Har bir yigit-qiz kelajagi Prezident e’tiborida
Umr insonga bir marotaba beriladi. Shu umri davomida bilmasdan jinoyat yo‘liga kirgan, so‘ng uni anglab yetib chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan fuqarolar uchun bu juda katta imkoniyat. Tasavvur qiling, 136 nafar fuqaro oilasi, mahallasi bag‘riga qaytdi. 136 xonadonga xursandchilik kirdi.
Yurtboshimiz yil boshidan buyon qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan 993 nafar fuqaro, jumladan, 456 nafar yigit-qiz hamda 113 nafar ayollar yoshlar ittifoqi, mahalla va xotin-qizlar qo‘mitalari kafilligi bilan jazodan ozod qilinganini qayd etdi.
O‘zim guvohiman, endigina 20 yoshga kirib, yo‘ldan adashgan yigitlar yoshlar ittifoqi kafilligi bilan sud zalida jazodan ozod qilindi. Bunday amaliyot hali birorta davlatda yo‘q. Qarang, jamoatchilik unga kafolat bermoqda.
Viloyatimizda ham bunday yoshlarning soni 56 taga yetdi. Ularning deyarli barchasi o‘zlari bilmay jinoyat sodir qilgan yoshlardir.
Ma’ruzada yoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun “Yoshlar - kelajagimiz” dasturi asosida kam foizli kreditlar berilayotgani aytildi. Darhaqiqat, bugungi kunga qadar ushbu dastur asosida samarqandlik 348 nafar yoshlarga qariyb 41 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Buning natijasida 2042 nafar yoshlar doimiy ish bilan ta’minlandi.
Biz jamiyatimizda huquqiy madaniyatni shakllantirmas ekanmiz, huquqbuzarlikka chek qo‘ymas ekanmiz, qonunni buzish holatlari davom etaveradi. Binobarin, qonunlarga hurmat odamlarimizning huquqiy ongi va madaniyati asosida shakllanadi. Ya’ni, ayrim kishilar jazodan qo‘rqib qonunga itoat etsa, boshqalar bolalikda olgan tarbiyasiga ko‘ra qonunni hurmat qiladi.
Shu bois birinchi navbatda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy tarbiyani keng yo‘lga qo‘yishimiz zarur. Buni maktabda ta’lim, oilada tarbiya orqali yoshlarga singdirishimiz talab etiladi.
Rustam QOBILOV,
Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari.