradi (1913-1918 y.). Biroq bu qarshiliklarga qaramay, qayerda, qanday vaziyatda bo‘lmasin, ilm-ma’rifat nuri bilan xalqining ko‘zini ochishga harakat qilaverdi. Bolalar uchun Toshkent, Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan, Farg‘ona, Xiva, Xo‘jayli shaharlarida yangi usul maktablari, internatlar ochdi, kattalarni savodli qilish niyatida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etdi.

Bu borada Hamza XX asr boshlaridayoq Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvar qori, Ibrat va So‘fizodalar qatorida taniqli ma’rifatparvar, iste’dodli ijodkor sifatida tilga tushadi, ma’rifatparvar adib sifatida namoyon bo‘ladi. Bu sohadagi faoliyati uch yo‘l bilan amalga oshirildi. Avvalo, yetimlar maktabini ochib, muallimlik qiladi. Laziz Qayumovning “Shoir va grajdanin” risolasiga ko‘ra,   mazkur maktablar uchun «Yengil adabiyot», «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi» kabi darsliklar ham yaratadi. Va, nihoyat, o‘zining she’r va dramalarida, publitsistik maqolalarida o‘z xalqini ma’rifatga chorlaydi. Shu maqsadda uning 1914 yilda «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona» kabi ro‘znomalarda, «Oina» jaridasida ma’rifatga chorlovchi ocherk va publitsistik maqolalari chiqadi. Uning «Bid’atmi, ma’jusiyatmi?» (1914) ocherki shular jumlasidan edi. 1915—1916 yillarda nashr etilgan «Milliy ashulalar», «Oqgul», «Qizil gul», «Pushti gul», «Sariq gul» kabi she’riy to‘plamlarida va «Yangi saodat», «Uchrashuv» kabi romanlarida ana shu ma’rifatga chorlov asos bo‘lgan. Shuningdek, uning «Ilm hidoyati», «Normuhammad domlaning kufr xatosi», «O‘ch» va «Zaharli hayot» (1916) kabi ilk dramalarida ham zulm va xurofot avj olgan davrda o‘z xalqining ilm-ma’rifatga intilishini ulug‘laydi. Ayni chog‘da xotin-qizlar ozodligini kuylaydi. 

Hamzaning 1917 yilga qadar bo‘lgan faoliyati va ijodi o‘z davri madaniy-ma’naviy hayoti, ma’rifatchilik va jadidchilik ta’sirida shakllanib, uning faol ishtirokchisi bo‘lganligi, mustamlaka zulmiga qarshi xalq orasida ma’rifat tarqatish yo‘lida tinimsiz kurash olib borganligini ko‘rsatadi.

U jadidlarga ergashdi va jadidchilikning ilg‘or vakillaridan biriga aylandi.

Hamza darsliklar yozib, yangi uslubdagi maktab ochib, jurnallar chiqarib jadidchilikni targ‘ib qilish bilan cheklanmadi, balki o‘zining badiiy asarlarida jadidchilik ruhini keng, dadil va teran targ‘ib etdi. Ma’lumki, jadidchilikka rus mustamlakachilari ham, boylar va mutaassib ruhoniylar ham qarshi turgan. Shuning uchun Hamza o‘z asarlarida ana shularga qarshi kurash olib bordi. «Zaharli hayot» dramasida Maryamxon «Shariatda jabr harom!», «Shariatda adolat bor», «Islomiyat o‘lmaydi», deydi. Hamza «pora olib, dindan kechib» xalqni aldaganlarni «millat hissi yo‘q ekan» deb ta’kidlaydi.

Hamza ijodida 1916 yilgi mardikorlikka olish tarixi ham o‘z izini qoldirdi. Uning «Safsar gul» (1917) she’riy to‘plami va «Loshman fojiasi» (1916-1918) trilogiyasi shu jihatdan muhimdir. Shu tufayli ta’qibga uchrab, adib 1917 yillar boshidan oxirigacha Turkiston va Toshkentda yashaydi. Bu davrda uning «Toshkentga sayohat» (1917) komediyasi yuzaga keladi. Nihoyat uning «Boy ila xizmatchi» dramasi (1917) yaratiladi. 1917 yilda chiqa boshlagan «Kengash» oynomasida ham faollik ko‘rsatadi. 

1917 yil fevral voqeasi munosabati bilan yozgan maqolasida Hamza bunday deydi: «Mana bu kun haqiqatan, hurriyat vositasi bilan eski xoin va zolim, mustabid hukumati 50 yildan beri bo‘yin, qo‘l va oyog‘imizga sezimsiz solub kelgan umrlik og‘ir zanjirlarni qo‘lga ko‘rsatub yechdi, xalos qildi. Bu haqiqat, musovot vositasi bila, bir taraf, zolim amaldorlar, ikkinchi tarafdan, rahmsiz, shafqatsiz talonchilar temir tirnog‘i ostida po‘stlari butun sidirilub, yuraklari ezilub, cho‘kub xonimonlaridan ajrob kelub turgan mazlum, nohaq faqiru bechora, yetim, g‘ariblarning burgutlarning panjai margidan raho qildi… Bu kun Ostroumov, Ilminskiy kabilarning tarbiyasida yashagan va aning maslakiga xizmat etuvchi, vatandagi o‘z oramizdan chiqqan din xoinlarini xiyonatlarin haqiqat maydoniga otur. Nohaqlarni sharmanda va marnigun qilur».

1917 yil 25 aprelda «Ulug‘ Turkiston» ro‘znomasida Hamzaning «Turkiston muxtoriyatina» nomli she’ri bosiladi. Unda «To‘rt yuz yillik Romanovlar» sulolasining taxtdan ag‘darilishi va rus-burjua demokratik inqilobining g‘alabasidan mamnunlik seziladi. «...1917 yilning 28 mayida Qalandarxonada to‘rt yuzga yaqin rabochiylarni to‘plab, zo‘r namoyish»ga boshchilik qiladi. O‘sha yilning oktyabr oylarida esa butkul inqilobiy kurashga o‘tadi. Shu davrda uning «Shundoq qolurmu, qolurmu?», «Muxtoriyat va avtonomiya» kabi asarlarida shu hol ko‘zga tashlanar edi.

Hamza o‘z asarlarida hurriyat, baxt-saodatga birlashish, o‘qish-o‘rganish, mehnat va kurash orqali erishish mumkinligini ta’kidlab: «Birlashsun emdi boshimiz, maslakda qarshi yoshimiz», «Birlashing, Turkiston!», «Qo‘l ushlashing, birlashing emdi, Turkiston!», «Haq yo‘lida jon bersak, bo‘lsak millat qurboni», deydi. 1917 yili o‘rtalarida yozgan «Uyon Vatan» she’rida Hamza «Ey Islom eli! Bu kun millatga o‘lsun harna himmatimiz!», «Bitdi istibdod! Yetsun hurriyat! Bitsun nazorat, qullik, asorat!» deb hayqiradi.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Hamza Turkiston muxtoriyati boshqaruvi faollaridan biri bo‘lgan. Uning maorif va teatr truppalarini tashkil qilishi, yangilanish (jadidchilik) harakatlari, sahna asarlari ustasi, she’r va qo‘shiqlari va boshqa ishlari bilan o‘sha vaqtda ko‘zga ko‘rinib qolgan. 

Turkiston muxtoriyati bolsheviklar boshliq qizil askarlar tomonidan qirg‘in qilinganidan keyin Hamza Qozog‘istonga qochib o‘tadi. Bir qancha vaqt yashirinib yuradi. O‘sha vaqtlarda yosh sovet davlati ziyolilar dastagiga muhtojlik sezadi va Hamzani qanday bo‘lmasin sovetlarga xizmat qildirish yo‘lini izlay boshlaydi. Oxiri Hamza boshqa iloj topolmagach, qaytadi. Tabiiyki, keyingi ishlari sovetlashgan – bolsheviklashgan ziyolilar nazorati ostida o‘tadi. Asarlarini o‘zlari istagancha tahrir qiladilar va shu tahrir bilan nashr qila boshlaydilar. Uning nomiga va nomidan ko‘p uydirma ishlar to‘qiladi. Musulmonlar ko‘ziga uni dindan qaytgan va kofir qilib ko‘rsatishga urinadilar.

