Harbiy xizmatga chaqiriluvchilar qanday sinovlardan o‘tishi kerak?
“Vatanimning mustaqilligini, uning sarhadlari daxlsizligini va hududiy yaxlitligini, ona xalqimning tinchligi va osoyishtaligini, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini hamda demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat tuzumini so‘nggi nafasimgacha himoya qilishga tantanali ravishda qasamyod qilaman!”.
Bu harbiy xizmatni o‘tashga kirishgan har bir fuqaro tomonidan qabul qilinadigan muqaddas qasamyodning bir parchasi. Uni tantanali o‘qish, yigitlik burchini, Vatan, el oldidagi vazifasini ado etish yurtimizdagi har bir yigitning orzu-maqsadidir. Shu bois ular orasidan eng munosiblarini tanlab olish ham alohida mas’uliyat talab qiladi.
Shu kunlarda yurtimizda 2025 yilgi muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlovdan o‘tkazish tadbiri qizg‘in pallaga kirgan. Joriy yilning 10 fevraliga qadar davom etadigan saralash tadbirlari askar bo‘lish orzusidagi mard o‘g‘lonlar hayotidagi muhim sinov hisoblanadi. Viloyatimizda ham jarayonni yuqori saviyada o‘tishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aytish joizki, o‘tgan vaqtda harbiy xizmatga chaqiriluv tadbirlarida qator islohotlar amalga oshirildi. Misol uchun, ilgari chaqiriluvchilar ro‘yxatini shakllantirish faqat mudofaa ishlari bo‘limlarining zimmasida edi. Joriy chaqiruv mavsumidan ayni mas’uliyatli vazifa mahallalardagi yoshlar yetakchilariga o‘tkazildi. Yangi tartibga ko‘ra, yoshlar yetakchilari o‘z hududidagi yoshlar kontingentiga qarab, 5 nafargacha chaqiruv yoshidagi yigitlarni muddatli harbiy xizmatga jalb qilishi belgilangan.
Barcha chaqiriluvchilar umumjismoniy tayyorgarligini aniqlash sinovlari hamda yakka tartibdagi suhbatdan o‘tadi. Albatta, belgilangan normativlar murakkab emas - turnikda tortilish, 100 metr va 3 ming metr masofaga yugurish. Yakka tartibdagi suhbatda chaqiriluvchilarning mahalla va jamiyat hayotidagi ishtiroki, madaniyati, qiziqishlari, O‘zbekiston tarixi, buyuk sarkardalarimiz va ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga oid bilimlari baholanadi. Yakunda sinov natijalari umumlashtirilib, chaqiriluvchiga tavsiya berilishi yoki rad etilishi mumkin.
Ayrimlar muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi bekor qilindi, degan noto‘g‘ri fikrda. Bu amaliyot bekor bo‘lgani yo‘q. Faqat endi u barcha harbiy xizmatchilarga berilmaydi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, uni xizmat davomida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zarur bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan xarbiy xizmatchilar oladi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar respublikamizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishi ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan balning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi. Respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun esa ular oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.
Burxon Quvvatov,
viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik.