“Har bir o‘quvchining o‘z guli bo‘lsin!” aksiyasi doirasida maktablarga 70 mingdan ortiq gul va ularning urug‘lari sovg‘a qilindi

Bir necha yillardan buyon “Samarqandni gulga burkaylik! 1+10” aksiyasi va “Har bir o‘quvchining o‘z guli bo‘lsin!” yosh gulsevarlar harakati doirasida Orif Gulxaniy uy-muzeyi bog‘ida tuvaklarda yetishtirilayotgan xonaki, anvoyi gullar, bog‘ chechaklari va o‘simliklari, ularning urug‘lari viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar, gulsevar insonlarga tuhfa qilib kelinmoqda.

O‘tgan muddat ichida “Yashil makon” tadbirlari asosida “Bog‘i Gulxaniy”da parvarish qilingan 800 mingga yaqin gullar tarqatildi.

Bugun Orif Gulxaniy uy-muzeyi ta’sischisi Muqimjon Oripov Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga maktablariga tarqatish uchun 70 812 dona flora vakillari va ularning urug‘larini sovg‘a qildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, ta’lim sohasi vakillari, shoir va yozuvchilar qatnashdi.

Tadbirda H.To‘xtayev viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning minnatdorlik xatini o‘qib berdi. Unda Muqimjon Oripovning ushbu aksiyasini qo‘llab-quvvatlash va bunday xayrli ishlarda bardavomlik ta’kidlagan.

- “Yashil makon” tadbirlari doirasida bir necha yildan beri Muqimjon aka maktablarga gul ko‘chatlari tarqatyapti, - dedi Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev. – Ushbu uy-muzey bog‘ida yetmishdan ortiq davlatdan keltirilgan yuzdan ortiq gul navlari bor. Biz bugun mana shu tajribani ommalashtirishimiz kerak.
- Men maktabda o‘quvchilarga tabiatni asrab-avaylash, bizga toza kislorod yetkazib beradigan yashil o‘simliklarni sevish, ularni parvarishlash haqida darslar o‘taman, - dedi Samarqand shahar 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabi biologiya fani o‘qituvchisi Feruza Muzrobova. – Maktabimiz gullarga burkangan, bolalar yashil tabiatga do‘stona munosabatda bo‘ladi. Bugungi aksiya doirasi ham chiroyli gullardan olib ketyapmiz. Buning uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman.
Aksiya yoshlar qalbi, ongu shuurida Vatanga, ona tabiatga, gullar va o‘simliklar olamiga mehr-muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otish, o‘zi yashab, o‘qib, ishlab turgan muassasa, maskanlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda gulzorlar barpo etishga havas uyg‘otish maqsadida tashkil etildi.
Xurshida ERNAZAROVA.