Har qanday muammoni hal etishda birinchi galda, soliq to‘lovchining manfaati hisobga olinadi

Mamlakatimizda soliq to‘lovchilarning huquq va manfaatini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar hayotga tatbiq qilinmoqda. Ta’kidlash lozimki, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etiladi.

Keyingi paytlarda yurtdoshlarimizdan soliq nizolarini sudgacha hal qilish amaliyoti xususida tushuncha berish borasida ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Xo‘sh, soliq nizosi nima? Soliq nizosi – soliq to‘lovchilarning yoxud soliq agentlarining, soliq to‘lovchilar vakillarining davlat soliq xizmati organlari qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakati yoki harakatsizligidan noroziligi hisoblanadi.

Soliq kodeksining 230-moddasiga muvofiq, har bir shaxs soliq organlarining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar ushbu shaxsning fikriga ko‘ra, bunday hujjatlar, harakatlar (harakatsizlik) uning huquqlarini buzsa, shikoyat berish huquqiga ega.

Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga yoki idoraviy normativ hujjatlarga muvofiq tuzilgan, soliq organlarining bir yoki bir nechta jismoniy yoki yuridik shaxsga qaratilgan, yuridik ahamiyatga molik muayyan harakatlarni sodir etishga undovchi ko‘rsatmasi mavjud bo‘lgan hujjat soliq organining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjati, deb e’tirof etiladi. Soliq organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi yoki soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, ushbu qaror bo‘yicha soliqlarning va moliyaviy sanksiyalarning undirilgan (to‘langan) summalari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ushbu summalar undirilgan (to‘langan) davrda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan foizlarni inobatga olgan holda qaytarilishi (hisobga olinishi) lozim.

Yangi soliq qonunchiligiga ko‘ra, agar tadbirkor va davlat tashkiloti o‘rtasida soliq to‘lash masalasida nizo kelib chiqqanda, ikki tomonning ham e’tirozi asosli deb topilsa, masala tadbirkor foydasiga hal qilinishi belgilangan. Davlat soliq xizmati organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasida kelib chiqadigan har qanday muammo, e’tiroz va shikoyatlarni sudga oshirib, soliq to‘lovchilarni sarson qilmasdan, avvalo, soliq sohasi xodimlari tomonidan o‘rganilib, aniqlik kiritiladi. Har qanday muammoni hal etishda birinchi galda, soliq to‘lovchilarning manfaati hisobga olinadi.

Baxtiyor HASANOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi.