"Har bir xonadonda tadbirkorlik qilish imkoniyati bor": Bulung‘urda tadbirkor aholi bilan uchrashib, tajribasini bo‘lishdi
Mehriniso Umrzoqova Bulung‘ur tumanidagi Yangiobod mahalasida yashab, ko‘p yillardan buyon quyonchilik va turizm sohalarida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Faol tadbirkor tumandagi 9-son musiqa va san’at maktabida hudud yoshlari, nuroniylar, tadbirkorlikka qiziquvchilar bilan biznes tarmoqlarning rivojlanishi, faoliyati, kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Aslida quyonchilik bilan har bir oilada shug‘ullanish mumkin, faqat quyon boqishni yaxshi o‘rganish kifoya. Quyon tez ko‘paygani, kam ozuqa talab qilgani, parhez go‘shtiga talab yuqoriligi bois qisqa muddatda yaxshi daromad olish imkoniyati katta. Turizm sohasi esa istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, tadbirkorning fikrlari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi, tajribalari o‘rganiladigan bo‘ldi, deya xabar bermoqda tuman hokimligi axborot xizmati.
- Yaqinda Prezidentimiz bilan Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvda qatnashib, soliq tizimi, bank sohasidagi imkoniyatlardan, umuman tadbirkorlarga qaratayotgan e’tiboridan juda xursand bo‘ldim, - deydi M.Umrzoqova. – Tuman hokimi ham hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. 2022 yilda quyonchilik faoliyatimni kengaytirdim. Mehnatlarim uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim. Tez orada turizm yo‘nalishida ham yangi yo‘nalishlar ochish harakatidaman. Hozir tadbirkorlik yo‘nalishlarimizda 40 dan ortiq ish o‘rni yaratganmiz.