Hamza Hakimzodaning umr kitobida eng omadli davr ham, omadsiz yillar ham o‘tgan asrning 20-yillari bo‘ldi desak, xato bo‘lmas. Oktyabr to‘ntarishining dastlabki yillarida alloma ijod va ijtimoiy hayotda nihoyatda faollik ko‘rsatdi. XX asr avvalidan yurtining ozod, xalqining ma’rifatli bo‘lishini astoydil istab, amaliy faoliyatga kirishgan Hamza dastlab fevral, ko‘p o‘tmay ro‘y bergan oktyabr to‘ntarishlarini shodu xurramlik va katta orzu-umidlar bilan qarshi olgani rost. Ayniqsa, sho‘rolarning xalqqa yer, tinchlik, millatlarga o‘z taqdirini o‘zi hal etish huquqini berishi to‘g‘risidagi qip-qizil shiorlari uning ayni ko‘nglidagi orzusi edi. Shuning uchun Hamza ham hammaslaklari Avloniy, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon singari ana shunday “xalqparvar, ilmparvar, adolatli” hukumatga astoydil xizmat qilishga kirishdi. O‘z tashabbusi bilan ko‘plab maktablar, kurslar ochdi, hukumat topshirig‘iga ko‘ra maxsus tashkil etilgan 2-agitpoyezdda butun respublika bo‘ylab, inqilob bergan “ozodlik”ni targ‘ib qildi. Hamzaning ijtimoiy faolligini ko‘rgan hukumat uni yanada rag‘batlantirish, o‘z “odami” qilib olish niyatida mamlakatda birinchi bo‘lib unga “O‘zbekiston xalq muxbiri” unvonini berdi, bir umrlik pensiya tayinladi (O‘zbekiston Markaziy ijroiya qo‘mitasining 1926 yil 27 fevraldagi qarori). 

Bundan ruhlangan Hamza   yanada astoydil ishga kirishdi, o‘zini eng xavfli jabhalarda ish olib borishga mas’ul deb bildi. Y.Oxunboboyev yordamida Shohimardonga keldi, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urdi, ehtiyotkorlikni unutdi. Buning uchun fitna qurboni bo‘ldi. Albatta, uning barcha ishlari ham osonlikcha bitavermagan. 

Garchi hukumat topshirig‘i bilan yurgan bo‘lsa-da, ancha-muncha cheklash va tazyiqlarga uchradi, och-nahor, uy-joysiz, oyliksiz ishlashga majbur bo‘ldi. Uning 1920-29 yillar oralig‘ida turli hukumat tashkilotlariga, rasmiy rahbarlar va do‘stlariga yozgan maktublarida dramtruppa a’zolari uchun mablag‘ ajratilmayotgani, ular och-nahor ishlashga majbur bo‘layotgani, Xo‘jaylida tashkil qilgan maktab-internat o‘quvchilariga yaratilgan sharoit nobopligi, ularga oziq-ovqat, kiyim-kechak yetishmayotgani, o‘zi ham vaqtida oylik-maosh va pensiyani ololmayotgani, buning ustiga ular oy sayin kamayib ketayotgani tufayli oila a’zolarini boqish, kiyintirish, shaxsiy turar-joyi bo‘lmaganidan ijara haqini vaqtida to‘lay olmayotgani ayon bo‘ladi.

Maktublarning aksariyati respublika ijroiya qo‘mitasiga, kasaba sho‘rosining xo‘jalik sho‘’basiga, Buxoro, Farg‘ona okruglari firqa qo‘mitalariga, Oxunboboyev, O‘lmasboyev singari rahbarlarga yo‘llangan. Bular orasida ayniqsa, O‘lmasboyev nomiga yuborgan xatida (1928 yil 5 fevral) “uyimda bir siqim un, bir qabza o‘tin, eynimda na oilam, na bolam uchun bir to‘n yo‘q. Izillashib pul so‘rasak, bizga teskari qaraydilar. Mana shunday voqealar o‘n yillardan beri ming qabat bo‘lib” ketganini yozadiki, beixtiyor uning ahvoliga achinib ketasiz. 

Farg‘ona okrugi firqa qo‘mitasiga yozgan arizasida esa (1927 yil 5 sentyabr) “hozirda ko‘rgan kunlarimni itlar ko‘rmasdir. Kecha xalq allomai ismini olib, to bu kun o‘z pulimga bir joy egasi bo‘la olmay ko‘chada qolishim O‘zbekistonning obro‘siga ta’sir etmasligini tushunib, uning uchun men toqat qila olmayman” deb yozadi. Shu yili 2 sentyabrda “Qizil O‘zbekiston jumhuriyatining V hay’at anjumani sho‘’basiga” yo‘llagan arizasida sho‘ro hay’atidan “siniq gavdalarimizni ko‘tarish, qarshimizdagi ichki va tashqi qora kuchlar oldida yuzimizni yorug‘” qilasiz deb o‘tinib so‘raydi.

Faqat maktublaridagina emas, publitsistik maqolalari, badiiy asarlarida ham Hamza Hakimzoda sho‘ro siyosatiga munosabatini bildirib o‘tadi. Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, ijodkor dastlab asarlariga sarlavha tanlashda hukumatga munosabatini bildirishga intilgandek tuyiladi.

Jumladan, “Loshmon fojiasi”, “Farg‘ona fojiasi” deb atalgan dramatik trilogiya va tetralogiyalari sarlavhasida ana shunday ishorani sezish mumkin. Masalan, Loshmon joy ma’nosini emas, balki “losh - o‘lik tana, murda, jonsiz tana, jasad parchasi” ma’nolarini anglatib, qizil askarlar qonxo‘rligi tufayli yurt qabristonga aylanganiga, parchalanib ketayotganiga, Farg‘ona og‘ir fojiani boshidan kechirayotganiga ishora qiladi. Shu asarining “Istibdod qurbonlari” nomli 3-bo‘limida nachalnik tilidan ochiqchasiga “bularni shunday qora mehnatlar bila ezub bitirmoq kerak. Chunki agar bulardan g‘ofil qolinsa, albatta, zamoni kelur, bir kun bizga kutilmagan ikkinchi balo bo‘lub chiquvlari shubhasizdir. Shuning uchun mana shunday fursatlardan istifodasiz bo‘lmay, ziyolik firqalaridan tortub, sekin-sekin yo‘q eta borish kerak”, degan fikrni ilgari surish bilan sho‘ro hukumatining mustamlakachilik siyosatini fosh qiladi.

Keyingi yillarda Hamza Hakimzoda halokatining tafsilotlari to‘g‘risida ham yangi ma’lumotlar topildi va e’lon qilindi. Mustaqillik sharofati bilan 70 yil mobaynida sir tutilgan sud materiallarini o‘rganish natijasida uning shayxlar tomonidan toshbo‘ron qilinmagani aniqlandi. Farg‘onalik huquqshunos M.Sheraliyev “ancha yillardan buyon Shohimardonda yashab, u yerdagi keksalar bilan suhbatlashuvlar, ayrim arxiv hujjatlari bilan tanishish jarayonida Hamza Hakimzoda halokatining sabablarini ochishga, bu sirli o‘lim yuzasidagi pardani ko‘tarishga” muvaffaq bo‘ldi. Uning yozishicha, “Hamzani ikki kishi – Bolta o‘g‘ri bilan Yodgor o‘g‘ri o‘ldirgan. Qotillikka maishiy asosda kelib chiqqan to‘qnashuv sabab bo‘lgan”. Bundan Sho‘ro hukumati ustalik bilan foydalanib, dinni ta’qiqlash, ruhoniy ulamolarni yo‘q qilish, xalqni qo‘rqitib olish maqsadida foydalangan.

Qatag‘onga asos ham yetarli edi. Ma’lum bo‘lishicha, Hamza Hakimzoda o‘ldirilishidan bir necha oy muqaddam Shohimardondagi bir guruh ulamolardan Yo‘ldosh Oxunboboyev nomiga ariza tushgan, unda allomaning Shohimardonda amalga oshirayotgan ishlari va xulqi qishloq ahli orasida norozilik tug‘dirayotganini aytishib, uni ehtiyot qilish uchun bu yerdan chaqirib olish lozimligini iltimos qilgan edilar. Aynan shu maktub Sho‘ro hukumati uchun Hamzaga qarshi uyushtirilgan suiqasdga dalil bo‘lib xizmat qildi. Tez orada qatag‘on mashinasi ishga solindi va 60 kishi qamoqqa olindi. Sud hukmiga ko‘ra, “Hamzani toshbo‘ron qilib o‘ldirgan shayx”lardan 5 kishi otuvga, qolganlari turli muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.  

O‘tgan yuz yildan ko‘proq vaqt mobaynida Hamza faoliyati va ijodiy merosi turli mezonlarga ko‘ra o‘lchab kelindi, har xil fikrlar aytildi. XX asrning 10-yillaridan 30-yillarigacha Hamza hayotda ham, ijodda ham, ma’rifatparvarlik sohasida ham, jadidchilik harakatida ham nihoyatda faol bo‘ldi. Vafotidan keyin esa o‘n yil davomida shaxs sifatida ham, ijodkor sifatida ham unutildi. Hech kim uni eslamay qo‘ydi.

