Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi, degan taklifni qo‘llayman

"O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi e’lon qilindi. Loyihani o‘qib, ayrim fikrlarimni bildirishni ma’qul ko‘rlim. 

Loyihada Konstitutsiyaning 27-moddasiga 3-xatboshisiga quyidagi o‘zgartirish kiritilayotgani belgilangan: "...Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hech kim shaxsning uy-joyiga yoki boshqa mol-mulkiga qonunda nazarda tutilganidan boshqacha holda va tartibda kirishga, tintuv o‘tkazishni yoki ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga haqli emas".

Darhaqiqat, Konstitutsiyada fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini daxlsizligini kafolatlash, xususan, “sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi kerak. Imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, buning uchun buzishdan oldin uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya to‘lanishi shart.

Qanchadan-qancha fuqarolarimizni o‘ylantirib kelayotgan masala bo‘yicha juda ham oqilona va adolatli taklif bo‘libdi. O‘zi va oilasi yashab turgan uy-joyidan, kichik vatanidan mahrum bo‘lish qanchalik og‘ir qismat. Hech kimga sir emas, har qanday huquqiy demokratik davlatda biror-bir shaxsning mulki qonun asosida sud qarorisiz olib qo‘yilishi mumkin emas. Olingan taqdirda ham puli to‘liq qoplab berilishi kerak. Konstitutsiyamizda aynan shunday qoidalarni qat’iy muhrlanishi xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, mulkdor huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi yirik siyosiy qadam bo‘ladi. Qolaversa, bu oila va uy-joy tushunchalarni bir-biridan ayro ko‘rolmaydigan xalqimiz uchun quvonchli xabar bo‘ladi, albatta.

Fikrimcha, Asosiy qonunda shuningdek, “yer xususiy mulk bo‘lishi mumkin”ligi aniq belgilanishi lozim.

Konstitutsiyamizda yerga nisbatan xususiy mulkchilikni belgilanishi xaqiqiy o‘rta mulkdorlar qatlamini shakllantirishga xizmat qiladi. O‘z yeriga ega bo‘gan yurtdoshlarimizni manfaatlarini himoya qiluvchi, qo‘llab-quvvalovchi mustahkam huquqiy asos bo‘ladi. Qolaversa, iqtisodiyotimizga investitsiya kiritish istagida bo‘lgan yirik xorijiy investorlarni ham soni, ham ko‘lamini oshiradi.

Zaynab Haydarova,

Narpay tumani “Mehnat rohat” fermer xo‘jaligi boshlig‘i.