Har bir bolada iqtidor bor, faqat...

Samarqand viloyat "Barkamol avlod" bolalar maktabida "Iqtidoringni namoyon et!" ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Viloyat prokuraturasi, xalq ta’limi va moliya boshqarmalari hamda yoshlar ishlari agentligi viloyat bo‘limi hamkorligida uch bosqich va uch yo‘nalishda tashkil etilgan tanlovda viloyat bo‘yicha 30 ming nafardan ziyod o‘quvchilar qamrab olindi. Ular orasidan 3 741 nafar yigit-qiz saralanib, shahar va tuman bosqichlarida ishtirok etdi. Bu bosqichda g‘olib bo‘lgan 48 nafar o‘quvchi esa tanlovning yakuniy viloyat bosqichida qatnashdi. 

Har bir bolada iqtidor bor, faqat uni namoyon eta bilish kerak, - deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Muharram Hamroyeva. – Bu tanlov boshqalaridan farqli o‘laroq, darslarni yaxshi o‘zlashtirolmaydigan, tarbiyasi og‘ir va maxsus hisobda turadigan o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazildi. Ular “Eng yaxshi kitobxon”, "Buyuk ajdodlarimizning munosib vorisi”, "Yosh huquqshunos” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyon etdilar.

Ishtirokchilar orasidan har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar saralanib, tashkilotchilar tomonidan ularga diplom va qimmatbaho sovg‘alar berildi.

To‘lqin Siddiqov.