40-yillardan boshlab birdaniga yangi o‘zbek adabiyotida birinchi “inqilob kuychisi”, sotsialistik realizm metodining asoschisi deb tan olindi va ko‘klarga ko‘tarildi. 90-yillarga kelib, Hamza inqilobni kuylagani, “Boy ila xizmatchi” dramasida revolyusioner G‘ofir obrazini yaratgani uchun aybdor deb topildi va uning nomini adabiyot tarixidan o‘chirib tashlashga chaqiriqlar yangradi.

Bu haqdagi asl ma’lumotlardan boxabar bo‘lgan bugungi o‘quvchi XX asr boshlaridan 30-yillarigacha o‘zbek tafakkuri rivoji va yangilanishida muhim o‘rin tutgan Hamza Hakimzoda haqidagi haqiqatni bilolmaydi, albatta. Xo‘sh, Hamza kim va qanday ijodkor? Uning “inqilobiy” (aslida ma’rifatga, ozodlikka chaqiriq) ruhdagi asarlari nimani anglatadi? – kabi savollarga o‘sha davr voqeliklari ko‘zgusi orqali qarashgina asl haqiqatni namoyon qiladi.

Alohida ta’kidlash joizki, Hamzaning hayoti va faoliyati Turkistonda XX asrning boshidagi umumiy ma’naviy o‘zgarishlar, ilg‘or  ijtimoiy-falsafiy fikrlar, jadidchilik harakati rivoji davriga to‘g‘ri keladi. U o‘z ijodi bilan o‘zbek milliy tafakkurining taraqqiysi, undagi xalqchil g‘oyalarning borgan sari rivoj topib borishida, yangi avlod vakillari ta’lim-tarbiyasida muayyan ahamiyatga ega bo‘ldi, deyish mumkin. 

Ayni shu masalada   H.H.Niyoziyning "Hurriyat" jurnali 1917 yil 1-sonida bosilgan Turkiston muxtoriyatiga bag‘ishlangan "Bukungi qadrlik kun" maqolasidan quyidagi nihoyatda ibratli iqtibosni keltirish bilan u haqdagi fikrlarni muxtasar etish mumkin: "Hoy, ahli vatan, bukun xizmat kuni ekan. Kim millatni suyur, kim dinga xizmat qilmoq istar? Kim Tangrisin rizolig‘in, kim ruhi payg‘ambarin shod bo‘lurini istar, kim mahsharda "Islom millatiga na xizmat qilding?" degan xitobga sarnigun bo‘lmovni, sukutda qolmovni istar ekan, ulamomi, boymi, gadomi, yoshmi, qarimi – kelsun, bu xizmatga otilsun. Mas’uliyatni o‘zidan ko‘tarsun. Bukun – tijorat kuni emas, bukun – sayohat kuni emas, bukun – ish emas,   bukun – men katta, sen kichik, sen boy, men bechora, biz ulamoyu siz avom deydurgan kun emas. Bukun – ittifoq o‘rniga nifoq, sadoqat o‘rniga adovat qiladurgan kun emas. Yana qichqurib ayturmiz, hoy, birodarlar, bukun – xizmat kuni, bukun – izzat, hurmat, daraja va martaba talab etuv kuni emasdur. Onglash kuni! Fidokor yoshlar! 700 ming xalqimiz tarafindan 20 ming xalq shahodati bilan hanuz jasadi vujud olamiga ko‘chmagan million-million avlodi islomni kelajakdagi huquqini tayin etuvni o‘z ustingizga oldingizmi? Boshqalar ham oldi. Lekin siz qarab turmang, hamon o‘z vazifangizni ado etmoqqa kirishing, o‘z manfaatidan kechuvchi siz bo‘lub ko‘runmakdasiz, hamon davom eting, ertagi tovuqqa oldanub, bu kungi tuxumdan ham o‘zingizni va ham mustaqbil avlodingizni mahrum qilmang. "Xizmat – o‘lmas mol" kabi muqaddas bobolarimizning gavhardek qadrli hikmatli so‘zlari yodingizda bo‘lsin!". 

Hamza bor-yo‘g‘i qirq yil yashadi. Ammo shu qisqa umrining yarmidan ko‘pini xalqiga, millatiga, o‘z shaxsiga, sha’niga, oilasiga, ijodiga qilingan turli bo‘htonu ig‘volarga qarshi haqiqatni tiklash uchun kurashga sarfladi. Yuqorida fikrlaridan foydalanganimiz akademik S.Mamajonov qayd etganidek, Hamza butun umri davomida “zo‘r berib haqiqat yo‘lini qidirib” o‘tdi. Olimning yozishicha, Hamzaning “butun she’riyati, badiiy ijodi yuksak ideal bilan – ozodlik g‘oyasi bilan sug‘orilgan edi”. Chindan ham adabiyotga “Haqiqat kimda?” (1908 yilda yaratgan romani nazarda tutilyapti) degan savol bilan kirib kelgan ijodkor to o‘lgunicha shu savolga javob izladi, ammo unga javob topolmay yarim yo‘lda halok bo‘ldi.

Menga kelganda esa, keyingi yillarda har safar Hamza haqida gap ketganida   mashhur alloma Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” asaridan joy olgan Imom Shomil haqidagi she’r xayolimga kelaveradi.

Ma’lumki, Shomil 20 yil  davomida Dog‘istonning dushmanlariga bo‘ysunmadi. Bu yillar orasida g‘animlar o‘qidan 18 marta yaralandi, lekin taslim bo‘lmadi. O‘sha davrda bor-yo‘g‘i yuz ming kishidan iborat bo‘lgan va bir necha qishloqlarda yashagan Dog‘istonliklar o‘z Imomiga xiyonat qilmadi, uni dushmanlarga tutib bermadi...

Rasul Hamzatov esa yoshlik qilib va o‘z davri mafkurasi ta’sirida yozgan bir she’rida Imom Shomil tanqidiga bag‘ishlangan misralar bitdi... Ulg‘aygani va o‘zligini anglaganidan keyin yozilgan “Mening Dog‘istonim” asarida esa o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lganini ma’joziy ma’nolarda ifodaladi. Unga ko‘ra, rutubatli tunlarning birida shoirning tushiga kirgan Imom Shomil tanasiga dushmanning 18 ta o‘qi tekkani, ammo ularning birortasi ham o‘z millatiga mansub Rasul Hamzatovning misralari kabi zahrini qoldirmaganini afsus bilan so‘zlaydi.  

Nima qilib qo‘yganini kech anglagan shoir esa o‘z asari orqali tavba-tazarru qilar ekan, bir necha bora otasi Sadasa Hamzatning “Shomilga tegma, agar  tegsang, u seni o‘lganingcha qo‘yib yubormaydi” degan so‘zlarini afsus bilan takrorlaydi. 

Bizning tariximizda ham shunday zotlar borki, ularga tegish, ruhini bezovta qilishdan ehtiyot bo‘lish lozim. Mabodo tegsangiz nafaqat o‘lguningizcha, balki  o‘lganingizdan keyin ham qo‘yib yubormaydigan ana shunday zotlardan biri aynan Hamza Hakimzoda Niyoziy bo‘lsa ajab emas... 

Mening nazarimda, Hamza butun mol-mulki, iqtidorini xalq kamoli yo‘liga tikkan, bir muddat sho‘rolar mafkurasiga aldangan, do‘lvori zamon po‘rtanalaridan omon qolishga intilgan va umri nihoyasida o‘sha davrning qurboni bo‘lgan jadid bobolarimizdan biridir. 

Kolumb davrida yashagan  qaroqchilarning “Eng yaxshi dushman o‘lik dushman, chunki u hech qachon qaytib kelmaydi va o‘zini himoya qilolmaydi. Binobarin, o‘zi haqidagi haqiqatlarni ham ro‘yobga chiqara olmaydi” degan tamoyili bo‘lgan ekan. 

Holbuki, Hamza o‘z yurti va xalqimizga, o‘zidan keyin keladigan avlodlarga dushman emas edi. Manbalarda Hamzaning el-yurtiga xiyonat qilgani, xalqimizga ziyon yetkazgani yoki yosh avlod yo‘lini to‘sgani haqida birorta ma’lumot uchramaydi.  

U to‘g‘ridagi haqiqatlar shoirning o‘zi bilan birga ko‘milib ketgani va haligacha to‘la-to‘kis ochilmayotgani hamda turli talqinlarga sabab bo‘layotgani esa Hamzaning aybi emas.  

Agar Hamza 1929 yilda Shohimardonda o‘ldirilmaganida ham u 30-yillar qatag‘onini chetlab o‘tolmas va ko‘plab safdoshlari - jadidlar qatorida otib tashlanishi muqarrar edi.  

Shunday ekan, hozirgi davrga mos yangilanish tamoyillari hayotining ma’nosi va umrining mazmunini belgilangan jadid bobolarimizga haykallar qo‘yilgan manzillarda   Hamzaning muazzam haykali ham qad ko‘taradigan kunlar yaqinligiga ishongim keladi.

Qiyom Nazarov,

falsafa fanlari doktori, professor.